“Vatandosh”ning may soni nashrdan chiqdi: Sahifalarga nazar

vatandosh-mayGazetamizning navbatdagi soni ham o’z o’quvchilari qo’liga yetib bordi. Mazkur sondan o’rin olgan muhim maqolalar haqida qisqacha ma’lumot bersak.

Yulduz Usmonova va’dasining ustidan chiqdi

AQShdagi vatandoshlarimiz hayotiga oid joriy oyda yuz berayotgan eng katta voqealardan biri bu, shubhasiz, xalqimizning sevimli xonandasi Yulduz Usmonovaning Nyu-York shahrida berayotgan konsert dasturidir. Yulduz Usmonova o’tgan yili bizga bergan eksklyuziv intervyusida, kelasi yili AQShga kelib konsert berish niyati borligi haqida aytib o’tgan edi va buni sizlarga yetkazgan edik. Mana o’sha kunlar ham yetib keldi. Yulduz Usmonova va’dasining ustidan chiqdi. 19-may kuni O’zbekistonning yulduzi Nyu-York shahrida yana bir bor porlaydi. Gazetamizning muqovasini shu konsert tafsilotiga oid rasm bilan bezadik.

Yana bir jurnal tug’ildi

Amerika va vatanimizni bog’laydigan yana bir muhim voqea bu “The Uzbek Times” ilmiy-ommabop jurnalining chop etilishi bo’ldi. Gazetamizning joriy sonidan shu jurnal haqidagi ma’lumot ham o’rin olgan.

Xorijdagi o’zbeklar

Nashrning 2-3 sahifalarida O’zbekiston hayotiga oid xabarlar berilgan bo’lsa, 4-sahifa AQShda ta’lim markazi ochgan vatandoshlarimizdan biri, ishbilarmon Saidahmad Arislonov haqida hikoya qilinadi.

O’zbekiston va jahon

O’zbekiston jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’ladimi? Muharririmiz Murod G’afurov qalamiga mansub tahliliy maqolada shu savolga javob izlanadi.

Haqiqiy “fidbek”

Xorijda, xususan, internet orqali biznes qiladigan vatandoshlarimiz “feedback” so’zining ma’nosini yaxshi tushunishadi. Sodda qilib aytganda, bu sizning xizmatingiz haqida mijozlaringiz bildirgan fikrlardir. Molimizni sotish uchun yaxshi “fidbek” olish uchun qattiq tirishamiz, ammo bizni abadiy saodat sari eltuvchi amallar uchun “fidbek” olishga harakat qilyapmizmi, deya gazetamizning doimiy mualliflaridan biri, Chikagodagi O’zbek-Amerika jamiyati rahbari Olimjon Sharipov o’quvchini savolga tutadi. Muallif aynan nimaga sha’ma qilayotganini bilishni istasangiz, gazetani o’qing.

Til necha qarich bo’lishi kerak?

Zamonaviy dunyoda muvaffaqiyat qozonishning muhim kalitlaridan biri sergaplik, deyishadi. Bizning sharqona udumda esa kamgaplik maqtaladi. Qaysi biri to’g’ri? Suhbat qurishning odobi, me’yorlari nimada? Mahmud Yo’ldoshev qalamiga mansub “Siz qanday suhbatdoshsiz” maqolasida shu mavzu tahlil qilinadi.

Saxovatpesha o’zbegim

O’zbekistonda muhtojlar ko’ngliga chiroq yoqayotgan “Light of Hope” tashkilotining ortida AQShda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz turibdi. “Light of Hope – Ko’ngillarning umid chirog’i” maqolasida o’zbekistonlik Munira Mahmudova yetakchiligida olib borilayotgan xayrli ishlar haqida hikoya qilinadi.

O’zbekiston matbuotida nima gap?

Xalq nimani o’qiyapti yoki jurnalistlar nimalar haqida qoralashyapti? Gazetamizning 10-sahifasini O’zbekiston matbuoti tahliliga bag’ishladik. O’zbekiston gazetalarini qo’msagan yurtdoshlarimiz shu sahifadan vatan matbuoti nafasini sezsa, ajab emas.

Hordiq

Mashhur futbolchi Krishtianu Ronalduning musulmon bo’lishi ehtimoli haqidagi shov-shuvli xabardan tortib, Ozodbek Nazarbekovni suymaydigan o’zbekistonlik qo’shiqchi va Saida Rametovaning teatrdan haydalishi tafsilotlarigacha bo’lgan ko’ngilochar mavzular 14-betdan o’rin olgan.

Din

Dindor o’quvchilarimizni ham unutib qo’yganimiz yo’q. Qalblarga ruhiy ozuqa olib kirsin, deya 12-betni to’laligicha ma’rifat sahifasiga bag’ishladik. Bu yerda siz londonlik imom hikoyasini, sahoba va tobeinlarning bizga qoldirgan o’gitlarini o’qiysiz.

Boshimni qotirma

Boshqotirma ishqibozlarini 13-betga taklif etamiz. Bu yerda ularni chiziqli sikloskanvord bellashish uchun yeng shimarib kutib turibdi.

Til va Millat

Mish-mishlarga qaraganda, o’z-rus tili degan yangi bir zabon paydo bo’lganmish. Jurnalist Baxtiyor Shohnazarov hatto bu tilga rasmiy maqom berish tarafdori bo’lganlar borligini pisanda qiladi. Bahsga qo’shilishni istasangiz, 15-betda “O’z-rus tilini razvivat qilaylik” degan hajviyani o’qing.

Xullas…

“Vatandosh” gazetasining may oyida chop etilgan asosiy maqolalar mundarijasi shulardan iborat. Gazetamizga hali obuna bo’lmagan bo’lsangiz, xatoingizni to’g’rilash imkoni hali ham bor. Saytimizning “Obuna” sahifasi orqali “Vatandosh”ga obuna bo’ling. Nyu-York atrofida yashasangiz, sevimli nashringizni matbuot peshtaxtalari va do’konlardan ham topishingiz mumkin. Gazetani qo’lga olib o’qiganga nima yetsin, to’g’rimi?

Obuna bo’lishga yoki do’konlardan sotib olishga erinadiganlarni ham quruq qaytarish niyatimiz yo’q. Sizlar uchun gazetaning elektron nusxasini shu yerda joshlashga qaror qildik.

Marhamat, gazetamizni ko’chirib oling va miriqib o’qing: “Vatandosh” gazetasi, 2013-yil may soni