Amerikalik o’zbeklar. Abdulaziz Olgun: “Mustaqillik sharofati bilan 60 yildan so‘ng o‘z akaм bilan uchrashdim…”

Abdulaziz Olgun oilasi bilan. AQSH, New-Jersey shtati.

  Amerikaning Nyu-Jersi shtatida ahil bir oila bor. Oila boshlig‘i, marhum Abdulaziz Olgun, uydagilarning gaplariga qaraganda har doim bolalariga ona Vatan to‘g‘risida erinmay so‘zlab berar ekan. Shundan bo‘lsa kerak, farzandlari vatanlarini mehr va hurmat bilan tilga oladilar. Abdulaziz Olgun o‘zini g‘oyatda baxtli odam deb hisoblardi, 1991-yili O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini eshitganida sevinchi ichiga sig‘magan edi… Bu baxtli damlarni ko‘rishlik nasib qilganidan boshi osmonga yetdi, ammo bunday ne’mat ota-onasiga nasib qilmaganini eslab, ko‘zlariga yosh kelar edi…

1991-yili Abdulaziz aka O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini eshitib, quvonchi ichiga sig’may tezda otlanib, vatani tomon oshiqdi. O‘sha shodiyona kunlari u O‘zbekistonga bir necha marta borib keldi, ota-buvalari yurgan ko‘chalarni, yashab o‘tgan joylarni ziyorat qildi, qarindoshlarini qidirib topdi… Axir, o‘zi bo‘ladimi? O‘z akasi bilan 60 yildan so‘ng diydor ko‘rishsa… Bunday bahtga u faqat O’zbekistonni mustaqillikka erishi tufayli sodir bo’lganini ko’p marta takrorlar edilar… Abdulaziz aka va Tursunoy ayalar muhojiratda olti farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdilar. O‘n besh nevara va to‘rt evaralik piri badavlat odamlardan. Abdulaziz ota 2001-yili bandalikni bajo keltirdi. Bugungi kunda, 80 yoshni qarshilagan Tursunoy aya bolalariga bosh bo‘lib, Abdulaziz akaning chirog‘ini yoqib o‘tiribdi. Hurmatli onaxon vatandan ketganiga 78 yildan oshibdi. Uning hayoti u yerdan ketgan minglarcha o‘zbek oilalalariga juda o‘xshashligi bois, uning xotiralari ko‘p vatandoshlarimizning muhojirlikda, vatandan ayriliqda boshidan o‘tkazgan kunlarini aks ettiradi. Bugungi kunda Amerikada o‘z farzandlari bilan istiqomat qilayotgan mo‘tabar Tursunoy Olgunning xotiralari uning qizi Munavvarxon Yuksel bilan bo‘lib o‘tgan suhbat asosida tayyorlangan.

Onaxonning qizlari Munavvarxonning oila tarixiga qiziqishi

Oila a]zolari bilan. Turkiya, Adana 60-yillarning boshlari.

«Ko‘pchilik do‘stlarim qatori men ham, oilamizning tarixi, o‘tmishimiz va ajdodlarimiz masalasiga ko‘pdan beri qiziqib kelaman», deya so‘z boshadi Munavvarxon. «Bu masalada men rahmatlik otamdan va onajonimdan ancha tarixiy voqealarni eshitganan. Ular ko‘p tarixiy voqealarning shohidi bo‘lishgan. Amerikaga ko‘chib kelganimizda men yetti yashar qizaloq edim. Dadam AQSHga bizdan sal ilgari kelib, ishga joylashib, bizga yashash uchun joy hozirlab qo‘ygan edilar. Bolalik beg‘ubor xayolimda Amerika deganda bizni xuddi ertaklardagi kabi jannatmakon joylar kutib yotibdi, Nyu-Yorkdagi osmono‘par imoratlarning birida uyimiz, shaxsiy haydovchimiz, uy xizmatchilari bo‘ladi… kabi shirin xayollarga cho‘mardim.

