MEMORANDUM: Energetika sohasida ilmiy-innovatsion izlanishlar ishlab chiqarish jarayoniga keng jalb etiladi

Joriy yilning 22 noyabr kuni o`z ishini boshlagan “InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g`oyalar haftaligi doirasida bir qator tadbirlar bo`lib o`tmoqda.

Ulardan biri “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Toshkent davlat texnika universiteti o`rtasida ilmiy-innovatsion izlanishlarni ishlab chiqarish jarayoniga keng jalb etish bo`yicha hamkorlik memorandumi imzolash marosimidir.

Imzolangan memorandumga asosan Toshkent davlat texnika universitetida 2022-2026 yillar davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalari uchun zamonaviy bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash hamda kadrlar malakasini oshirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hamkorlik samarasida “Sirdaryo IES” AJda “Nasos agregatlari yuritmalariga chastota o`zgartirgich qurilmasini o`rnatish” loyihasi amalga oshirildi. Loyihani amalga oshirish natijasida elektr energiyasining o`z ehtiyojlariga sarfini sezilarli kamaytirishga erishildi.

Shuningdek, “To`raqo`rg`on IES” UKda “Bug`-gaz qurilmalarida havoni tozalash va sovutish hisobiga samaradorlikni oshirish” loyihasi ustida olib borilayotgan ishlar har ikki tashkilotning hamkorliklari bilan bog`liqdir.

Eslatib o`tamiz, “InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g`oyalar haftaligida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ elektr stansiyalarni rivojlantirish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, energosamarador texnologiyalarni joriy etish bo`yicha mahalliy ilmiy hamjamiyatlar bilan izlanishlar olib borish borasida loyihalari bilan ishtirok etmoqda.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O`zA