O`zbekiston mahsulotlari Buyuk Britaniyada imtiyozli asoslarda sotiladigan bo`ldi

2021 yil 25 oktyabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumatining rasmiy veb-saytida xalqaro savdo bo`yicha Davlat kotibining O`zbekiston Respublikasini Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasi (“GSP Enhanced framework”) ga qo`shish to`g`risida qaror qabul qilingani haqidagi xabari chop etildi.

Bu haqida O`zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Buyuk Britaniyaning O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasi, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida poytaxtimizda o`tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi. Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo`yicha savdo komissari, Istanbul shahridagi Buyuk Britaniya Bosh konsuli K.Poleo, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisining o`rinbosari S.Anderson, shuningdek Buyuk Britaniyaning GSP bo`yicha mutaxassisi F.Xartvell so`zga chiqdi.

O`zbekiston dunyoda birinchi bo`lib ushbu maqomga ega bo`lgan mamlakatga aylangani alohida taʼkidlandi. Mazkur qaror O`zbekiston tomonidan joriy yilning aprel oyida kiritilgan murojaatini ko`rib chiqish natijalari asosida qabul qilindi.

Buyuk Britaniya YEIdan chiqishidan keyin rivojlanayotgan mamlakatlar uchun o`zining joriy etgan “GSP Enhanced Framework” tizimining “Kengaytirilgan sxemasi”ga muvofiq uchinchi davlatlardan import qilinadigan tovarlarga YEIning “GSP+” tizimiga o`xshash imtiyozlarni qo`llaydi.

Ushbu qaror qabul qilinishidan oldin Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Xalqaro savdo vazirligi o`rtasida bir qator maslahatlashuvlar bo`lib o`tdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari Buyuk Britaniyaning “GSP Enhanced framework” tizimi bo`yicha o`zbek tovarlariga imtiyozlar 2021 yil 1 noyabrdan boshlab qo`llanilayotganligini taʼkidladilar.

Yaqin kelajakda O`zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini yangi tizimning afzalliklari, shuningdek, qabul qilingan imtiyozlardan foydalanish mexanizmlari bilan tanishtirish bo`yicha tadbirlar tashkil etiladi.

O`zbekiston hukumati tomonidan ilgari ratifikatsiya qilingan hamda GSP EF benefitsiar maqomini olish shartlaridan biri bo`lgan atrof-muhit, inson huquqlari va mehnat huquqlari, shuningdek, samarali boshqaruv sohasidagi 27 asosiy xalqaro konvensiya qoidalarini to`liq ro`yobga chiqarishga hukumatning sodiqligi qayd etildi.

“GSP Enhanced Framework”ning bir tomonlama tarif imtiyozlariga ega bo`lganidan so`ng, o`zbek ishlab chiqaruvchilari Buyuk Britaniyaga bojsiz eksport qila oladigan tovar pozitsiyalarining soni 3000 dan 7800 gacha oshdi.