O‘zbekistonlik yosh shaxmatchining g‘alabasi nemis ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

Germaniyaning «Schach-Ticker» sport nashrida o‘tgan yil 26-30 dekabr kunlari Polshada o‘tkazilgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib chiqqan o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov haqida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq yosh sportchini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingan. Prezident nomidan yosh chempionga Toshkent shahridan ikki xonali xonadon kaliti hamda 250 million so‘m mukofot taqdim qilingani haqida so‘z yuritilgan.

Nashr Nodirbek Abdusattorovning “Prezidentimizning bunday e’tiboridan mamnunman. Klassik yo‘nalishda ham chempion bo‘lish uchun bor bilim va kuch-g‘ayratimni safarbar qilaman. Bu yo‘lda meni qo‘llab-quvvatlayotgan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, degan so‘zlarini keltirgan.

Rasmiy marosim va matbuot anjumanidan so‘ng “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tantanali tadbir tashkil etilgani, unda yuzlab yurtdoshlarimiz yosh iqtidorni tabriklash imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida ham ma’lum qilingan.