“Olimpiada-2012”. Bugungi musobaqalar taqvimi

London (Buyuk Britaniya)da o’tkazilayotgan XXX yozgi Olimpiada o’yinlari qizg’in pallaga kirib bormoqda. Bugun musobaqalarning 10 kuni mamlakatimiz sportchilari baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika, yunon-rum kurashi, og’ir atletika va boks bo’yicha bo’lib o’tadigan bahslarda Vatanimiz sharafini himoya qiladilar.   Jumladan, ikki karra jahon chempioni Vadim Menkov Toshkent vaqti bilan soat 13:54da 1000 metr masofaga baydarka va kanoeda eshkak eshish bo’yicha musobaqalarida g’oliblik uchun bahs yuritadi.

Soat 14:45da yengil atletika sport turi dasturidan o’rin olgan yadro uloqtirish musobaqalarida Yelena Smolyanova saralash bosqichidan ishtirokini boshlaydi.  Yunon-rum kurashi bo’yicha 120 kg vazn toifasida Mo’minjon Abdullaev 1/8 finalda AQShlik Deshon Bayer bilan bellashadi. Mazkur bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 17.54ga belgilangan.

Yurtimiz sport muhlislari bugun tunda ham biri-biridan qiziqarli va biz uchun juda katta ahamiyatga ega bo’lgan musobaqalarning shohidi bo’ladilar. Toshkent vaqti bilan soat 23.00da og’ir atlektika bahslarida 2011 yili Parij (Fransiya)da bo’lib o’tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo’lgan Ruslan Nuridinov va qator nufuzli xalqaro musobaqalar g’olib va sovrindori Ivan Yefremovlar 105 kg vazn toifasida “A” guruhida bellashuvlarga kirishadilar. Har ikki sportchimiz ham yosh bo’lishlariga qaramay, so’nggi yillarda yirik xalqaro musobaqalarda sovrindorlar safidan o’rin egallashmoqda. Umid qilamizki, har ikki polvonimiz “Olimpiada-2012” o’yinlarida ham o’zlariga bildirilgan ishonchni a’lo darajada oqlashadi.

Yettinchi avgustga o’tar kechasi soat 01.15da bokschimiz Fazliddin G’oipnazarov (60 kg) chorak final bahsida Janubiy koreyalik Xan Sunchullga qarshi ringga ko’tariladi. Oradan biroz o’tib, ya’ni Toshkent vaqti bilan soat 2:00da yana bir hamyurtimiz, ikki karra jahon chempioni Abbos Atoev (75 kg) hindistonlik Vijender Sinhga qarshi yarim final yo’llanmasi uchun bahs yuritadi.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, agarda har ikki charm qo’lqop ustalarimiz ham chorak final bosqichidan muvaffaqiyatli o’tsalar, “Olimpida-2012” o’yinlarining kamida bronza medallarini naqd qilib qo’yadilar.

Manba: 12news.uz янгиликлар агентлиги.

 

SHARE