Zulfiya Nazar – Buyuk tafakkur sohibasi

Mavlon SHUKURZODA

Zulfiya-Silviya Nazar haqida yozish men uchun ancha qiyin kechdi. Birgina maqolada uning kashfiyotlari va qalamiga mansub qo‘lyozmalarni nomma-nom sanab chiqish oson emas. Zulfiya Nazarning AQSh va jahon iqtisodiga oid ko‘plab maqola, ilmiy tadqiqot va kitoblari dunyoning eng nufuzli olimlari tomonidan tan olinib, e’tirof etilgan.

2002-yili Indiana universitetida malaka oshirayotganimizda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «A Beautiful Mind» (Tafakkur o‘yinlari) filmini ko‘rish kaminaga ham nasib qilgan edi. Film menda chuqur taassurot qoldirdi. Uning titrlarida mazkur kinokartina ijodkorlaridan biri Silviya Nazar ekaniga ko‘zim tushib qoldi. Hoynaxoy, bu o‘zimizning dindoshimiz bo‘lsa kerak, degan xayolga borgan edim o‘shanda. Sal vaqt o‘tib, mazkur universitet professori Bill Fierman menga Zulfiya Nazarning o‘zbekligi va bu film uning asari asosida suratga olingani to‘g‘risida so‘zlab berdi. Shunda men o‘zbeklarni dunyoga mashhur qilayotgan millatdoshim borligidan g‘ururlandim.

2005 yili Vashingtonda Jahon o‘zbeklari forumida ishtirok etganimda, Ro‘zi Nazar ismli yana bir millatdoshimiz bilan tanishdim. U kishi meni o‘z uyiga taklif qildi. Shu odam Zulfiya Nazarning otasi ekanligini o’sha paytda bilmagan edim. Ertasi kuni Ro‘zi aka va mehmondo‘st kelinoyimiz Lindaxonimning Virjiniyadagi shinamgina uyida mehmon bo’ldim. Ko‘zim stol ustida turli tillarda nashr etilgan «A Beautiful Mind» kitobiga tushdi. Ro‘zi Nazar va Lindaxonim Zulfiya Nazarning ota-onasi ekanliklarini shu yerda bildim. Ular menga qizlarining qiziqarli hayoti to‘g‘risida gapirib berishdi.

Ro’zi Nazar qizining bir necha suratini uy to‘riga osib qo‘ygan ekan. Barcha rasmlarni birma-bir tomosha qildim. Otaxon nabiralari Klara, Liliy va Jekning rasmlarini ko‘rsatib, ularning har biri to‘g‘risida g‘urur bilan gapirib berdi va kelajakda ularning onalariday mashhur odam bo‘lishlariga umid bildirdi.

Zulfiya Nazar 1947 yil 17 avgust kuni Olmoniyaning Rozenxaym shahrida tug‘ilgan. 1951 yili Ro‘zi Nazar oilasi bilan AQShga ko‘chib kelgach, Zulfiya Nazar boshlang‘ich o‘rta maktab ta’limini AQShda oladi. U o’qishini 1959 yili Turkiyada davom ettiradi, chunki bu payt otasi Turkiyadagi diplomatik missiyada faoliyat yuritayotgan edi.

Zulfiya o‘rta maktabni Anqarada tugatadi. Shu yerda u turk tilini mukammal o‘rganadi. Bolaligidan o’rgangani uchun ingliz, olmon va turk tillarida bemalol gaplasha oladi.

Zulfiya maktab yoshidan ijod qilishga qiziqdi, hikoyalar yozdi. Shu boisdan bo’lsa kerak, 1967–1968 yillar Zulfiya Nazar Myunhen (Olmoniya) universitetida adabiyot ixtisosi bo‘yicha ta’lim oladi. Keyinchalik Antioch Kollejini (AQSh) bitirib, adabiyot sohasida bakalavr darajasini oladi.

Yosh Zulfiyada iqtisodga bo‘lgan qiziqish ham kuchli edi. Shu bois 1974 yili u Nyu York Iqtisod universitetiga o‘qishga kiradi. 1976 yili uni bitirib, iqtisod magistri ilmiy unvonini olish uchun dissertatsiya yoqlaydi. Universitet rahbariyati iqtidorli Zulfiyani mazkur ilmgohdagi Ilmiy-tadqiqotlar markazida ishlashga taklif qiladi.