Lekin bu yerga kelganimdan so‘ng ko‘p narsaga aqlim yetdi. Amerikada mehnatsiz, harakatsiz hech narsaga erisha olmas ekansiz. Ammo erkin faoliyat yuritmoqchi bo‘lsangiz, barcha shart-sharoit mavjud, sizdan harakat, halollik, ishbilarmonlik va xohish talab qilinadi, xolos. Misol uchun, otam dastlab uch joyda mehnat qilar edilar. Onam ham turli ishlar bilan band edi. Akam ham balog‘at yoshiga yetganidan so‘ng kattalarga o‘xshab ishlay boshladi. Men bilan ukam esa turk tilidan boshqa tilni bilmas, ingliz tilini o‘rganishga kirishgan edik… Bu borada vatandoshlarimiz va Turkiston-Amerika jamiyati bizga katta yordam berdilar. Mana,  o‘ttiz yildirki, biz Nyu-Jersi shtatida tinch, osoyishta yashab kelmoqdamiz, hayotimizdan mamnunmiz. Endi sizlarga onamning xotiralaridan gapirib beray…»

Turkistonni tark etish sabablari

Tursunoy Olgun xotiralaridan. «Biz vatanimizni tashlab ketganimiz yo‘q, undan vaqtincha chiqib ketishga majbur bo‘ldik. Buning sabablari ko‘p. Sovetlar va’da qilgan erkin va hur hayot haqiqatan ham amalda bo‘lganida hech qayoqqa ketmagan bo‘lar edik. Yana, Stalin olib borgan qatag‘on siyosatidan qo‘rqdik, axir u hech kimni ayamadi. Jon saqlash maqsadida, ota-onamiz biz bolajonlarni, shu ishga qo‘l urishga majbur qildilar. Ota-onalarimizning gaplariga qaraganda, odamlarni turli bahonalarni ro‘kach qilib qamashar yoki o‘ldirib yuborishardi, hamma qo‘rquvda edi…

Bolsheviklarning josuslari ko‘cha savdogarlari niqobi ostida o‘rtahol boylarni qidira boshlardilar, qo‘lga tushganlarning uyiga kirib, butun oilasi bilan qirib yoki turmaga tiqishardi. Ularning fikricha, biror narsani sotib olishga qurbi yetadigan, bitta buzog‘i, ot-aravasi, bir-ikkita qo‘y-echkisi borlar, kichikroq ekin yeri borlar ham boy hisoblanib, yo quloq qilinardi yo sovet dushmani deb surgun qilinardi. U yerdagi azobga ko‘pchilik chidamay o‘lib ketar, yo ko‘p yillardan so‘ng mayib bo‘lib qaytardi. O‘sha og‘ir davrda nimagadir chaqimchilik, dushmanlik, bir-birini ko‘ra olmaslik, qo‘shnilarning bir-biri ustidan arz qilishi, o‘ch olish, xizmatchilarning o‘z rahbarlari ustidan ig‘vo va chaqimchiligi avj olgan edi…

Biz hech qachon vatanfurush bo‘lmaganmiz

Bunday vaziyatda vatandan chiqib ketishdan bo‘lak chora yo‘q edi. Shuning uchun bizni «qochoq» yoki «vatanfurush» deyish noto‘g‘ri. Biz vatanimizni hech vaqt sotmaganmiz. Ota-buvalarimiz vatan deb milliy-ozodlik harakatida qatnashganlar, qon to‘kkanlar, ko‘pchiliklari shahid bo‘lganlar… Biz o‘sha odamlarning avlodlarimiz. O‘zbekistondan chiqib ketganlarning yuragida vatan mehri, sog‘inchi, armoni qoldi. Otam bizni konspirativ holatda olib chiqib ketdilar. Biz ketayotib, o‘choqlarga o‘t yoqib, mollarga ko‘p o‘t berib, xullas, qo‘shnilarga hech narsani bildirmay, uy-joylarni shunday tashlab chiqib ketganmiz…

Turkiya, Adana. 50-yillar ohiri.

Musofirlikning ilk azoblari

1933-yili Namangan shahridan ketganimizda men endigina bir yoshga to‘lgan ekanman. Otam, onam, buvim, xolam va 1–2 yoshli ikkita amakivachcham bilan Afg‘oniston chegarasi tomon ketdik. U yerda chegaradan olib o‘tadigan maxsus kishilar bor ekan, ular bizga yordam berishdi. Daryodan faqat kechasi o‘tilar edi. Biz tunda solga chiqdik va Amudaryodan Afg‘oniston tomon suza boshladik. Kuchli to‘lqin oqibatida men va ikki amakivachcham daryoga tushib ketdik. Suvga g‘arq bo‘lishimizga sal qolibdi, shunda onamizning dod-faryodini eshitgan solchilar bizni zo‘rg‘a qutqarib qolishibdi… Shunday qiyinchiliklar bilan biz Afg‘on yeriga o‘tdik. Afg‘onistonda bizni Imom Sohib va Xonobod shaharlariga joylashtirdilar. U yerga bizdan oldinroq kelganlar qo‘llaridan kelgancha yordam berdilar.

