Amerikada O’zbek tili

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, o‘zbek tiliga, uning tarixi, madaniyati, qadimgi yodgorliklarini o‘rganishga qiziquvchi xorijliklarning soni oshdi va oxirgi yillarda yanada oshib bormoqda.

AQSh mutaxassis va talabalari O‘zbekistonni O‘rta Osiyoning tarixiy markazi sifatida biladilar. Xorijlik aksariyat talaba va mutaxassislar o‘zbek tilini intensiv ravishda qisqa muddatli kurslarda o‘rganadilar. AQShning Indiana, Vashington, Harvard, Viskonsin va boshqa bir necha universitet hamda til o‘rgatish markazlarida o‘zbek tilini o‘rgatish yozgi kurslari muntazam ish olib boradi. Chet elliklar uchun shunday kurslar O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon tillari universiteti va Samarqand chet tillar institutida ham bor.

Indiana universiteti qoshida 25 yildan buyon yozda va akademik yil davomida O‘rta Osiyo tillarini o‘rgatish kurslari tashkil etilib kelinmoqda. Shu bilan birgalikda Indiana universitetida 2003-yildan beri akademik yil davomida o‘zbek tilini Ohayo Davlat, Michigan, Michigan Davlat, Ayova universitetlariga masofada o‘qitish tashkil etilgan.

Oxirgi o‘n yil davomida esa Indiana universitetining talabalari akademik yilda o‘zbek tilini to‘rt (Introductory, Intermediate, Advanced, ADLS) bosqichda o‘rganib, olgan bilimlarini ilmiy izlanish, tarjimonlik va boshqa sohalarda qo‘llamoqdalar. Universitetni bitirib, magistrlik va doktorlik diplomlarini olgan yosh amerikaliklar AQSh Davlat Departamenti, Nodavlat tashkilotlar va boshqa turli sohalarda ishlamoqdalar.

O‘zbek tilini xorijliklarga intensiv o‘rgatishda ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘rgatish ilg‘or tajribasidan foydalaniladi. Ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘rgatish metodikasi yuz yillar davomida rivojlanib va yangilanib kelgan. Bu borada zamonaviy metodik qo‘llanmalar, darsliklar, audio-video va komputer o‘quv qo‘llanmalari yaratilgan.

O‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishni samarali tashkil etish uchun zamonaviy darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va lug‘atlarni yaratish lozim. Ushbu sohada Indiana universitetining (CelSAR) O‘rta Osiyo tillar markazida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili ushbu markazda o‘zbek, uyg‘ur, tojik va pushtu tillarini o‘qitish bo‘yicha “Introductory” zamonaviy darsligi, audio-video, veb sahifa, multimedia qo‘llanmalari va testlar yaratilib, hozirgi vaqtda “Intermediate” darsligi, lug‘atlar yaratish ustida samarali ishlar olib borilmoqda. Ushbu ishlar kelajakda xorijliklarning o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan talablarini qondirish, O‘zbekiston Respublikasi, o‘zbek tili va madaniyatini amerikaliklarga tanitish imkoniyatlarini oshiradi.

Talabalarning kursda o‘qishlari qimmat bo‘lib, qaysi xorijiy tilni o‘qishni tanlashlari ixtiyoriydir. Ular talabchan, ko‘plari bir necha xorijiy tillarni biladi. Ayrimlari O‘zbekiston tarixi va madaniyatini o‘qigan yoki O‘zbekistonda bo‘lgan. O‘qituvchi o‘zbek tili va adabiyoti hamda o‘qitish metodikasining bilimdoni bo‘lishi bilan birga O‘zbekiston tarixi, madaniyati, geografiyasi va davlat siyosatini ham yaxshi bilishi kerak.

Mavjud kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish davrini hisobga olgan holda ikki alifbo o‘qitiladi. Birinchi kurs (Introductory) davomida asosan lotin alifbosidan foydalaniladi. Amerikalik talabalar birinchi haftaning oxirida o‘zbek tilida o‘zlari haqida oddiy ma’lumotlarni komputerda yozishni o‘rganadilar. Lotin alifbosidagi hamma harf, belgilar komputerda mavjud va talabalar odatda yozishda komputerni afzal ko‘radilar.

