Xitoydan “surgun qilingan” kripto-mashinalar global mayningni kuchaytirmoqda

Kriptovalyuta ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mayning korxonalari Xitoydan Rossiya, AQSh, Qozog`iston va Kanadaga o`z kompyuterlarini eksport qila boshladilar.

Xitoyda kriptovalyutalarni taqiqlash boshqa davlatlarda mayning hajmining oshishiga yordam beradi va ular uchun foyda keltiradi, deb yozmoqda Financial Times. Nashr maʼlumotlariga ko`ra, dunyodagi o`n to`rtta yirik mayning kompaniyalari bir necha oy ichida Xitoydan ikki milliondan ortiq kompyuterlarni olib chiqib ketgan.

Uskunalarning asosiy qismi AQSh, Kanada, Qozog`iston va Rossiyaga jo`natildi. Misol uchun, AQShda ro`yxatdan o`tgan eng yirik mayning kompaniyalaridan biri Bit Digital xalqaro logistika firmasini xizmatga yollagan. U Xitoydan mingta kompyuter olib ketmoqchi.

Qozog`istonga jo`natilgan kompyuterlarning asosiy qismi Xitoyning Bitfufu (80 ming dona) va BIT Mining (7,8 ming dona) kompaniyalariga tegishlidir. Rossiyada Bit Cluster bir necha hafta ichida Xitoydan besh mingdan ortiq kompyuterlarni qabul qilib oldi.

Joriy yilda XXR mamlakatda kriptovalyutalarni ishlab chiqarish va u bilan savdo qilishni taqiqlagan edi. Xitoy Xalq banki sentabr oyida kriptovalyutalar bozorlarda an’anaviy valyutalar bilan bir xil maqomda muomalada bo`lmasligi kerakligini aytgandi.