1933-yil sovetlar chegarani mustahkamlashgach Afg‘onistonga o‘tish juda qiyin bo‘lib qoldi. Ungacha o‘tib ketganlar «bolshevik zulmidan qutulganimga shukur», deya o‘zlarini yupatishar edi. Lekin oldinda muhojiratda ularni qanday qiyinchiliklar kutib turganidan bexabar edilar…

Abdulaziz Olgunning o‘sha davrdagi hayoti

Abdulaziz Olgun 1926-yili Namanganda tug‘ilgan. 1930-yili onasi va ikki akasi bilan vatanni tark etishga majbur bo‘lgan. Abdulaziz akaning dadasi ulardan bir necha oy oldin Qashqarga ketgan, u kishining ko‘pgina qarindoshlari birin-ketin izsiz yo‘qola boshlagan ekan. Zolimlar qo‘liga tushmasdan avval ular vatanni tark etishga, ko‘p qarindoshlari va qo‘shnilari ham sekin-asta vatandan chiqib ketishga majbur bo‘lganlar.

Abdulaziz akaning 14 yoshga kirgan Qori Muhiddin ismli akasi qandaydir sabab bilan vatandan chiqib ketishga ulgurmagan. U kishiga tuhmat qilib, Ukraina cho‘llariga 15 yilga surgun qilishadi. Surgun muddati tugab, Namanganga qaytib kelsa, na oilasini topadi sho‘rlik, na qarindoshlarini… Ularning qayerdaligini hech kim ayta olmaydi. Taqdirni qarangki, aka- ukalar 60 yildan keyin – O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng bir-birlari bilan uchrashadilar… O‘sha zamonda xalqimiz mana shunday dahshatli kunlarni boshlaridan o‘tkazgan.

Olgun va Ayozlar oilasi. Turkiya, Adana. 1967 yil.

Afg‘onistonda yashagan muhojirlar hayotidan lavha

Afg‘onistonga ko‘chib kelgan o‘zbeklar bu yerda vaqtincha o‘rnashib olish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qiladilar. Mehnatkash elda, biri duradgor, boshqasi oshpaz-nonvoy, yana birov quruvchi, kimdir ziroat bilan mashg‘ul bo‘lgan… Keyinchalik muqim joy topib, biroz puli yoki tillasi borlar ularni sotib, savdo-sotiq, ishbilarmonlik bilan shug‘ullana boshlaydilar. Erkaklar ko‘cha-ko‘yda ish bilan band bo‘lar, ayollar esa chevarlik qilishardi, chopon, do‘ppi va boshqa milliy kiyimlar tayyorlashardi. Ishi yurishib ketganlar yer sotib olishadi, uy-joy qurishadi, turmush izga tusha boshlaydi.

Abdulaziz aka Xonobodda joylashadi. Onasi tikuvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. O‘zi tikkan choponlarni sotuvga qo‘yadi, u vaqtda Afg‘on eli orasida choponga talab katta, ishlari yurishib ketadi. Abdulaziz o‘sha yillari olti yashar bola ekan, sal vaqtdan so‘ng ukasi bilan maktabda o‘qiy boshlaydi. Balog‘atga yetgan akasi onasiga yordam beradi. Keyinroq mazkur biznes yiriklashadi va ularning kichik korxonasida bir necha ayol xizmat qila boshlaydi.

Muhojiratdagi baxtli daqiqalar…

Hayot o‘z yo‘lida ketaveradi, biz Afg‘onistonda o‘sib- ulg‘ayamiz… 1945-yili Abdulaziz akaga unashtirilaman. To‘ydan so‘ng Xonoboddan Kobulga ko‘chib o‘tamiz. Abdulaziz akam ikki yil Afg‘on armiyasida harbiy xizmatda bo‘ladilar. Qaynonam va qaynog‘am shaharda ayollar liboslari do‘konini ochad ilar.

