AQShdagi kompaniya xodimlarni 4 kunlik ish haftasiga o`tkazdi

To`rt kunlik ish haftasi endi texnologik Unicorn Bolt xodimlari uchun doimiy imtiyozdir.

Kompaniya asoschisi va bosh direktori Rayan Breslouning so`zlariga ko`ra, San-Fransiskoda joylashgan elektron tijorat ishlab chiqaruvchisi to`rt kunlik ish haftasini o`tgan yili kuzda sinab ko`rishni boshladi va natijalar juda ijobiy bo`ldi.

Uning qo`shimcha qilishicha, mehnat unumdorligi oshgan, ishlar tartiblangan, xodimlar esa juda xursand. Uch oylik sinov muddati oxirida o`tkazilgan so`rov shuni ko`rsatdiki, ishchilarning 94 foizi va menejerlarning 91 foizi dasturni davom ettirishni xohlashmoqda.

Bundan tashqari, qisqartirilgan ish haftasi davomida xodimlarning 84 foizi samaraliroq ishlagani, 86 foizi esa vaqtdan unumli foydalanganliklari aytildi. Shu bilan birga, 84 foiz holatda xodimlar ish va hayot muvozanatining yaxshilangani haqida xabar berishdi.

G`oya ko`proq ishlash emas, balki samaraliroq ishlashdir. Breslouning aytishicha, ish soatlarida xodimlar o`tkir e`tibor bilan vazifalarini bajarishmoqda.

550 nafar xodimlar ishlaydigan Bolt kompaniyasi AQShda qisqartirilgan ish haftasiga o`tgan kam sonli kompaniyalardan biridir.

Hozirga qadar AQSh va Kanadadagi 30 ta kompaniya 4 kunlik ish haftasini tatbiq qilish bo`yicha olti oylik muvofiqlashtirilgan sinov muddati uchun ro`yxatdan o`tishdi. Pilot dasturlar Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham ishga tushiriladi.

Kongressda hatto standart ish haftasini 40 soatdan 32 soatgacha qisqartirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ilgari surilmoqda. Iyul oyida qonun loyihasi kiritilganidan beri boshqa hech qanday chora ko`rilmagan.