Taniqli o’zbek adibi Sobir Sayxon 80 yoshga to’ldi

Mavlon SHUKURZODA

Shu kunlarda o‘zining 80 yillik tavallud to‘yini nishonlayotgan vatandoshimiz, taniqli yozuvchi Sobir Sayxon – taqdir taqozosi bilan o‘zga yurtlarga borib qolgan va o‘sha yerda palak yozgan minglab vatandoshlarimizdan biri. Sobir Sayxon Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidagi Varzak qishlog‘ida 1931-yili tug‘ilgan. Sobir Sayxoning otasi Xolmuhammadxo‘ja Asomiddinxo‘ja mingboshi o‘g‘li o‘tgan asrning 20-yillarida qo‘rboshi Shermuhammadbek rahbarligida milliy-ozodlik harakatida faol ishtirok etganlardan biri. U 1920-yili Afg‘onistonning Kobul shahridagi maxsus harbiy maktabni bitirib, Turkiston milliy ozodlik harakatida faol ishtirok etgan. Onasi Bibi Ulug‘ Poshsho qizi o‘qimishli, ziyoli otinoyi ayol bo‘lgan. Buvasi Asomiddinho‘ja mingboshi (Eshon ota) o‘z davrida Yozyovon mingboshisi bo‘lgan. Milliy istiqlol harakati namoyandalari Shermuhammadbek va Madaminbeklarning qo‘liga qurol tutqazib, ularni bolsheviklarga qarshi urushga da’vat qilgan.

30-yillarning boshlarida qishloq ahli boshiga tushgan ofat uning oilasini ham chetlab o‘tmadi. Sho‘ro hokimiyatining zug‘umu zo‘ravonligidan joni halqumiga kelgan boshqa turkistonliklar qatori, uning ota-onasi ham 1931-yili kindik qonlari to‘kilgan Farg‘onaning Varzak qishlog‘ini bir umrga tashlab ketishga majbur bo‘lishgan… Shu vaqtda Sobirjon hali chillasi chiqmagan 30 kunlik chaqaloq edi. Yarim kechasi solga o‘tirib Amudaryoni kechib o‘tishda, bir tomondan, orqadagi qizil askarlar, ikkinchi tomondan, oldindagi afg‘on sarbozlari yog‘dirgan o‘q yomg‘iridan qanchadan-qancha begunoh yurtdoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari halok bo‘lishgan. Ammo o‘ttiz kunlik chaqaloqqa Ollohning rahmi kelib, u ota-onasi bilan birga sho‘rolarning “qil ko‘prigi”dan tirik o‘tgan. Sobir afg‘on tuprog‘idagi xorlik va zorliklar ham omon chiqqan. Shundan so‘ng yosh Sobirning hayoti sarson-sargardonlikda — Hindistonda, Pokistonda, bir muddat Iroqda kechdi.

Taqdir unga Turkiyaning toza havosi bilan nafas olib yashashni ham ravo ko‘rgan ekan, 1952-yili boshqa turkistonlik vatandoshlar kabi ularning oilasi Turkiyaga ko‘chib o‘tadi. Sobir Sayxon Turkiyada, oldin Adana shahrida va 1964-yildan boshlab esa u Istanbulda istiqomat qilib kelmoqda. Yoshligidan adabiyotga havas qo‘ygan Sobir Sayxonning she’rlari, ilk hikoyalari, maqolalari 1953-yildan boshlab e’lon qilina boshlagan. Keyinchalik uning vatan ishqi, fidoyilik va milliylik ruhi bilan sug‘orilgan bir qator asarlari O‘zbekiston va Turkiyada ko‘plab chop etiladi. Sobir Sayxon butun hayoti davomida Vatanga sog‘inchini bir daqiqaga bo‘lsa-da yo‘qotmadi. SSSR degan temir qo‘rg‘onning devorlari nuray boshlashi bilan u o‘z qishlog‘i va hamqishloqlarini, osmonida istiqlol quyoshi porlagan o‘zbek diyorini ko‘rgani ona-Vatani sari yo‘l oladi.

