BMT Afg`onistonning moliyaviy tizimi qulashi haqida ogohlantirmoqda

Dushanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg`onistonni banklarni mustahkamlash uchun zudlik bilan chora ko`rishga chaqirib, moliyaviy tizim inqirozga uchrashi haqida ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, dushanba kuni BMT Afg`onistonning moliya-bank tizimiga oid hisobotini e`lon qilgan va unda bu tizimlarning barbod bo`lishi oqibatlari “katta aks ta’sir” berishi qayd etilgan.

Tashkilotning ta’kidlashicha, bank tizimining yakuniy qulashi inqirozga olib keladi va bu inqirozdan mamlakat o`nlab yillar davomida chiqa olmaydi. Shu bilan birga, BMT Tolibon pullardan foydalana olmaydigan afg`on bank tizimini qo`llab-quvvatlash yo`lini topish zarurligini ta’kidladi.

Hisobotga ko`ra, hukumat siyosatini zudlik bilan o`zgartirishi kerak, chunki, Afg`oniston XVF va Jahon banki yordamigina moliya tizimini saqlab qolishi mumkin.

OAVning qayd etishicha, mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz Tolibon tomonidan hokimiyatning egallanib olinishi va “g`arbparast” rejim qulashi natijasida xorijdan moliyaviy yordamlar to`xtatilganidan keyin boshlangan. Buning oqibatida inflyatsiya darajasi keskin o`sgan va aholining kreditlarni to`lash qobiliyati pasayib ketgan. Shuningdek, BMT hisobotiga ko`ra, mamlakat yil oxirigacha depozitlarning 40 foiziga yaqinini ishlatib bo`ladi. Bundan tashqari, mamlakatda naqd pul yetishmayapti.