Yaponiyada yangi mashinistsiz tezyurar poyezd sinovdan o‘tkazildi

Yaponiyaning East Japan Railway Company kompaniyasi mashinistsiz tezyurar poyezdning ilk sinovlarini o‘tkazdi. Bu haqida Kyodo agentligi xabar bermoqda.

17-noyabr kuni ertalab 5 kilometrlik temir yo‘lda E7 seriyali 12 vagondan iborat poyezd sinovdan o‘tkazildi. Haydovchi kutilmagan vaziyatlar uchungina kabinada bo’lgan xolos. U boshqaruvni avtomatik rejimga o‘tkazgach, poyezd inson aralashuvisiz yurishni muvaffaqiyatli yakunladi. Sinovlar davomida poyezdning maksimal tezligi soatiga 110 kilometrga yaqinlashdi.

Qayd etilishicha, poyezd hisoblangan to‘xtash joyidan 8 santimetr uzoqlikda to‘xtagan. Biroq, mutaxassislar xato chegarasi 50 santimetrni tashkil etishini ta’kidladilar.

Kompaniya kelgusida ishchi kuchi yetishmasligi fonida mashinistsiz tezyurar poyezdlarni yo‘lga chiqarishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Avvalroq “Rossiya temir yo‘llari” “Lastochka” boshqaruvchisiz elektr poyezdlarini Moskva markaziy aylana yo‘liga chiqarish vaqtini ma’lum qilgandi. Poyezdlarni 2024-yilda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.