Samara yaqinida Amir Temur haykali o`rnatilishi mumkin

Amir Temurning g`alabali janglaridan biri sharafiga Kondurcha hududida unga atab haykal o`rnatilishi rejalashtirilmoqda.

Afsonaviy Temurning Oltin O`rda xoni To`xtamish ustidan 600 yildan ko`proq vaqt oldin Samara yaqinida qo`lga kiritgan g`alabasi abadiylashtirilishi mumkin.

O`zbekiston rasmiylari ushbu joyda hukmdor haykalini ishlab chiqish va o`rnatish bo`yicha tanlov o`tkazishni rejalashtirmoqda.

Bu seshanba kuni milliy qonunchilikning lex.uz saytida eʼlon qilingan “Harbiy tarixni o`rganish bo`yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi respublika Vazirlar Mahkamasining qarorida aks etgan.

Hujjatda Rossiyadagi Samara viloyatining Kondurcha tumanida mahalliy tarixchilar tomonidan allaqachon o`rnatilgan yodgorlik o`rniga Amir Temur va uning askarlari tasvirlangan kompozitsion yodgorlikni o`rnatish bo`yicha ko`rik-tanlov o`tkazish taklif etilgan.

Hujjatga muvofiq, tanlov yakunlari bo`yicha O`zbekiston tomoni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish bo`yicha memorandum tayyorlab, imzolash niyatida. Loyihani 2023 yilgacha amalga oshirish rejalashtirilgan.

Amir Temur bilan To`xtamish o`rtasidagi jang 1391 yilda bo`lib o`tgan. Unda 400 mingdan ortiq askar ishtirok etgan.

Jang bo`lgan joy hozirgacha arxeologik jihatdan topilmagan. Ayrim manbalardan ma’lumki, to`qnashuv Samara viloyatidagi Kondurcha daryosi bo`yida bo`lgan.

Qonli jangda Temur g`alabaga erishgan. Ko`pgina rus va o`zbek tarixchilarining fikricha, sarkarda tomonidan berilgan zarbalardan so`ng Oltin O`rda nihoyat o`z birligini yo`qotgan.

Natijada, Moskva O`rda xavfidan xalos bo`lgan va rus davlatining rivojlanishiga yo`l ochilgan.