O’zbekistonda turizm sohasiga doir xalqaro simpozium o’tkazilmoqda

Turizm va sport vazirligidan olingan ma’lumotga ko`ra, 2021 yilning 24-25 noyabr kunlari onlayn formatda “O‘zbekistonda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash va turizmni rivojlantirish: nazariyadan amaliyotga” xalqaro simpoziumi o‘tkaziladi

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning tarixiy, meʼmoriy, arxeologik va madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirish, turistik obyektlarni rekonstruksiya va restavratsiya qilish sohasida xorijiy ekspertlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, restavratsiya ishlari va meʼmoriy merosni asrab-avaylashni takomillashtirish bo‘yicha strategik taklif va tavsiyalar tayyorlash, yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqishdan iborat.

Turizm va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish instituti va “Maritime-Sontinental SIlk Road Sitiyes Allianse, Smart Sity & Nev Industry Sommittee” (“Ipak yo‘li bo‘ylab qirg‘oqbo‘yi va qitʼa shaharlari ittifoqi, Aqlli shahar va yangi sanoat qo‘mitasi”, Xitoy) xalqaro tashkiloti ushbu simpozium tashkilotchilari hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Tursunali Kuziyev, Pekin saroy muzeyi Madaniyatni saqlash jamg‘armasi raisi Li Ji, iqtisodiyot fanlari nomzodi Turizmni rivojlantirish instituti direktori Yelena GolishevaXitoy madaniy merosni asrash jamg‘armasi raisining o‘rinbosariChjan Chjanfa, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti fan bo‘yicha prorektori Aleksey Kylasov va sohaning boshqa mutaxassislari ishtirok etishadi.

Tadbir doirasida yalpi majlislar bo‘lib o‘tadi va simpoziumning muhokama qismi tashkil etiladi. Unda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash bo‘yicha dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi, olimlar va mutaxassislarning, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti, Tarix instituti va milliy arxeologiya markazi, Global meros jamg‘armasi, Xitoy madaniy merosni saqlash jamg‘armasi vakillari, shuningdek turizm sanoati ishbilarmon doiralarining amaliy tavsiyalari tinglanadi.

Tadbir davomida mamlakatimizning noyob arxeologik va meʼmoriy merosini asrab-avaylashga masʼul vazirlik va idoralar vakillari o‘rtasida konstruktiv muloqot bo‘lib o‘tadi. Bu borada mavjud tashabbuslar bo‘yicha ijobiy tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy obidalarini asrab-avaylash va tiklashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish juda muhim.

Simpozium yakunlari bo‘yicha madaniy merosni asrab-avaylash va barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma amaliy tavsiyalar qabul qilinadi, shuningdek restavratsiya ishlarini takomillashtirish va O‘zbekistonning boy arxeologik va meʼmoriy merosini asrab-avaylash bo‘yicha strategik taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.