PayPal Pinterestni sotib olishga qaror qildi

PayPal Pinterestni sotib olmoqchi. Tomonlar har bir aksiya uchun taxminiy 70 dollar narxga kelishib olishgan. Natijada Pinterest aksiyalari narxi o’rtacha 15 foizga qimmatlashgan.

PayPal endilikda Pinterest xizmatini o’rganib chiqmoqda va uni 45 milliard dollarga sotib olishni rejalashtirmoqda. Hozirda Pinterestning bitta aksiyasi taxminan 62,2 dollar turadi, kechagina bu narx 55 dollarni tashkil etgan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, PayPal Pinterest uchun juda qiyin vaziyatda uni sotib olishga qiziqib qolgan. Pinterest shu oyda uning dizayn va mahsulot sotuvlarini nazorat qilgan asoschilaridan biri Evan Sharp iste’foga chiqishini e’lon qildi. Sobiq xodimlar uni kompaniyadagi ayollarni kamsitishda ayblashgan.

PayPal Pinterestni sotib olish orqali o’z oldiga dunyodagi navbatdagi “super ilova” bo’lishni, Xitoyning Alipay yoki WeChat ilovalariga o’xshash tarzda barcha xaridlar va moliyaviy operatsiyalar uchun yagona platformaga aylanishni maqsad qilib qo’ydi.

Shu tufayli kompaniya o’z auditoriyasi sonini ko’paytirmoqchi. 2025 yilga kelib PayPal 300 million nafar yangi foydalanuvchilarni jalb qilishni rejalashtirgan.