Aziz va laziz bo’lsin

Qaldirg‘och gazeta Amerikaga ham ayni bahor boshlanishi bilan kirib kelayotir.Aslida qaldirg‘och har yili ko‘klamda qaytib kelaveradi. Ammo biz, ya’ni yurt sog‘inchi bilan yashayotgan amerikalik o‘zbeklar uni, yanada aniqroq aytganda, qaldirg‘och parvozli “Vatandosh”ni salkam bir asrdan buyon kutamiz. Avval unga ota-onalarimiz intiq bo‘lishdi, keyinchalik biz uning yo‘llariga ko‘z tutdik. Va nihoyat, u bizning osmonimizda ham parvoz qila boshladi. Ilohim, uning parvozi abadiy bo‘lsin! U mudom ellarni ellarga, dillarni dillarga bog‘lab yuraversin!

Gazetaning har bir sahifasi odamlar qalbiga bahoriy kayfiyat tuhfa etsin! Hammamizga ma’lumki, qaldirg‘och — chevar qush. U qurgan uyaning me’moriy echimini hali insoniyat o‘rganmagan, juda mustahkam va ko‘rkam bo‘ladi. Biz ham “Vatandosh”da ana shunday go‘zal, maftunkor, insonlarni nekbin niyatlarga undovchi aziz va laziz maqolalarni kutib qolamiz.

Hoshim SALIM,

“Turkiston — Amerika” uyushmasi a’zosi

SHARE