National Geographic jurnali muqovasidagi “Afg`on qizi” Italiyaga evakuatsiya qilindi

1985-yil iyun oyida Amerikaning National Geographic jurnali muqovasida surati chiqqan afg`on qizi Sharbat Gula qochqinlarga yordam dasturi doirasida o`z vatanidan boshqa vatandoshlari bilan birga Italiyaga evakuatsiya qilingan. Bu haqida Associated Press xabar berdi.

Italiya bosh vaziri saytida taʼkidlanganidek, ayol jahon hamjamiyati va notijorat tashkilotlari, jumladan afg`on tashkilotlari iltimosiga ko`ra evakuatsiya qilingan. Endi rasmiylar uning Italiya jamiyatiga integratsiyalashuviga yordam berishadi.

Mashhur surat 1984 yilda Gula 12 yoshda bo`lganida Afg`oniston-Pokiston chegarasidagi qochqinlar lagerida Stiv Makkarri tomonidan olingan. Suratga olish paytida u Gulaning ismini yozib olmagan. Stiv keyinroq, 2002 yilda uni qayta topishga muvaffaq bo`lgan.

2014-yilgacha ayol Pokistonda yashagan, biroq mahalliy huquq-tartibot idoralari uni soxta Pokiston pasportini sotib olganlikda ayblaganidan keyin vataniga qaytishga majbur bo`lgan. Keyin afg`on rasmiylari uni Kobulga olib ketishgan va mamlakat prezidenti unga yangi xonadon kalitlarini topshirgan.