Qosimjonov Anandni yenga olmadi

    27-mart kuni Toshkentda tezkor shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni, hamyurtimiz Rustam Qosimjonov va amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Vishvanatan Anand o‘rtasida 4 partiyadan iborat o‘rtoqlik bahsi bo‘lib o‘tdi.

    Qur’aga ko‘ra, 1 partiyani Anand oq donalarda boshlab berdi. Bahs umumiy natijasiga ko‘ra  0,5-3,5 (0,5-0,5, 0-1, 0-1, 0-1) hisobida Qosimjonov Anandga imkoniyatni boy berdi.

    Tadbir so‘ngida Qosimjonov izoh keltirarkan, bu uchrashuvdan muhimi natija emas, jahon chempioni bilan Toshkentda shunday uchrashuv tashkillashtirilgani shaxmatga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tdi.

    Chempionlar bahsi yuzasidan Toshkentga taklif buyurgan FIDE Prezidenti Kirsan Ilyumjinov kelajakda Toshkentda shaxmat akademiyasi tashkil qilish masalalari ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.

    Shaxmat bayramini 28-mart kuni Vishvanatan Anand ishtirokida O‘zbekistonning kuchli shaxmatchi o‘smirlari bilan bo‘lib o‘tgan seminar-trening va seans o‘yini davom ettirgan bo‘lsa, 29-mart kunidagi Rustam Qosimjonov va yosh shaxmatchilar o‘rtasidagi xuddi shunday trening tadbirga yakun yasadi.

    Husniddin ATO,

    Suratni muallif olgan.

    SHARE