Turkiyalik ekspert: Alisher Navoiy merosi – turkiy tilli xalqlar maʼnaviyatining ulkan boyligi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash doirasida Bursa viloyati Osmangazi tumani hokimligi bilan hamkorlikda «Panorama – Bursa Fotih Muzesi» binosida buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Osmangazi tumani hokimligi mutasaddilari, “TURSAB” sayyohlik agentliklari uyushmasi, Turkistonliklar madaniy va ijtimoiy hamkorlik jamiyati, Turkiy jamiyatlar Yevroosiyo assotsiatsiyasi, ilmiy-akademik doiralar vakillari,  talabalar, diaspora tashkilotlari faollari ishtirok etdi.

Bosh konsulxona diplomatlari  Alisher Navoiy merosining turkiy tilli davlatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da rivojlantirishdagi o‘rni haqida taqdimot o‘tkazdi.

2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashida O‘zbekiston tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilganligi, unga ko‘ra, har ikki yilda bir marta tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning turkiy tilli davlatlar aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan bittadan vakiliga Navoiy nomidagi xalqaro mukofot berish to‘risidagi nizom taqdiqlangani taʼkidlandi.

Uludag universiteti professori, doktor Hatije Shahin Alisher Navoiy ijodi, sheʼriyati, davlat  boshqaruvida amalga oshirgan ishlari to‘g‘ridagi so‘zlab berdi. Maʼruzachining fikrlariga ko‘ra, Navoiy  merosi  turkiy tilli xalqlar  maʼnaviyatining ulkan boyligidir.

Adabiy kecha dorasida tashkil etilgan Alisher Navoiy  va uning asarlariga oid minatyuralar ko‘rgazmasi hamda Navoiy g‘azallaridan tuzilgan konsert dasturi mehmonlarga  o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.