ENG YAXSHI ISH
Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam – payg‘ambarimizning nomlari eslanganda shunday deyiladi. Ma’nosi: U kishiga Allohning salovoti va salomi bo‘lsin!)dan:
— Islomda qaysi ish eng yaxshi sanaladi? — deb so‘rashibdi.
— Ochlarga taom, tanish-notanishlarga salom, — deb javob beribdilar Payg‘ambarimiz (s.a.v.).
ENG YOMON ISH
— Dunyoda eng yomon hamda qutulib ketishning iloji yo‘q ish nima? — deb so‘rashibdi.
— Nohaq qon to‘kilishi, — deb javob beribdilar Payg‘ambarimiz (s.a.v.).
MA’QUL ISH
— Odamlar bir-biri bilan aytishib, san-manga borib qolsa nima bo‘ladi? — deb so‘rashibdi.
— Musulmonlar bir-birlari bilan uch kundan ortiq arazlab, gina saqlab, gaplashmay yurishi mumkin emas.
Shunday paytda ularning qaysi biri avval salomlashgan bo‘lsa, o‘shaning ishi ma’qulroq sanaladi, — deb javob beribdilar Payg‘ambarimiz.
(Ushbu hadislarni bobomiz al-Buxoriy rivoyat qilganlar.)