Germaniya so`nggi oltita atom elektr stansiyalaridan uchtasini to`xtatdi

Germaniya o`tgan hafta yadroviy energetikadan butunlay voz kechish maqsadida so`nggi olti atom elektr stansiyalaridan uchtasini to`xtatib qo`ydi. Hukumat 2011-yilda Yaponiyadagi atom reaktoridagi avariyadan keyin atom elektr stansiyalaridan voz kechishni tezlashtirishga qaror qildi.

Brokdorf, Grohnde va Gundremmingen C reaktorlari o`tgan juma kuni taxminan o`ttiz besh yillik faoliyatdan so`ng yopildi. Oxirgi uchta elektr stansiyalar – Isar 2, Emsland va Neckarwestheim II 2022-yil oxirigacha yopiladi.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, ushbu oltita elektr stansiyalar 2021-yilda Germaniyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qariyb 12 foizini ta`minlagan. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlaydigan elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ulushi qariyb 41 foizni tashkil etgan. Ko`mir elektr stansiyalari 28 foiz, gazda ishlaydigan elektr stansiyalari taxminan 15 foiz elektr energiya ishlab chiqargan. Germaniya 2030-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalari elektr energiyasiga bo`lgan talabning 80 foizini qondirishni maqsad qilgan. Bu ko`rsatkichga shamol va quyosh energetikasi infratuzilmasini kengaytirish hisobiga erishish kutilmoqda.