Biologik parchalanadigan daraxt o`sadigan idish ishlab chiqildi

Bosh qarorgohi Niderlandiyada joylashgan xalqaro kompaniya ko`chatlarni rivojlanishning eng zaif bosqichida himoya qilish uchun Cocoon biologik parchalanadigan daraxt ekish tuvaklarini ishlab chiqdi. Cocoon bilan o`tkazilgan tajribalarning 95 foizi 12 dan ortiq mamlakatlarda muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirildi va daraxtlar omon qoldi.

Tuvakning ikkita asosiy afzalligi bor. Birinchisi u og`ir sharoitlarda o`simlik uchun xavfsiz boshpana bo`lib, birinchi yil davomida ko`chatlarning rivojlanishi uchun yetarli miqdorda suv to`playdi. Ikkinchisi esa silindrsimon boshpananing baland devorlari o`simlikni mayda kemiruvchilardan himoya qiladi. Daraxt o`sib ulg`aygan sari tuvak parchalanib, tuproq bilan aralashib, daraxtning ildiz otishi uchun joy ochadi.

Cocoon biologik parchalanadigan turli xil organik materiallardan tayyorlangan va tuproq uchun xavfsiz hisoblanadi.

Cocoonni ishlab chiqaradigan Land Life kompaniyasi daraxlar yo`q bo`lib ketgan joylarga qaytarish yo`lida yordam berish uchun 12 mamlakatda daraxt ekish dasturlari bo`yicha hamkorlik qilmoqda. Kompaniya yaqinda Peru va Chilida o`rmonlarni qayta tiklash bo`yicha ishlarni boshlab yuborgan. Boshqa dasturlar Shimoliy Amerika, Meksika, Yevropa, Afrika va Avstraliya mamlakatlarida allaqachon amalga oshirilmoqda.

Cocoonda daraxt ekish an`anaviy daraxt ekish usullariga qaraganda ancha tejamkor. Land Lifening qayd etishicha, tuvakdan foydalanish 10 barobar arzon tushadi.