Amerikaliklar 43 yildan so‘ng oqlangan shaxsga million dollardan ortiq xayriya qildi

Sudya 43 yilini panjara ortida o‘tkazgan shaxsning uch kishining qotilligi bo‘yicha hukmini bekor qilgandan so’ng amerikaliklar u uchun 1 million dollardan ko‘proq pul yig‘ishdi.

Missuri shtatidan tovon puli olmaydigan va asosiy yashash xarajatlari uchun yordamga muhtoj bo’lgan Kevin Striklend uchun onlayn mablag’ yig’ish boshlandi.

Shtat faqat DNK dalillari orqali oqlanganlarga to’lovlarni amalga oshirishga ruxsat beradi, 62 yoshli Striklend ishida bunday bo’lmagan.

Missuri apellyatsiya sudi sudyasi Jeyms Uelch seshanba kuni Striklendni ozodlikka chiqarishni buyurdi va uni ayblash uchun ishlatilgan dalillarni bekor qilingan yoki rad etilgan deb topdi.

Juma kuni tushdan keyin mablag’ yig’ish orqali 1,1 million dollar yig’ildi va xayr-ehsonlar hali ham kelib tushmoqda.

Striklend har doim uyda televizor tomosha qilganini va 18 yoshida 1978 yildagi qotilliklarga hech qanday aloqasi yo’qligini ta’kidlagan.

U qamoqdan chiqayotib, “43 yil davomida mana shu sinovda qo‘limdan ushlab olgan Xudoga shukur” dedi.