Kobulda turk millatiga mansub Xalil ismli hakim (doktor) bo‘lar, o‘zbeklar orasida uning hurmati katta edi. Ushbu odam sabab bo‘lib, Abdulaziz akamga Turkiyaga ko‘chib o‘tish to‘g‘risida maslahat qila boshlaydi. Afg‘oniston turkistonliklarni o‘z bag‘riga qabul qilganiga qaramay, ular afg‘on muhitiga hech qovusha olmasdilar. Shu sabab bo‘lsa kerak, o‘sha paytga kelib tilimiz va urf-odatlarimiz yaqin bo‘lgan Turkiyaga ko‘chib ketishga and qilamiz.

Turkiya sari yo‘l

Musofirchilik azoblari, yo‘l qiyinchiliklarini anglagan holda hamrohlar tanlashda ham o‘ylab ish tutdik. Biz Mahfiratxon, Inobatxon, Shohgulxon va boshqa menga yaqin bo‘lganlar bilan birgalikda uzoq yo‘l safariga taraddud qila boshladik. Ikki oyga yaqin jazirama issiq kunlarda Kobuldan Karochiga avtobusda bordik. Pokistondan Basra portigacha kemada suzib o‘tdik. Basradan poyezd bilan Bog‘dod orqali Suriyaga va undan so‘ng Turkiyaning Adana shahriga yetib keldik. Bizni karantin muddati o‘tgunicha palatkali lagerlarga joylashtirishdi. Lekin keyinchalik ham ayrim vatandoshlarimiz 1–2 yil o‘sha palatkalarda yashashga majbur bo‘ldilar.

Biz u yerda 2–3 oy yashadik, keyin yomg‘irlar boshlanib ketganligi sababli biz va yana bir qancha oilalar – Shohgulxon, Fozil Sanjar, Muhammad Shoh va boshqalar Adanadagi Resh Pasha hududidagi kvartiralarga ko‘chib o‘tdik.

Tursunoy opa (birinchi qator o’ngda) dugonalari davrasida. USA, New-Jersey. 80-yillar.

Turkiya bizga vatanimizni eslatdi

Biz lagerda qolgan do‘stlarimizdan tez-tez xabar olib, ularni ham uyimizga taklif qilib turar edik. Musofirchilik hammamizni birlashtirgan edi. Lagerdagi vatandoshlarimiz ham hovlida tandir qurib obinon, somsa, tandirkabob kabi milliy taomlarni pishirib, hammani mehmon qilardilar. Musofirchilikning og‘ir qismatini bo‘ynimizga olgan holda, qiyinchiliklarga bardosh berib, baribir qachonlardir kelajakda ona yurtimizga qaytamiz, degan umid bilan yashar edik. Biz birgalikda suhbatlar uyushtirib, gashtaklar, o‘yin-kulgu qilib o‘zbek urf-odatlari, madaniyati va tilini unutmaslikka intilar, vatandan tashqarida tug‘ilgan bolalarimizni ham shu ruhda tarbiyalashga harakat qilar edik. Bugun men o‘sha damlarda bizni qovushtirib, hammaga g‘amxo‘rlik qilgan, odamshavanda, hurmatli onaxonlarimiz Rohatoy ayani, Shafoatxon opani, To‘lg‘anoy ayani va boshqalarni ehtirom ila eslayman.

Shunday qilib biz go‘zal Turkiyada 20 yilga yaqin yashadik. U yerda juda baxtli hayot kechirdik. Biz va bolalarimiz Turkiyada ta’lim oldik, o‘qidik, to‘ylar qildik, xullas Turkiya biz uchun haqli ravishda O‘zbekistondan keyin ikkinchi ona vatan bo‘lib qoldi.

Amerika sari yo‘l

1992 yil, 4-mart. BMT (UN) binosi yonida O’zbekiston Respublikasi bayrog’i o’rnatilgan kun. O’rtada TAA prezidenti Abdulloh Xo’ja. O’ngdan birinchi Abdulaziz Olgun.