Sobir Sayxon O‘zbekistonga ilk bor 1972-yili xorijdagi vatandoshlar bilan aloqa qiluvchi “Vatan” jamiyatining taklifi bilan tashrif buyurgan. Shundan beri har yili vatanga kelib ketadi. U O‘zbekiston mustaqilligini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Sobir Sayxonning O‘zbekistonda 1992-yili “Tijorat va halol osh” ma’rifiy-tarbiyaviy risolasi, 1996-yili “Adashganlar” adabiy asari, “To‘lg‘anoy” va “Yemirilgan g‘urur” hikoyalar to‘plamlarini chop etilishi o‘zbek kitobxonlari tomonidan yaxshi kutib olindi. Bundan tashqari 2006-yili “Vatan qidirgan yigit”, 2009-yili “Bug‘doy ekib, arpa o‘rganlar” va 2010-yili esa “Egasini g‘ajigan it” qissalari nashr etilgan. U kishining asarlari asosida “Vatan yagonadir”, “Bir siqim tuproq”, “Birovning qarindoshi” kabi televizion filmlar yaratildi. 1995-1996-yillar Sobir Sayxon stsenariysi asosida mamlakatimizda “Silsila” nomli tarixiy, badiiy film suratga olindi. Sobir Sayxon hurmatli o‘zbek adibi Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi» asarini turk tiliga o‘girib turkiyalik kitobxonlarga yetkazdi. Sobir aka “Sayxon” tahallusi bilan she’rlar yozadi. Ushbu she’rlar O‘zbekistondagi «Vatan» jamiyati tomonidan tayyorlangan she’riy to‘plamlarga kiritilgan.

Sobir Sayxon kamtarin inson, o‘zini faqat havaskor shoir deb biladi. Lekin uning qissa va hikoyalarini o‘qigan kitobxon muallifda badiiy did va mahorat borligini sezmay iloji yo‘q. «Xorijda ona yurtini sog‘inib-qo‘msab yashagan, muhtasham binolar peshtoqida hilpirab turgan 12 yulduzli bayroqni ko‘rib, ko‘z yoshlarini yashira olmagan bunday vatandoshlarimiz oz emas. Ammo Sobir Sayxon ulardan qator fazilatlari bilan ajralib turadi. Uning asarlarini o‘qigan kitobxon Sobir akaning taqdirini, uning qanday xatarli so‘qmoqlaridan o‘tib, Inson bo‘lib qolganini, bag‘rida nafaqat vatansevarlik, balki o‘zbekona kenglik, tantilik, oliyjanoblik, mehr-oqibat singari ezgu xislatlar ham jo‘shib turganini yaxshi biladi», – deb alohida ta’kidlaydi, o‘z do‘sti haqida taniqli o‘zbek adibi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti lauriyati, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov.

Sobir Sayxon boshidan ko‘p yaxshi va yomon voqealarni o‘tkazgani, undan ham ko‘proq yaxshi va yomon kishilarni ko‘rgani tufayli uning nasriy asarlaridan u yashagan, u orzu qilgan, unga qanot bag‘ishlagan hayot nafasi ufurib turadi. “Sobir Sayxon nasriy asarlarining menga, ayniqsa, manzur bo‘lgan jihatlaridan biri o‘zbekona rangin tilidir. Zamona zayli bilan 30-yillarda o‘z vatanlarini tashlab, xorijiy mamlakatlarda yashashga majbur bo‘lgan vatandoshlarimizning, xususan, Sobir Sayxonning qissa va hikoyalari tili va uslubida ohori to‘kilmagan so‘zlarni, lisoniy soddalik va tabiiylikni, o‘zbekona uslub jilolarini ko‘rib, quvonmay ilojingiz qancha…” – deya yozuvchini hurmat bilan tilga oladi professor Naim Karimov.

Sevimli adibimiz Sobir Sayxonga uzoq umr ko‘rib, yanada badiiy baquvvat asarlar yozib barcha muxlislarini xushnud qilib yurishlarini tilab qolamiz.

Mavlon SHUKURZODA,

Vashington shahri

SHARE