Anqarada O’zbek madaniyat va san’at markazi ochildi

Turkiya poytaxti Anqara shahrida O’zbek madaniyat va san’at markazi faoliyat boshladi. Ushbu markaz ochilish marosimida O’zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ulfat Qodirov, Turk Ojaklari tashkiloti bosh kotibi Prof.Dr Orhan Kavuncu, Anqaradagi Gazi universiteti rektori Prof.Dr Riza Ayhan, TRT Avaz kanali boshlig’i Adnan Suer va boshqa ko’plab mehmonlar ishtirok etdi.

Mehmonlarga Markaz haqida hamda o’zbek madaniyati va san’ati haqida videolahva namoyish qilindi. Ahmad Yassaviy universiteti qoshidagi Yassaviy san’at jamiyati raqs guruhi oz’larining raqslari bilan mehmonlarni xushnud etgan bo’lsa, Yodgor Mirzajonov hamda Zohirshoh Jo’rayevlar o’zbekona qo’shiqlar ijro etishdi.

O’zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ulfat Qodirov markazning ochilish marosimida

Kecha so’nggida mehmonlarga o’zbek palovidan tortiq etildi.

O’zbek madaniyat va san’at markazi Turkiyada o’qiydigan, ishlaydigan o’zbeklarning tashabbusi bilan tashkil etilgan bo’lib, uning a’zolari orasida O’zbekiston, Qirg’iziston, Afg’oniston, Qozog’iston, Turkmanistonlikdan millatdoshlarimiz bor.

Markaz tariximiz va kelajagimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, navqiron avlod tafakkuri va dunyo qarashini yuksaltirish, yoshlarda fidoyilik, vatanparvarlik, yurt taqdiri uchun daxldorlik kabi ezgu fazilatlarni shakllantirish, tariximizni xolisona o’rganish, millatimiz faxriga aylangan ajdodlarimizning nomini tiklash, xotirasini qadrlash, hayoti va faoliyatini tadqiq etish borasida ibratli ishlar olib borish, madaniyatimiz va ulug’ ajdodlarimizning o’lmas g’oyalari nechog’li dolzarb va hayotbaxsh ekani, millatimiz tarixi, ma’naviyatimizga bo’lgan qiziqishni dunyo miqyosida yana ham orttirish kabi maqsadlarni o’z oldiga qo’ygan.