Amir Temur imperiyasi tarixiga bag`ishlangan yangi asar

Jahonda Sohibqiron Amir Temur davri tarixiga oid minglab asarlar yozilgan. Ularning har biri ushbu ulug` siymo buyukligining qaysidir qirrasini yoritishga xizmat qiladi.

Sohibqiron Amir Temur faoliyatini o`rgangan olimlar adolatli davlat siyosatining moxiyatini, uning yuksalish va tanazzuli bilan bog`lik voqeliklarni tarixiy, xukukiy va badiiy manbalar asosida yoritib berishgan. Bugun shubhasiz aytishimiz mumkinki, bu borada salmoqli adabiyotlarga egamiz. Bunda tarixchi va adiblarimizning xizmatlari katta. Ayniksa, mustaqillik yillarida Amir Temur faoliyati va milliy davlatchiligimiz rivoji bilan bog`liq ko`plab asarlar yaratildi, qudratli davlat tarixi, unga asos solgan ulug` bir siymo hayotining murakkab va sharafli ziddiyatlari ochib berildi. Ular Amir Temurning g`olibona yurishlari va sarkardalik mahorati to`g`risida ob’ektiv xulosalar chiqarish imkonini bermoqda.

Siyosatshunos, jamiyatshunos va faylasuf olim To`lqin Alimardonovning yaqinda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan “Amir Temur imperiyasi” monografiyasi ana shunday asarlardan o`zining siyosiy-falsafiy tahlil va talqinlari bilan farqlanadi. Ma’lumki, Sohibqironning fenomenal jihatlarini yoritish, uning siyosiy faoliyatining butun mohiyatini ochib bera olish har qanday muallifdan keng miqyosli va yangicha yondoshuvli tadqiqotni talab etadi. O`zbek davlatchiligi tarixidagi saltanatchilik bosqichi – Amir Temur davri hokimiyat faoliyatining falsafasi, boshkaruv konsepsiyasini chuqur tadqiq etish ham bugungi kun uchun muhim vazifa hisoblanadi. Ayni shu jarayonda mazkur kitobdagi siyosiy-falsafiy talqinlar mohiyatga yetishda “ochqich” vazifasini bajaradi.

Mazkur kitob Amir Temur imperiyasining ijtimoiy-siyosiy va diniy-madaniy asoslarini o`rganishga qaratilgan. Unda turkiy xalqlar imperiyasining mohiyati, madaniy merosi, Sohibqironning davlat va hokimiyat boshqaruvi tartibotlari, saltanat idorasi amallari, siyosiy manfaatlar mutanosibligi, hukukiy munosabatlar, din va hokimiyat muvozanati, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg`unligini yoritishga alohida e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, siyosiy hokimiyatni shakllantirish konsepsiyasi, adolat tamoyillari, davlat xizmatchilarining maqomi, Yevroosiyo mintaqasida olib borilgan siyosiy amaliyoti, sarkardaning harbiy mahorati va buyuk shaxs siymosining bashariyat tarixidagi tutgan o`rni siyosat falsafasi nuqtai nazaridan talqin etilgan.

Ushbu kitob davlat xizmatchilari, siyosiy partiya rahbarlari, olim va tadqiqotchilar, davlat boshqaruvi yo`nalishida izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar va keng kitobxonlar ommasiga mo`ljallangan.