“Baxshichilik sanʼati” UNESCOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi

Turizm va sport vazirligining xaber berishicha, UNESCOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi (NMMMHQ) XVI sessiyasi doirasida “Baxshichilik san’ati” O’zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

Ushbu element boʻyicha nominatsion paket Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonning UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020-yilda NMMMHQga taqdim etilgan. Ikki yil davomida UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiya va Oʻzbekistonning Parijdagi doimiy delegatsiyasi Qoʻmitaga aʼzo davlatlar, Baholash komissiyasi va UNESCO Kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur elementni targ’ib qilish boʻyicha faol ish olib bormoqda.

Sessiya doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekistonning UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Baxshichilik sanʼati” nominatsiyasining taqdimoti oʻtkazildi. Tadbir ishtirokchilariga ushbu san’at turini asrab-avaylash hamda milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Bunda Prezidentimiz rahbarligi ostida so‘nggi yillarda “Baxshichilik san’ati” ni qayta tiklash, jumladan, O‘zbekistonda har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Baxshichilik sanʼati” xalqaro festivalini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

“Baxshichilik sanʼati” Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Reprezentativ roʻyxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi boʻldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan “Boysun tumani madaniy makoni” (2008), “Katta ashula” (2009), “Askiya” (2014), “Palov madaniyati va an’analari” (2016) va “Lazgi” (2019) o’rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda “Shoshmaqom” (2008), “Navro‘z” (2016) va “Miniatyura san’ati” (2020) nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.

Kelgusi yillarda “Oʻzbekiston kulolchilik maktabi” milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan “Hunarmandchilikning anʼanaviy uslubi” va “Rubob chalish”, “Markaziy Osiyoda anʼanaviy kashtachilik uslubi”, “Xo’ja Nasriddin qissalarini aytish anʼanasi” kabi koʻp millatli nominatsiyalarni NMMMHQ muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.

UNESCOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi 13-18-dekabr kunlari Tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasida virtual rejimda oʻtkazilmoqda.