Messi yettinchi marta “Oltin to`p”ni qo`lga kiritdi

“PSJ” klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Fransiyaning France Football jurnali tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan “Oltin to`p”ni yettinchi bor qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rinni Polsha terma jamoasi sardori, Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi Robert Levandovski egalladi.

Messi sovrinni jamoadoshlariga bag`ishladi. “Oltin to`p”ni yettinchi marta qo`lga kiritgan Messi o`z rekordini yangiladi va beshta “Oltin to`p”ga ega bo`lgan Krishtianu Ronaldudan o`zib ketdi.

Tadbir bo`lib o`tgan Parijdagi “Shatl” teatrida so`zga chiqar ekan, Messi Robert Levandovskiga murojaat qildi. “Robertga aytmoqchimanki, u bilan “Oltin to`p” uchun kurashish men uchun Sharaf bo`ldi. U o`tgan yili g`alaba qozonishga loyiq edi”, – dedi Messi. 2020 yilda “Oltin to`p”lar koronavirus pandemiyasi tufayli berilmagan.

O`tgan mavsumda 29 ta o`yinda 41 ta gol urgan va “Bavariya” tarkibida Germaniya Superkubogini qo`lga kiritgan polshalik o`yinchiga birinchi o`rinni olish uchun atigi 33 ball kamlik qildi. U yilning eng yaxshi hujumchisi mukofotini qo`lga kiritdi.

Ayollar o`rtasidagi “Oltin to`p” sohibasi Ispaniya terma jamoasi a’zosi va “Barselona”da to`p suradigan futbolchi Aleksiya Putellas bo`ldi.