1970-yillardan boshlab hamma o‘z iqtisodiy holatini yanada yaxshilash maqsadida Amerika, Avstraliya, Germaniya va boshqa mamlakatlarga ko‘chib keta boshladi. Abdulaziz aka ham 1970-yili AQSHga ketdi, u yerda 5 yil ishlab, AQSH fuqaroligini olib bizni ham olib ketdi. Mana, O‘zbekistondan chiqib ketganimga ham 75 yildan oshibdi. Shu vaqt ichida qancha suvlar oqib ketdi, qancha voqealar bo‘lib o‘tdi…. Ko‘zimga yosh olib, vatan dog‘ida musofirchilikda dunyodan ko‘z yumgan ota-onam va boshqa yaqinlarimni tez-tez eslayman. Muhojiratdagi «Turkiston – Amerika» jamiyatimiz ham, mana, 50 yoshga to‘libdi! Bu jamiyatning biz musofir o‘zbeklar uchun ahamiyati juda katta, u barchamizni birlashtirib, yaxshi-yomon kunlarimizda doimo yonimizda bo‘ldi. Men va menga o‘xshagan onaxonlar doimo ana shu jamiyatni, uning rahbarlari va a’zolarini duo qilamiz. Jamiyatning Doverdagi markaziga kelgan odam o‘zini xuddi o‘z vatanida yurganday his qiladi… Chunki u yerda vatandoshlarimiz, Abdulloh Xo‘jaga o‘xshagan fidoyilarimiz va qo‘li gul ustalar O‘zbekiston muhitini yarata olishdi.

Munavvarxon Olgun-Yukselning Jamiyat to’g’risida mulohazalari

Ota-onamning muhojiratdagi hayot so’qmoqlari juda murkkab va og’ir kechgan., Uch marta davlatdan-davlatga o’tib emigratsiya qiyinchiklarini boshlaridan o’tkazishni o’zi bo’ladimi. Nimaga shunday bo’ldi?  Ota-onalarimizning Turkistonni tark etishlarining sabablari to’g’risida ko’p gapirildi. Afg’oniston to’g’risida gap ketganda uning ham o’ziga yarasha sababalri bor. Avvalambor, biz u erda o’zbek urf-odatlarimizni va ona tilimizni yo’qotishimiz mumkin edi. O’zbek tilining o’ziga hos jozibasi, milliy-madaniy an’analarimizning husussiyatlari faqat o’zimizga ma’lum. Afg’onistondagi mavjud pashtun va boshqa milatlarga aralshib ketish bu nozik odatlarimizni asta-sekin esimizdan chiqarishga olib kelishi shubhasiz edi. Biz uchun albatda eng qulay va tilimizga, kelib chiqishimiz tarihiga yaqin bo’lgan mamakat bu Turkiya bo’lgan edi.

Farzandlarimni o’z ona tillarini unutmasliklarini istayman

Menimcha bizlarning ota-onalarimiz Turkiyaga o’tishib juda to’g’ri ish qilishgan. Turkiyada bizlar o’zigimizni anglashimizga hamma sharoitlar mavjud va biz bundan unumli foydalandik. Bizning ota-onalarimiz milliyligimizni yoqotmaslik uchun ancha ishlarni amalga oshirishdi. Ana endi o’zim ham ona bo’ldim, mening ikki farzandim bor. Farzandlarimni o’zbek tilida gaplashishga o’rgatish, milliy-madaniyatimz, urf-odatlarni yoqotmaslik uchun endi men ma’sul man. Biz bugun shunday mamlakatda yashayabmizki, bu erda yuzlab konfessiyalar, har-hil din, madaniyat, o’zlariga yarasha hos urf-odatlarig ega, turli elat va milatlarni birlashtirgan Amerika deb nomlanuvchi demokratik mamlakatda yashamoqdamiz.

Bunday murrakkab vaziyatda bolalarimzda o’zbeklarga hos asosiy hususiyatlarni saqlab qolish avvalambor biz ota-onalarga bog’liq bo’lib qoldi.  Huddi shunday biz hozirdan nevaralarimiz to’g’risida ham o’ylashimiz kerak. Biz ota-onalarimiz ko’p yilardan beri bizlarning ongimizga singdiragn o’zbekona urf-odatlarimiz, tilimiz, dinimiz va madaniyatimizni keying avlodga etkazishimiz kerakligini unutmasligimiz kerak. Alatda men Amerikani uni jozibador turli milat va elatlardan tashkil topgan jamoasini hurmat qilaman, bolalarimga ham shunday bo’lishlikni o’rgataman. Lekin shu bilan birga bolalarimga o’z ona tilimiz va madaniyatimizni esidan chiqarmaslikni hech vaqt unutmayman. Bu borada menga va boshqa turkistonliklarga Amerikada tashkil topgan Turkistonliklarning Amerikadagi Jamiyatining katta yordamini alohida ta’kidlagan bo’lar edim.

