Gollivudda Amir Temur haqida film ishlanmoqda

“Sinema Production International”  kinokompaniyasi vatandoshimiz, kinossenarist Shavkat Azimov boshchiligida taniqli o‘zbek adabiyotchilari va tarixshunoslari yozgan Buyuk Amir Temur hayotiga oid tarixiy asarlar asosida taniqli Gollivud rejissorlari, kinossenaristlari va produserlari bilan hamkorlikda “Jahongir Temur” kinoloyihasini boshlash arafasida turibdi. Albatta, bu film  vatanimiz O‘zbekistonning boy tarixga ega ekanini, go‘zal va betakror madaniyati butun dunyoga yuksalganidan dalolat beradi. Los-Anjelosda 5-fevral kuni o‘tkazilgan kinochilar ijodiy anjumanida Shavkat Azimov “Jahongir Temur” kinoployihasi bilan qatnashdi va uning Amir Temur hayoti va tarixi haqidagi ma’ruzasi kinochilar anjumanidagi eng qiziqarli mavzu deb e’tirof etildi.Shavkat Azimov ma’ruza so‘ngida Chingizxon va uning avlodlari haqida hozirgi kungacha ko‘p kinolar mavjudligi ammo Chingiz armiyasini tor-mor qilib Osiyo va Rossiya xalqlarini qullikdan ozod qilgan Buyuk sarkarda Amir Temur haqida dunyo xalqlari to‘liq ma’lumotga ega emasligi haqida ta’kidlab o‘tdi. Shunigdek, hozirgi kunda Buyuk bobomiz Amir Temur shaxsiyati O‘zbekistonda juda e’zozlanib, Toshkent shahrining markazida Amir Temurga katta hurmat ko‘rsatilib, dunyoda yagona bo‘lgan go‘zal muzey va haykal o‘rnatilgani va dunyoning boshqa shaharlarida ham Amir Temurga bo‘lgan katta hurmat-e’tibor kuchayayotganini bayon etdi. Hatto Yevropaning ozodlik ramzi sifatida Amir Temur bobomizga atab bir nechta haykallar yaratilganligi haqida qizg‘in so‘z yuritdi. Vatandoshimiz Shavkat Azimov hozirgi kunda ham dunyo harbiy oliygohlarida Temur harbiy strategiyasi asosida darsliklar o‘qitilib, jahonga tanilgan harbiy sarkardalar Buyuk Temur strategiyasini qo‘llab, kichik lashkar bilan katta qo‘shinlarni yengish strategiyasi asosida  juda ko‘p janglarda g‘olib chiqishganini tarixiy voqealar bilan asoslab berdi. Ma’ruza so‘ngida taniqli produserlar Amir Temur hayoti va tarixi ularni juda qiziqtirgani va yaqin kunlarda, aynan Amir Temurga bag‘ishlangan katta kino konferensiya o‘tkazib, bu anjumanga O‘zbekistondan va boshqa davlatlardan taniqli temurshunos olimlar va adabiyotchilarni Los-Anjelosga taklif qilib, katta budjetli tarixiy kinofilm yaratish to‘g‘risida kelishib olishdi. Gazetamiz tahririyati ushbu kinofilm haqida keyingi sonlarda siz aziz o‘quvchilarga ma’lumot berib turadi.

SHARE