Tibbiyot tarixida ilk bor dron inson hayotini saqlab qoldi

Shvetsiyada defibrilyator o`rnatilgan Everdrone droni yurak xurujiga uchragan odamning hayotini saqlab qoldi.

2021-yil 9-dekabr kuni qor tozalayotgan 71 yoshli erkakning yuragi xuruj qilgan, deya xabar beradi Everdrone kompaniyasi vakillari. Bemorning yonidan o`tib ketayotgan shifokor Mustafo Ali EMADE aviatsiya favqulodda xizmati bilan bog`lanib, bortida defibrilyator o`rnatilgan dronni chaqirdi. Tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berilgach, shifokor ularni bemorni qutqarish uchun ishlatgan.

Yurak xurujiga chalingan odamga 10 daqiqa ichida yordam berish kerak, aks holda u o`lishi mumkin. Everdrone ma`lumotlariga ko`ra, Yevropada har yili 275 ming nafar bemor yurak xurujiga uchrashadi va ularning atigi 10 foizi omon qoladi.

Dron Everdrone tomonidan Karolinska instituti reanimatsiya markazi va SOS Alarm bilan hamkorlikda Vastra Gotaland viloyati hukumati ko`magida ishlab chiqilgan. Pilot loyiha doirasida Everdrone yetkazib berish tizimini Shvetsiyada to`rt oy davomida sinovdan o`tkazdi. Shu vaqt ichida ishtirokchi xizmatlar dronlardan foydalanish mumkin bo`lgan yurak xuruji haqida 14 ta xabar olgan. Dronlarni 12 ta holatda voqea joyiga yuborilgan, defibrilyatorlar 11 marta muvaffaqiyatli yetkazib berilgan. Shulardan 7 martasida ular tez yordam mashinasidan erta yetib kelgan.