“Garage Screen film Festival” va “Samarkand Half Marathon 2021” qo’shma dasturi

 Har yili MDH davlatlari hamda Rossiya shaharlari bo’ylab, keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim etilmagan dolzarb kinokartinalarni namoyish etish maqsadida “Garaj” zamonaviy san’at muzeyi tomonidan “Garage Screen Film Festival”i o’tkazilib kelinadi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg`armasining Telegram kanalida berilgan ma’lumotga ko’ra, ushbu festival joriy yilning 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida joylashgan “139 Documentary Center” markazida madaniyat va san’atni rivojlantirish Jamg’armasi ko’magida bo’lib o’tadi. Bu yilgi festival dasturi inklyuziya axloqi va siyosati mavzusiga bag’ishlangan bo’lib, u turli xil hayot qiyinchiliklariga ega bo’lgan insonlar uchun jamiyatda teng shart – sharoitlarni yaratishga qaratilgan amaliyotdir.

Bu yilgi “Garage Screen Film festival”ida namoyish etiladigan kinofilmlar “Samarkand Half Marathon”ning ta’lim va inklyuziv dasturi bir qismi hisoblanadi. Filmlar namoyishi bilan bir qatorda, mashhur kino tanqidchisi Mixail Zaxarovning “Marginallardan vizionerlarga qadar: Amerika-Osiyo kinosi tarixi” mavzusidagi ma’ruzasi ham festival doirasida taqdim etiladi.