YXHT Bosh kotibi bilan uchrashuv o`tkazildi

Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, 2021-yil 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Stokgolm shahriga amaliy tashrifi doirasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Helga Shmid bilan uchrashuv o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan YXHT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, davlat boshqaruvining samaradorligi va shaffofligini oshirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va atrof-muhitni muhofaza qilish, inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligi tamoyillarini ilgari surish kabi yo‘nalishlarda konstruktiv muloqotni faollashtirishdan tomonlarning birday manfaatdor ekani ta’kidlandi.

H.Shmid YXHTning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkaziladigan Markaziy Osiyoda BMT Global terrorizmga qarshi kurash strategiyasining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning tashkilotchilaridan biri sifatida ishtirok etishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Afg‘oniston masalasi, jumladan ushbu mamlakatni nizodan keyingi tiklash bo‘yicha Tashkilotning o‘zaro kelishilgan pozitsiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.