AQSh Xitoyga qarshi kurashda Litvani qo’llab-quvvatlaydi

AQSh ma’muriyati Tayvanga Vilnyusda vakolatxona ochishga ruxsat berish qaroriga norozilik sifatida Litva eksportiga to’sqinlik qilishda ayblanayotgan Xitoyga qarshi turishda Yevropa Ittifoqi va Litvani qat’iy qo’llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

“Ketrin Tey bugun Yevrokomissiya ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis bilan suhbatlashdi va Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy sanktsiyasiga qarshi Qo‘shma Shtatlar Yevropa Ittifoqi va Litvani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, — dedi AQSh Savdo vakilining ofisi.

Litvaning Tayvanga Litva poytaxti Vilnyusda rasmiy ofis ochishga ruxsat berishi Pekinning bosim kampaniyasiga qarshi bo’lgan muhim diplomatik qadam bo’ldi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Taypey (Tayvan poytaxti) Litvada Tayvan nomi bilan vakolatxonasini ochdi va bu Xitoyni g‘azablantirdi.

Xitoy oʻzini oʻzi boshqaradigan orolga xalqaro qonuniylik beruvchi “Tayvan” nomidan foydalanishni rad etadi va uni oʻz hududi deb hisoblaydi hamda agar kerak boʻlsa, bir kun kelib uni kuch bilan egallab olishga vaʼda beradi.

Bunga javoban Pekin Litva Respublikasi bilan diplomatik va savdo aloqalarini qisqartirdi. Keyinchalik Xitoy bilan ish olib borayotgan Litva kompaniyalari savdo to’siqlari haqida shikoyat qila boshladilar.

Juma kuni Ketrin Tey Xitoyning majburiy diplomatik va iqtisodiy xatti-harakatlariga turli kanallar, jumladan, AQSh-Yevropa Ittifoqi Savdo va Texnologiya Kengashi orqali qarshi turish uchun Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlik qilish muhimligini taʼkidladi.

Chorshanba kuni Tai Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielus Landsbergis bilan telefon orqali suhbatlashdi va Qo’shma Shtatlarning kuchli va doimiy qo’llab-quvvatlashini bildirdi.