Durov Telegram reklama platformasi qanday ishlashini tushuntirib berdi

Telegram endi “homiylik xabarlari” orqali reklamalarni yo’lga qo’yadi”, – dedi messenjer asoschisi Pavel Durov o’zining telegram kanalida.

Reklamalar 1000 dan ortiq obunachilarga ega bo’lgan ommaviy kanallarga qo’yiladi va 160 belgi bilan cheklangan bo’ladi.

Reklama, ya’ni “homiylik xabarlari” faqat ular ko’rsatiladigan ommaviy kanallar mavzulariga muvofiq bo’ladi.

Reklama beruvchilar o’z e’lonlari ko’rsatiladigan kanallarning tili va taxminiy mavzusini tanlashlari mumkin bo’ladi.

Durovning so’zlariga ko’ra, ko’pchilik foydalanuvchilar reklama berilayotganini deyarli sezmaydilar. Buning sabablaridan biri Telegram shaxsiy chatlar, shaxsiy suhbatlar yoki guruhlarda reklama ko’rsatmasligidir. Ular faqat katta auditoriyaga ega kanallarga ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, reklamalarni ko’rsatish uchun abonentlarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanilmaydi. “Messenjer foydalanuvchilarining shaxsiy daxlsizligi birinchi o’rinda turadi”, – dedi Telegram asoschisi.