O’zbek maqollarining o’zgacha talqini

book

Til, falsafa va badiiy ijodning o’ziga xos hodisasi sifatida yuzaga kelgan xalq maqollari folklorning ixcham shakl, ammo teran mazmunga ega bo’lgan bir janridir. Har biri tilimiz ko’rkini, nutqimiz nafosatini, aql-farosat va tafakkurimiz mantiqini hayratomuz bir qudrat bilan namoyish etgan va eta oladigan bunday badiiyat qatralari xalqimizning ko’p asrlik hayotiy tajribalari va maishiy turmush tarzining bamisoli bir oynasidir. Bu badiiy oynada  uning hayotga, tabiatga, inson, oila va jamiyatga munosabati, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-estetik va falsafiy qarashlari, qisqasi, O’zi va O’zligi to’la namoyon bo’ladi. Shuning uchun ham maqollar g’oyatda keng tarqalgan bo’lib, asrlar davomida jonli so’zlashuv va o’zaro nutqiy munosabatlarda, badiiy, tarixiy va ilmiy asarlarda, siyosiy va publitsistik adabiyotda doimiy ravishda qo’llanilib kelgan va qo’llanmoqda.

Quyida o’zbek xalqi orasida qo’llanilish doirasi keng bo’lgan ayrim maqollarning turk va ingliz tillaridagi talqinini keltirib o’tamiz:

