Nyu Jersidagi uchrashuvlar

“Vatandosh” jamoasi ushbu shtatdagi qora ko‘zlar bilan muloqotda bo‘ldi

Manxettenning yerusti va yerostidagi mahobatli ko‘priklaridan o‘tib, Nyu Jersi sari otlanar ekanmiz, iliq bir mujdani yetkazishga shoshila­yotgandek, ko‘ksimizga pokiza bir epkin urildi.

Tekis va ravon yo‘llar, xushmanzara kengliklar va ko‘hlik ko‘chalar oralab, katta magistraldan o‘ngga burilishimiz hamono ko‘zimiz “Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi” degan yozuvga tushdi. Yozuv yonidagi muazzam binoga kirib bordik. Bizni iliq kutib olishdi, zinalardan tushib, yerto‘la sari boshlashdi. Biz yerto‘laga emas, olis yurtdagi mo‘jaz Ozbekistonga borib qolgandek sezdik o‘zimizni. Do‘ppi, to‘n kiygan va hatto oyog‘iga kalish ilib olgan insonlar, xontaxta atrofiga ko‘rpachalar to‘shab qo‘yilgan chorpoya va  dilga yaqin boshqa manzaralar bizga yana bir karra ona-yurtni eslatganday bo‘ldi. Bizni yaxshi duolar bilan kutib olgan bu insonlarning chehralaridan nur yog‘ilib turardi. Bu nur bizningda qalblarimizni ravshanlashtirib yubordi.

Jum’a namozidan keyin bu yerdagi yurtdoshlarga “Vatandosh”ning nishona sonini ulashdik. Ular gazetaga dastlab hayrat bilan boqishdi, o‘zbekcha jumlalarni o‘qishlari hamono dildagi taajjublar tilga chiqdi:

– Barakalla, bebaho ish bo‘libdi.

– O‘z tilimizda ham majalla o‘qisak bo‘larkanku?..

– Menga yana bir dona bering, qo‘shnimdan ham suyinchi olay…

– Biz majallani o‘zimiz qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bu gaplarni aytayotganlarning aksariyati O‘zbekistonni ko‘rmagan, u haqdagi hikoyalarni biri Qobulda, ikkinchisi Arabistonda, uchinchisi Turkiyada narigi dunyoga allaqachonlar rixlat qilgan ota-onalaridangina eshitgan, dillari bolaligidayoq volidalarining sog‘inch ko‘z yoshlari bilan sho‘rlangan, ana shu tuyg‘u bir daqiqa bo‘lsa-da orom bermay, ona-yurt sari talpintirayotgan, musofirchilikning achchiq alamlari butun vujudini tutatayotgan insonlar edi. Gar­chand chehralari notanish bo‘lsa-da, ular begona emas, dardu hasratlari, tashvish-tadoriklari bilan yaxlit bir vujud edi. O‘sha kuni hammamizni birlashtirishga undayotgan yogona tuyg‘u – VATAN tuyg‘usi ol­dingi o‘ringa qalqib chiqdi. U bizning qarashlarimizda, hatti-harakatlarimizda, muloqotlarimizda zohir bo‘ldi. Bu samimiyat o‘zbekona tayyorlangan palovxonto‘ra ustida ham, goh turib, goh o‘tirib qilgan suhbatlarimiz chog‘ida ham, assotsiatsiya rahbari Abdulla Xo‘ja bizni bu go‘shada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirayotgan asnoda ham suv ustidagi po‘kakdek qalqib turdi.

Darvoqe, biz bu muhtasham binoni aylanar ekanmiz, milliy jihozlardan tashqari devorlardagi milliy naqsh va jilolarni ko‘rib hayratlandik. Abdulla aka hayratimizni sezdi chog‘i, izoh  berdi:

– Bu bino ta’mirida o‘zbekistonlik ustalarning beminnat yordamlari bor. Mana bu xonani kutubxona qilmoqchimiz, – deydi hamrohimiz.  – Tariximizga doir asarlar, bugungi ma’naviyatimiz darg‘alari ijodidan namunalar qo‘yamiz. Toki ziyoxonaga kirganlar o‘tmishimizning qora sahifalaridan ham, bugungi istiqlolimiz nash’idasidan bahramand yurtdoshlarimiz, qolaversa, xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz hayotidan ham voqif bo‘lsinlar. Biz bu yumushni, albatta, bajaramiz.

Devorlardagi fotosuratlar bu maskanda katta-katta bayramlar, anjumanlar o‘tkazilganligidan, ularda mashhur kishilar, atoqli san’atkorlar bilan bir qatorda mamlakatimizning AQShdagi rasmiy va norasmiy tashkilotlarining vakillari ham qatnashganligidan guvohlik berib turibdi.