Nobel mukofoti laureatining shogirdi

1977 yili iqtisod sohasidagi iqtidorli yosh olima Zulfiya Nazar jahonga mashhur iqtisodchi, Nobel mukofoti laureati Vasiliy Leontev nazariga tushadi. Leontev yosh olimani o‘zi rahbarlik qilayotgan Nyu York universitetining Iqtisodiyot tahlili institutiga taklif qiladi. O’sha paytlar bu institutda ishlash ko‘pchilik iqtisodchi ilmiy xodimlar uchun katta orzu edi. Tez orada Zulfiya Nazar Vasiliy Leontev rahbarligida iqtisodiy tahlil masalasida qator qiziqarli tadqiqotlar olib boradi va professorning ishongan va sevimli shogirdlaridan biriga aylanadi. U ustozi Vasiliy Leontev bilan hamkorlikda “AQShning noyob yerosti metallarining 2035 yilga qadar zahirasi va ularning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri” kitobini yozadi.  Zulfiya bu institutda to‘rt yil samarali faoliyat ko’rsatadi.

Zulfiya 1981-yili o‘z sohasini o‘zgartirib, «Jamoatchilik axborotlari tarmog‘i ilmiy-tadqiqot instituti»ning yoqilg‘i tarmog‘i direktori vazifasida ishlaydi. 1982–1983-yillar esa «Data Korporeyshn» markazida katta iqtisodchi lavozimida ishlaydi.

Amerika prezidentlari tarixida katta iz qoldirgan Ronald Reygan prezident bo‘lib saylangandan keyin odatga ko‘ra o‘z iqtisodiy dasturini e’lon qiladi. Zulfiya Nazar uning bu dasturiga qarshi chiqib, «The New York Times» gazetasida o‘zining tanqidiy maqolasini e’lon qiladi. Bu maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng maqola muallifi Zulfiya “Fortune” nomli yirik biznes jurnaliga muharrir o‘rinbosari lavozimiga ishga taklif etiladi. Shu tariqa uning jurnalistlik faoliyati boshlanadi.

Zulfiyaning iqtisodiyot sohasidagi ilk kashfiyoti

1983-yili Zulfiya Nazar AQSh biznes bozori uchun mintaqaviy iqtisod modelini tuzib, bu sohada muhim kashfiyot yaratadi. Mazkur kashfiyot AQSh iqtisodchilari tomonidan yuqori baholanadi. Bu Zulfiyaning ilm-fan sohasidagi birinchi va muhim kashfiyoti edi. Aynan shu kashfiyot Zulfiya Nazarni dunyoga tanitadi, obro‘sini oshirib, dunyoga mashhur nashriyot va ilmiy markazlarda ishlash uchun yo‘l ochadi. 1983–1990-yillarda Zulfiya Nazar AQShning yetakchi matbuot organlaridan «US News & World Report» jurnalida iqtisodiy sharhlovchi, «Fortune» jurnalida esa ijodkorlik qilib, o‘z tajribasini oshiradi va uslubini takomillashtirib, o‘z maktabiga asos soladi.

Ikkinchi kashfiyot

Zulfiya Nazar hurmatli ustozi, buyuk iqtisodchi olim Vasiliy Leontev bilan birga «AQSh va jahon iqtisodiyotida yoqilg‘i bo‘lmagan ma’danlar ishlab chiqarishni loyihalashtirish, 1980–2030» mavzusida yirik iqtisodiy kashfiyot yaratadi. Mazkur ilmiy kashfiyot dunyoning yetakchi olimlari tomonidan iqtisodiyot sohasida yangi yo‘nalish sifatida tan olinadi. Zulfiya Nazar bundan tashqari V.Leontev va M.Beverlar bilan hamkorlikda xomashyo va uni ishlab chiqarish hamda ikkilamchi metallarni qayta ishlash tahlillariga oid turkum ilmiy kashfiyotlar qiladi. Zulfiya Nazar doimiy ravishda o‘z malakasini oshirib boradi. U Nyu-York, Prinston, Kembrij universitetlari va institutlarida malaka oshirish treninglarida ishtirok etadi.

“The New York Times”da o’n yil

Zulfiya Nazar iqtisodiyot sohasida ilmiy izlanishlar olib borish bilan bir qatorda jurnalistika sohasida ham talay muvaffaqiyatlarga erishadi. Uning layoqati, iqtisodiy bilimi, jurnalistlik qobiliyatini hisobga olib, dunyo miqyosida obro‘si va nufuzi baland «The New York Times» gazetasi rahbariyati 1991yilda Zulfiyani tahririyatga ishga taklif etadi. Unga AQSh va jahon iqtisodiyotining rivojlanishini kuzatib borish vazifasi topshiriladi. Mart oyidan boshlab ro‘znomada Zulfiya Nazarning ko‘plab maqolalari chop etila boshlaydi.

