O`zbekiston va Qozog`iston 5,9 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyor

Ikki davlat biznes-forumi hamda O`zbekiston-Qozog`iston ishbilarmonlar kengashining kengaytirilgan yig`ilishida loyihalarni amalga oshirish bo`yicha shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

O`zbekiston va Qozog`iston hukumatlari iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. O`zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo`yicha “yo`l xaritasi” allaqachon tayyor holatda, sanoat kooperatsiyalarini chuqurlashtirish bo`yicha ham xuddi shunday hujjat hayotga tatbiq etilmoqda.

Yangicha tashabbus ham ilgari surildi. Chegara hududida xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Rejaga ko`ra, uning rezidentlari turli imtiyoz va yengilliklarga ega bo`ladi, bu esa ikki davlat tadbirkorlarini yanada ko`proq qo`shma korxonalar yaratishga undaydi.