JSST tezroq vaksina olishni tavsiya qilmoqda

Dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan koronavirusning yangi “omikron” shtammi yana uch mamlakat hududida ro‘yxatga olindi.

Xususan, Tailandda ilk kasallanish holati Ispaniyadan uchib kelgan AQSH fuqarosida aniqlangan bo‘lsa, Xorvatiyada bir yo‘la ikki kishida yangi shtamm qayd etildi.

Rossiyada ham Janubiy Afrika Respublikasidan qaytgan ikki fuqaro musbat natija bilan gumon ostiga olingani haqida xabar bergandik. Tekshiruvlardan so‘ng ularning har ikkisi ham “omikron”ni yuqtirgani maʼlum bo‘ldi. Buni Rossiyaning tegishli idoralari rasman tasdiqladi.

Afrika sog‘liqni saqlash ilmiy-tadqiqot instituti professori Villem Xanekomning taʼkidlashicha, mintaqada yangi mutatsiya variantini yuqtirish holatlari koronavirusning avvalgi to‘lqiniga nisbatan bir muncha shiddatliroqdir.

Olimning xulosasiga ko‘ra, “omikron” asosan yoshlar, ayniqsa emlanmagan yigit-qizlar orasida ko‘proq kuzatilmoqda. Ammo boshqa yosh toifasidagilar ham bu kasallikka qarshi barcha ehtiyot choralarini ko‘rishlari zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi shtamm keng tarqalishining oldini olish uchun odamlarga tezroq vaksina olishni tavsiya qilayotir. Chunki hozirgacha 100 dan ortiq mamlakatlarda aholini emlash ko‘rsatkichlari 40 foizga ham yetmaydi.

Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, dunyodagi emlanmagan qatlamning katta qismi Afrika qitʼasida yashovchi odamlardir. Chunki ushbu mintaqa mamlakatlari yetarlicha vaksina zaxiralariga ega emas.