  • Masalan, o’zbek xalqi orasida “Bir kun tuz totgan joyga qirq kun salom ber” maqoli ko’p qo’llaniladi. Bu maqol orqali inson yaxshilik ko’rgan yerini , odamini aslo unutmasligi, unga sira ham yomonlikni ravo ko’rmay, hamisha hurmat qilishi  kerakligi uqtiriladi. Ushbu maqolning turk tilidagi muqobili: “Bir fincan kahvenin kırk yıl hatırı vardır”. Ingliz tilidagi: “Don’t look a gift horse in the mouth” maqoli bilan mos keladi.
  • “Nima eksang shuni o’rasan”, “Har kim ekkanin o’rar”,“Salomga yarasha alik bo’ladi”, “Musht ursang, shapaloq kut” kabilar xalq tilida keng iste’molda bo’lgan maqollar hisoblanadi. Agar birovlarga yaxshilik qilsang , boshqalardan ham yaxshilik ko’rasan. Boshingga biror falokat keldimi, sababini o’zingdan qidir. Yomonlik qilib, aslo yaxshilik kutma. Mazkur maqol turk tilidagi: “Çanağa ne doğrarsan, kaşığa o ҫıkar”,“Ne ekersen onu biҫersin”, ingliz tilidagi: “As you sow, so shall you reap”, “Do to others as you would have them do to you”, “Give as good as one gets” maqollariga to’g’ri keladi. 
  • “Sutdan og’zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi”. Bu maqol ehtiyotsizlik yo noshudlik bilan bir ish qilib qo’yib, pand yeb qolgan yo ziyon-zahmat ko’rgan, keyin har bir ishda nihoyatda ehtiyotkorlik qiladigan odamning holatini ifoda etadi va shunday odamlarga nisbatan ishlatiladi. Turk  va ingliz tillaridagi ekvivalentlari: “Sȕtten ağzɩ yanan, yoğurdu ȕfleyerek içer”, “A burnt child dreads the fire”.
  • “O’zingga ehtiyot bo’l, qo’shningni o’g’ri tutma”. Kishi har bir narsasini avvalo o’zi ehtiyot qilishi lozim. Biror narsani yo’qotib qo’ysa, yo qo’ygan joyidan topa olmay , boshqa birovdan ko’rsa, bu tuhmat unga og’ir botadi va oraga sovuqchilik tushadi. Maqolning turk va ingliz tillaridagi muqobillari: “Malɩnɩ iyi sakla, komșunu hɩrsɩz etme”, “An open door may tempt a saint”.
  • “Echkining ajali yetsa, qassobni suzadi”, “Ilonning o’lgisi kelsa, izda yotar”, “O’lgisi kelgan sichqon mushuk bilan olishibdi”, “O’t bilan o’ynashgan yonar”, “Yotgan ilonning boshini qo’zg’atma”. Jamiyat uchun muqaddas hisoblangan, mavjud o’rnatilgan qoidalarni, an’analarni buzgan, ularni bulg’agan kishi jamiyatdan chetlanib qoladi. Inson har bir xatti-harakatini o’ylab qilishi kerak. aks holda qilgan ishi o’zining boshini yeyishi mumkinligi mazkur maqol orqali uqtiriladi. Bu maqol turk tilida “Eceli gelen kӧpek, cami avlusuna(duvarına) işer”, “Uyuyan yɩlanɩn kuyruğuna basma”, ingliz tilida esa, “Let sleeping dogs lie”, “Don’t play with fire” maqollari orqali ifodalanadi.
  • “Birovga choh qazisang, o’zing tushasan”, “Yoqma – pisharsan, qazima – tusharsan”. Boshqasiga zarar berish maqsadida tuzoq hozirlagan odam bu tuzoqqa, avvalo, o’zi tushadi. Ya’ni inson birovga yomonlikni ravo ko’rsa, unga o’zi giriftor bo’ladi. Turk va ingliz tillaridagi ekvivalentlari: “El iҫin kuyu kazan, evvelȃ kendi düşer”, “Ava giden avlanɩr”, “Curses, like chickens, come home to roost”.
  • “Ikki kemaning boshini tutgan g’arq bo’ladi”, “Ikki quyonni quvlagan birini ham tutolmas”. Bu maqol: “Birdaniga katta manfaat ko’rish niyatida biryo’la ikki ishning ketiga tushma. Bunday qilsang, ikkalasining ham uddasidan chiqa olmaysan”, degan ma’noda qo’llaniladi. Turk va ingliz tillaridagi: “İki gemiye birden ayak basan suyun dibine dȕșer”, “If you run after two hares, you will catch neither”, yoki “Between two stools you fall to the ground” maqollari bilan mos keladi.
  •  “Gulning tikoni ham bor”, “Guruch kurmaksiz bo’lmaydi”, “Odamning olasi ichida”. Har bir kishi o’ziga yarasha kamchilikka ega bo’ladi. Inson doimo bir xil bo’lavermaydi.Yaxshi insonning yomon tomoni ham bo’ladi. Bir inson har doim boshqasiga yaxshilik qilsa, uning yomonlik qilishi mumkinligini ham unutmaslik kerak. Turk tilidagi muqobili:Ağzı bal yapan arının kuyruğunda iğnesi vardır”. Ingliz tilida: “Everyone’s faults are not written in their foreheads”, “There is no garden without its weeds” maqollari orqali ifodalanadi.
  • “Burgaga achchiq qilib, ko’rpaga o’t qo’yma”. Bu maqol ziyon-zahmat yetkazuvchi arzimagan narsani yo’qotaman deb, ko’p narsadan ajrab qolmaslikka, arzimagan narsani deb, yaqin kishilarni qattiq xafa qilmaslikka, ulardan yuz o’girmaslikka da’vat etadi. Mazkur maqol turk tilida ham ayni shu shaklda ishlatiladi: “Pireye kɩzarak yorgan yakma”. Ingliz tilidagi tahminan shu maqolga to’g’ri keladi: “Burn not your house to fright the mouse away”. 
