O‘zbekiston tarixida birinchi marta BMT oilasiga kiruvchi tashkilotning Bosh assambleyasi o‘tkaziladi

2023 yilda Samarqand Butunjahon turizm poytaxtiga aylanadi.

Bu haqda Turizm va sport vazirligining rasmiy sayti xabar qiladi.

 Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ayni damda Ispaniyaning Madrid shahrida bo’lib o‘tayotgan UNWTO‘ning 24 sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra shu haqda maʼlum qildi.

“Shunisi diqqatga sazovorki, tarixda birinchi marta BMT oilasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Bularning bari Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, turizm sohasini rivojlantirish hamda bu orqali mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi saʼy harakatlari natijasidir. Taʼkidlash lozimki, UNWTO 25-Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda o‘tkazilishi bu yerga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad ko‘rishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori darajadagi tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi jahon ommaviy axborot vositalarining ham eʼtiborini tortishi shubhasiz, bu esa oxir-oqibat mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib etish hamda yurtimizga yana-da ko‘proq sayyohlarni jalb etish yo‘lida xizmat qiladi”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Butunjahon turizm tashkiloti va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarini yana-da kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida 30 noyabr-2 dekabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Ispaniya qirolligiga tashrifi tashkil etildi. 24 sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi vakillari o‘rin oldi.

Madrid shahrida o‘tgan tadbir doirasida 2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasini o‘tkazish uchun O‘zbekiston va Portugaliya daʼvogarlik qildi. Tadbir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston yaqqol ustunlik bilan aksariyat ovoz to‘plab, 2023 yilgi Bosh assambleyani qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazishga kelishildi.