Turkistonliklarning Amerikadagi Jamiyatini men uchun ahamiyati qanday?

Men umuman bu erdagi hayotimni Jamiyatsiz bir lahza ham tassavvur qila olmayman. Buvimiz va onamiz bizlarga har doim o’zbek mahallalari va ularning qo’ni-qo’shnilari bilan qanday inoq yashab bir-birlariga juda yaqin yashaganliklari to’g’risida ko’p gapirganlar. Bizning amerikadagi Jamiyatimiz ham hudi shu an’nalarni davom ettirib hamma turkistonliklarni birlashtirib, tez-tez turli hil “Pikniklar”, “Gashtak”, “Turkiston kechalari” va boshqa shu kabi tadbirlarni o’tkazadi. Hama bir-birlari bilan yaqinlashadi, dardlashadi maslahat qiladi va qolaversa do’ztlashadi. Bolajonlarimiz ham huddi kattalardek bir-birlari bilan inoq bo’lib bolaligidan do’stlashib qadirdonday bo’lib qolishadi.

Bir misol, uch yashar bolam va jiyanlarim Jamiyat nimaligini bilmasada, ammo, “piknik” degan so’zni eshitganda ko’zlari chaqnab ketadi, demak o’rtoqjonlarim bilan yana uchrashar ekanman, degan ma’noda sevinib hursand bo’ladilar…  Jamiyatning aynan shu jihatlari menga juda ma’quldir. Bundan tashqari aynan Jamiyat sizning boshingizga bir kulfat tushsa, janoza marosimlarini yoki to’y bo’lib hursandchilk bo’lsa bu tadbirlarga ham o’zlari bosh-qosh bo’ladilar. Amerikada tuzilgan turkistonliklarning mazkur Jamiyati tom ma’noda juda katta ahamiyatga egadir.

 

Ikki katta madaniyat o’rtasida

Umman olganda bizlar bu erda ikki katta madaniyat oralig’igda, ya’ni Amerika va Turkiston madaniyatlari ta’siri orasida kun kechirmoqdamiz. Bu umuman bir-biridan tubdan farq qiladigan madaniyatlardir. Biz shu mamakatning fuqarolari bo’lganligimiz uchun bu ikki madaniyatga yondoshgan holda hayot kechirishimiz kerak. Bu o’zi-o’zidan bizga katta ma’suliyat yuklaydi, bolalarimiz, qolaversa bo’lajak nabiralarimizga biz qanchalik to’g’ri yo’l ko’rsata olsak shundagina biz o’z madaniyatimizni saqlay olamiz. Bunda biz albatda Amerika turmush tarzini, atrofdagi muhitni hisobga olishimiz zarur deb o’ylayman. Aynan shu pallada bizning Jamiyatimizning nufuzi qanchalik yuqori ekanligiga men amin bo’lmoqdaman. Bir qiyoslab ko’ring, agar musofir yurtda manashunday TAAga o’hshagan Jamiyat bo’laganida bizga o’hahsgan minglarcha o’zbeklarning kuni ne kechar edi? Borib-borib millat o’zligini yo’qotar edi…

Otalarimizga ehtirom

Shukurlar bo’lsin, Turkistonlikarning Amerikadagi Jamiyatini tuzgan uning asoschilari aynan men yoqorida ta’kidlab o’tgan narsalarni hisobga olib, oily maqsadlarni o’ylab, kelajakda tilimiz, dinimiz, milliy-madaniyatimizni, urf-odatlarimizni saqlab qolishni o’ylab ish tutganliklari maqtovga va katta hurmatga sazovarlardir. Ular juda katta savob ish qilib ketdilar. Bugungi kunda Doverda Turkistonlilarning yangi Miliy-madaniy Markazini ochilishi aytgan gaplarimning dalilidir. Bu degani, Abdulloh aka va TAAning boshqa hamma faollari bugungi kunda bundan 50 yil ilgari otalarimiz tamal toshini qo’ygan ishni davomchilari ekanliklarini amalda isbotlashmoqda. Vatan bor ekan, uzoq horijda Turkistonlikrning Jamiyatlari bor ekan, biz hech qachon ona tilimizni, dinimizni, madaniyatimizni va o’zligimizni yoqotmaymiz.

Mavlon Shukurzoda,“Amerikalik o’zbeklar.II kitob”. Dover, NJ. AQSH. 2008-yil 13-dekabr.

SHARE