  • “Yuzta “siz-biz”dan bitta “jiz-biz” yaxshi”. Mazkur maqol: “Uyingga kelgan mehmonga quruq mulozamatlar qilguncha, oldiga topgan-tutganingni, noz-ne’matingni qo’yib, ko’nglini ovla”, degan ma’noda ishlatiladi. Turk va ingliz tillaridagi: “Kuru laf karɩn doyurmaz”, “Actions speak louder than words”    maqollariga to’g’ri keladi.
  • “Qozonga yaqinlashsang qorasi, yomonga yaqinlashsang balosi yuqar”.  Bu bilan qo’lidan faqatgina yomon ish keladigan, yoki yomon fe’l-atvorga ega bo’lgan inson bilan do’st tutingan odamga ham yomon hislatlar o’tadi. U ham yomon do’sti kabi bo’lib qoladi deyilmoqda. Turk va ingliz tillaridagi muqobillari: “Kӧrle yatan şaşı kalkar” ,“ İtle yatan bitle kalkar”. “He that touches pitch shall be defiled”.
  •  “O’zimdan chiqqan baloga, qayga boray da’voga”. Bir inson ba’zan o’z yaqinlaridan, jigarlaridan yomonlik ko’rganida mazkur maqol qo’llaniladi. Turk va ingliz tillaridagi ekvivalentlari: “Ağaca balta vurmuşlar sapı bedenimden demiş”. “The evils we bring on  ourselves are the hardest to bear”.
  • “Pichoqni oldin o’zingga ur, og’rimasa birovga”. Ya’ni kishi birovga biror-bir yomonlik qilishdan avval uning o’rniga o’zini qo’yib ko’rishi kerak. Boshqalarga zinhor yomonlikni ravo ko’rmasligi darkor.  Bu maqol turk tilidagi: “İğneyi kendine, ҫuvaldızı başkasına batır “, ingliz tilidagi “Do as you would be done by” maqollari bilan mos keladi.
  • “Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi”. Bu maqol orqali yomonlikni, yolg’on gapni, o’g’irlikni, xiyonat, jinoyatni har qancha yashirgan bilan bir kun oshkora bo’lmay qolmasligi uqtiriladi. Turk tilidagi muqobili: “Ağaran baș, ağlayan gȍz gizlenmez”. Ingliz tilidagi muqobili: “Fire that’s closest kept burns most of all”.
  • “Bir balosi bo’lmasa, shudgorda quyruq na qilur?”. Bu maqol tulkining tilidan aytilgan. Tulki yog’ga o’ch bo’ladi. O’tmishda ovchilar uni tutish uchun qopqonni tuproqqa ko’mib, ustiga bir parcha dumba yog’i qo’yib qo’yardilar. Tulki  uni yeyman deb kelib, qopqonga ilinardi. Mazkur maqol shuning natijasida yuzaga kelgan bo’lib, majoziy ma’noda odamlarni xushyor, ehtiyotkor bo’lishga undaydi. Turk tilidagi tahminan shu maqol bilan mos keladi:“Dibi gȍrȕnmeyen sudan geçme”. Ingliz tilidagi muqobili: “The bait hides the hook”.
  • “Ko’za kunda sinmaydi, kunida sinadi”. Bu maqolni “Ha, hech kim ko’rmayapti-ku, bilmayapti-ku, deb o’ylab, osongina, mo’maygina boylik, manfaat orttirish yo’lida xufiyona ishlarni qilib yurgan odam bir kun bo’lmasa, bir kun qo’lga tushishi, yashirincha qilib yurgan ishlari fosh etilishi, sharmanda bo’lishi muqarrar”, degan ma’noda qo’llaydilar. Turk tilidagi ekvivalenti:“Bir sɩçrarsan çekirge, iki  sɩçrarsan çekirge, ȕçȕncȕde ele geçersin çekirge”.
  • “Qars ikki qo’ldan chiqadi”. Ikki kishi urishib, janjallashib qolsa: “Ayb faqat unda yo bunda emas, har ikkisida ham bor. Bo’lmasa, bunaqa kelishmovchilik, urush, janjal chiqmasdi”, degan ma’noda shu maqolni aytadilar. Shuningdek, do’stlik bir tomonlama qaror topmaydi, bir tomonlama munosabat uzoqqa bormaydi kabi ma’nolarda ham qo’llaniladi. Turk va ingliz tillaridagi muqobillari: “Baș bașa vermeyince taș yerinden kalkmaz”. “Courtesy on one side only lasts not long”, “Friendship cannot stand always on one side”.
  • “O’ng qo’ling bersin, chap qo’ling bilmasin”. Yaxshilik qilsang, yashir. Kimgadir yaxshilik qildingmi, uni boshqalarga oshkor qilma, hatto o’ziga ham bildirma. Shunda chinakam yaxshilik qilgan bo’lasan. Ushbu maqolning turk va ingliz tillarida ham ayni ko’rinishdagi ekvivalentlari mavjud: “Sağ elinin verdiğini sol elin gӧrmesin”. “Don’t let your right hand know, what your left hand is doing”.

Maqollar ko’p asrlik hayotiy tajribalar, doimiy kundalik kuzatishlar xulosasini tugal fikr tarzida qat’iy qutbiylikda ifodalar ekan, ularda har bir so’zning ma’no xilma-xilligi, iboralarning turg’unligi, shakliy barqarorlik ustunlik qiladi. Ammo qo’llanish o’rniga qarab ularning ma’no doirasi doimiy ravishda kengayib boradi. Shuning uchun ham maqoldagi har bir so’zga alohida  e’tibor berish kerak. Maqollar so’zlarning ma’no imkoniyatlari naqadar kengligini ko’rsatadi.

 

Muhpida TADJIBAYEVA,

Toshkent davlat sharqshunoslik institute talabasi.