“Sony” qanday qilib “o‘ldi” (1-qism)

Bir paytlar “dunyodagi eng innovatsion kompaniya” degan nomga sazovor bo‘lgan kompaniya bir necha yillardan beri “hech narsa yaratmay” qo‘ydi va xarajatlar botqog‘idan chiqa olmayapti. Bunga aybdor kim yoki nima? Industrial strategiyami?

Foto: Fotobank / Getty Images

“Sony” qanchalik gigant kompaniya bo‘lganligi hamda uning hayotimizda tutgan o‘rni qanchalik muhim bo‘lganligini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Biroq, shu kompaniya, mana 4 yildirki foyda ko‘rmay qo‘ydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Sony”ning bu yilgi zarari 6,4 milliard dollargacha yetishi mumkin. Uning kapitallashuv darajasi esa bundan o‘n yilgi holatiga qaraganda 4 barobarga kamayib ketdi.

Bundan bir necha yil avval “Sony” yangilik kirituvchi – novator kompaniya bo‘lgan bo‘lib, bozor esa unga qarab harakatlanardi.

Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng “Sony” ishlab chiqargan tranzistorli radiopriyomnik butun dunyoni egallagan edi. Uning ilk asoschilaridan biri – Akio Morita davrida “Sony” haqiqatdan ham o‘zining gullagan davrini boshdan kechirgan. Hozir biz “maishiy elektronika” deb ataydigan sektorning boshida faqat “Sony” turardi. Mana, “Sony” erishgan eng katta yutuqlar:

— “Sony” radiopriyomniklarni yarim o‘tkazgichlar asosida shunday takomillashtirib yubordiki, u sifat borasida lampali apparatlardan o‘tib ketdi. Bu esa, o‘z navbatida, ishonchli va unchalik qimmat bo‘lmagan sifatli ovozni yaratgan edi;

— “Sony” lampali televizorlar o‘rniga yarim o‘tkazgichli televizorni yaratdi – yanada ishonchli, ko‘p funksiyali hamda avvalgilariga qaraganda kamroq energiya iste’mol qiladi.

— “Sony” kompaniyasi “Triniton” formatidagi televizion trubkani ishlab chiqdi, bu esa rang berish sifatini keskin oshirib yubordi.

— “Sony” video-texnologiyalar sohasida doim birinchilardan bo‘lgan. Uning “Betamax” formati “JVC” bozorda yetakchilikni olgunicha dominant bo‘lgan.

— “Sony” tasvirga oluvchi videokameralarni yaratishda birinchi bo‘lgan. Bu bilan u butun dunyoning yarmini havaskor rejissorlarga aylantirib yubordi.

— “Sony” ishlab chiqqan “Walkman” pleyeri musiqa industriyasida inqilob yasadi. Odamlar o‘zlari bilan kompakt-kassetalarni ko‘tarib yurib, xohlagan yerda sevgan musiqalarini tinglash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

— “Sony” video-o‘yinlar bozorini o‘zining “PlayStation” konsoli bilan egalladi.

(davomi bor…)

SHARE