Ikkinchi (Introductory), uchinchi (Advanced) va to‘rtinchi (ADLS) kurslarida asosan kirill alifbosida yozilgan darslik va ilmiy kitoblar, internet materiallari va O‘zbekistonda olingan filmlardan foydalaniladi. Ushbu yuqori kurslarni bitirgan talabalar turli mavzularda erkin muloqot qila oladilar va yoza oladilar.

Malik XO‘JAYEV,

Indiana universiteti, Markaziy Yevro- Osiyo fakultetining o‘zbek tili  o‘qituvchisi

Bir amerikalik talabaning akademik yil davomida o‘zbek tilining birinchi kursida ikki oy o‘qiganidan keyin yozgan yozma ishi:

HAYRAT

Bizning o‘zbek tili sinfimiz yetti kishidan iborat: bir o‘qituvchi, bir assistent va besh talaba. O‘qituvchimizning ismi Malik aka Xo‘jaev. Malik aka O‘zbekistondan. Asistent Anora Ismoilova ham O‘zbekistondan. Malik aka va Anora bizning sinfimiz uchun ko‘p ishlaydilar.

Besh talabaning o‘zbekcha ismlari Po‘lat, Jahongir, Karim, Sitora va men – Lolaman. Biz ham o‘zbek tilini o‘rganish uchun ko‘p ishlaymiz. Bu bizning birinchi kurs o‘zbek tili sinfimiz. Ko‘p odamlar bizga savol beradi: Sizlarga o‘zbek tili nima uchun kerak? Menimcha, bu savolga javoblarimiz har xil.

Misol uchun, Po‘lat va Jahongir yangi tillarda gapirishni juda yaxshi ko‘radi. Jahongir – tilchi. U allaqachon ko‘p tillarda gapiradi. Po‘lat ham ko‘p tillarda gapiradi. Ularga o‘zbek tili juda qiziq, chunki ba’zan o‘zbek tili ularning boshqa bilgan tillariga o‘xshaydi.

Karim o‘zbek tilini o‘rganyapti, chunki u O‘zbekistonga borishni xohlaydi. Sitora ham sayohat qilishini yaxshi ko‘radi. Ular ham davlatni boshqarish haqida o‘rganadi. Menimcha, Karim va Sitora yaqin vaqtda Orta Osiyoda bo‘ladi.

Menga esa, o‘zbek tili nimaga kerak? Men Qozog‘istonda ikki yil yashadim va ishladim, 2006 yildan 2008 yilgacha. Hozir menga O‘rta Osiyoning madaniyati va xalqlari juda qiziq. Menimcha, odamlarni tushunish uchun, ularning tillarini bilish kerak. Binobarin, menga o‘zbek tili juda kerak.

Nora Williams,

Introductory Uzbek

TAHRIRIYAT MA’LUMOTNOMASI:

Malik Xo‘jayev 2002-yilda Indiana universitetiga o‘zbek tili o‘qituvchisi (Uzbek Language Lecturer) vazifasiga ishga kelgan. Undan oldin Samarqand viloyat til markazining direktori va ingliz tili o‘qituvchisi, viloyat ingliz tili o‘qituvchilari assosiasiyasi rahbari bo‘lib ishlagan. Tanlovdan o‘tishiga ingliz tilini o‘qitish, til o‘rgatishni samarali tashkil etish, zamonaviy til o‘rgatish metodikasini joriy etish bo‘yicha ko‘p yillik tajribasi, Yevropa va AQShning bir necha universitetlarida malaka oshirish kurslariga qatnashganligi sabab bo‘lgan. U o‘zbek tilidan to‘rt bosqichda saboq berish bilan birgalikda “O‘zbek tilini xorijliklarga intensiv o‘rgatish metodikasi” boyicha ilmiy izlanish olib bormoqda.

SHARE