– Sizlarning gaplaringizdan behad mutaassirlandik, – deydi Abdumalik otlig‘ vatandoshimiz.  – Shunday kunlarga yetkazganiga shukur. Bu zaminda o‘zbekcha majalla chiqadi, biz uni o‘z ona tilimizda baralla o‘qiymiz, deb o‘ylaganmidik. Rahmat sizlarga.

So‘ng u Abdulla akaga yuzlanib “Menga ham hozircha  yuztacha majalla bering,  kerak bo‘lsa, xonadonma-xonadon yurib, o‘zim  tarqataman”, dedi.

– Bu xayrli ishda men ham qatnashaman, – deya safimizga qo‘shildi Abdujabbor degan yigit. – Millat kamoloti uchun qilinajak yumush er yigitga yuk bo‘lmas. Qolaversa, mening ikkita biznesim ham bor. Ularni ham aynan ushbu nashrda reklama qilaman.

Shunda biz angladikki, “Vatandosh” yolg‘izlanib qolmaydi! Hademay, “Vatandosh”ni Vatan yanglig‘ sevadiganlar ko‘payadi, ularning soni minglarga, millionlarga yetadi. “Vatandosh” ham har doim o‘zini sevguvchilar yonida bo‘ladi, ularning quvonch va tashvishlariga sherik bo‘lg‘usidir, inshoalloh!

Shu o‘rinda bir voqea yodimizga tushdi. Gazetaning nishona sonini chiqarishga tarad­dudlanib yurganimizda har xil kinoya va qochiriqlar ham bo‘ldi. Uning chiqishiga shubha bilan qararaganlar, “hali chiqqanda o‘qirmiz”, deguvchilar ham yo‘q emas edi. Ular bugun gazetamizning qo‘lma-qo‘l bo‘layotganligini ko‘rib, til tishlab qolishdi. Hatto o‘shanda bitta­sining “Gazetangiz nima to‘g‘risida yozadi, yana o‘sha “serquyosh” O‘zbekiston haqidami?” degan alamzada savoli ham esimizda. Biz ham uning savoliga savol bilan javob qaytarganimiz bor. “Xo‘sh, serquyosh O‘zbekiston nega se­ning bo‘g‘zingdagi toshday turibdi? Unda nima alaming bor? Yoki tanang bilan undan oftobni to‘smoqchimisan? Sen tug‘ilgan, voyaga yetgan yurtingga qanday karomat ko‘rsatding? U se­ning qaysi intilishlaringga soya solmoqda? Ehtimol, kimlardadir alaming bordir? Ammo, mashhur kinolardan birida aytilganidek, “o‘z juningni davlatning juniga aralashtirma”. Kimsaning aybini Vatanning gardaniga ag‘darmagil!”

O‘zga yurtdagi o‘z millati qadriyatlarini bayroq qilayotgan gazeta uchun, garchand O‘zbekistonda tug‘ilmasa-da, uni Vatan deb bilgan yurtdashlarimizning shijoati, fidoyiligi oldida, aslida bu, tariqchalik gap ham emas. Ammo O”zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov aytganidek, “Alam qilar ekan, bir umr giryon, Itlar orasidan o‘tsa karvoning”.

Biz Nyu Yorkka qaytganimizdan keyin ham ortimizdan qo‘ng‘iroqlar tinmadi. Gazeta tarqatish, obuna qilish, uning mazmun-mundarija­sini boyitish, unga reklama berish kabi masalalar bo‘yicha tahririyatimizga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘lmoqda. Hatto “Vatandosh”ning keyingi sonlari xususida qayg‘uriyatganlar ham anchagina. “Marg‘ilonda shunday kelinimiz bor ekanu”, deganlaridek, “Vatandosh”ning shuncha ichi achirlari, ya’ni jonkuyarlari bor ekan, demak, yukimiz yerda qolmaydi.

Nyu Jersidagi farishtali chehralar haqidagi ushbu maqolamizga so‘nggi nuqta qo‘yishimiz hamono, telefonimiz jiringlab qoldi:

– Bu “Vatandosh” gazetasimi? Men Nyu Yorkdan, Foster avenyudagi do‘kondan Normurodman. Berib ketgan bir dasta gazetanglar tala-tala bo‘b ketdi. Odamlar gazeta so‘rashmoqda, bo‘lsa yana beringlar, jonimiz bilan tarqatamiz!

Endi, ayting-chi, aziz gazetxon, bu gaplarni eshitgandan keyin qo‘l qovushtirib, jimgina o‘tirib bo‘ladimi? Qani ketdik, gazetaning navbatdagi sonini chiqarishga!!!

Alisher AYMATLI

SHARE