Eng innovatsion odamsimon robot ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini xursand qildi va qo`rqitib yubordi

Britaniyalik olimlar tomonidan taqdim etilgan robotning harakatlari va yuz ifodalari odamlarga juda tabiiydek tuyuldi.

Ko`ngilochar robotlarni ishlab chiqaruvchi Britaniyaning Engineered Arts kompaniyasi tadbirlar uchun xarid qilish yoki ijaraga olish mumkin bo`lgan Ameca robotini taqdim etdi.

Ameca hali yurolmaydi. “Robot uchun yurish juda qiyin vazifa va buni hal qilayotgan bo`lsak-da, biz hali to`laqonli harakatlanuvchi gumanoidni yarata olmadik…”, – deya ta’kidladi kompaniya.

Bundan tashqari, robot sun’iy aqlga ega emas. U qo`llari, barmoqlari, yuz mushaklari va ko`zlari bilan murakkab harakatlar ketma-ketligini bajarishga imkon beruvchi dastur vositasida ishlaydi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Amecani ko`rib hayratlarini yashira olmadilar. Ba`zilar yangi texnologiyalarning rivojlanishiga chin dildan qoyil qolishdi. Amecani Killian Merfiga o`xshatganlar ham bo`ldi. Shu bilan birga, boshqalar uning “mukammalligidan” qo`rquvga tushishdi.