Zulfiya o‘n yilga yaqin «The New York Times» gazetasining iqtisod yo‘nalishi sohasida muxbir vazifasida ishlab, qator tahlil va sharhlari bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga tortadi. Shu bilan birga u 1991–1999 yillarda «The New Yorker», «Newsweek», «The New York Times Sunday Book Review», «Fast Company», «London Telegraph» kabi mashhur gazeta, jurnal, nashriyot va matbuot agentliklari bilan hamkorlikda ishlab, maqolalar chop etadi .

Zulfiya akademik sohada ham faoliyat olib boradi. U 2001 yildan buyon Nyu-York Kolumbiya universitetining Oliy jurnalistika maktabi Biznes jurnalistikasi fakulteti professori. Zulfiya gazetalarda chop etilgan materiallardan tashqari, iqtisodiyot sohasida yozilgan 300 dan ortiq ilmiy maqola muallifi.

Zulfiya Nazarning yozuvchilik mahorati

1994 yili Zulfiya Nazar Nobel mukofoti sovrindorlari to‘g‘risida, xususan, o‘sha yili iqtisodiyot sohasi bo‘yicha mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan buyuk matematik, iqtisodchi, zakovatli olim Jon Forbs Nesh to‘g‘risida «The New York Times» gazetasida bir sahifa “Nobel mukofoti laureatining yo‘qotilgan yillari” nomli maqolasini chop etadi. Maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Maqola gazetada chop etilishi bilan mamlakatning olti nashriyoti Zulfiyaga ushbu maqolani kengaytirib kitob holiga keltirish bo‘yicha taklif qilishadi. Zulfiya Nazar kitobni yozishdan avval Jon Neshning o‘zidan, umr yo‘ldoshi Alisiyadan, so‘ngra uni biladigan jami mingdan ortiq kishidan intervyu oladi. Avvaliga jiddiy qiziqish bildirmagan Nesh Zulfiya ishga juda jiddiy kirishganini ko‘rib, unga yaqindan yordam beradi.

Kitob asosida film yaratish fikri tug’ilgach, Akiva Goldsten film uchun ssenariy yozadi va unda Nesh taqdirining eng dramatik lavhalariga e’tibor qaratiladi. Film yaratuvchilari iltimosiga ko‘ra, Zulfiya filmning dunyo yuzini ko’rishiga yaqindan yordam ko‘rsatadi. Rejissor Ron Xovard kitob asosida tayyorlangan filmiga Zulfiya Nazar kitobining o‘z nomini qoldiradi.

Zulfiyaning Jon Nesh haqidagi kitobi 30 dan ortiq nashriyot tomonidan ingliz, olmon, ispan, rus, xitoy, yapon, fors, turk, hindu tillarida milliondan ortiq nusxada chop etilgan. Mazkur kitob uchun Zulfiya Nazar Amerika adabiy tanqidchilari milliy gildiyasining «Eng yaxshi biografik adabiy asar» nominatsiyasi mukofotiga sazovor bo‘lgan.

«A Beautiful Mind» filmining muvaffaqiyati

Ushbu kinoasar to‘rt yo’nalish bo’yicha «Oskar» sovrindori bo’lgan. 2001 yili Gollivudning mashhur kinorejissori R.Hovard tomonidan suratga olingan filmda asosiy rollarni dunyoga mashhur Rassel Krou (Jon Forbs Nesh), Ed Xarris (Parker), Jenifer Koneli (Alisiya Nesh), Kristofer Plammer (Doktor Rozen) va boshqa aktyorlar ijro etgan. Bu film kino olamidagi eng nufuzli «Oskar» mukofotining: «Eng yaxshi film», «Eng yaxshi ssenariy», «Eng yaxhsi rejissura», «Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa» nomli to‘rt nominatsiya bo‘yicha mukofot olgan. Bundan tashqari, «Birinchi plandagi eng yaxshi aktyor», «Original musiqa», «Eng yaxshi muharrir», «Eng yaxshi grim» kabi yana to‘rt nominatsiya bo‘yicha ham «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Film dunyoning 100 dan ortiq tiliga tarjima qilinib, jahon ekranlarida namoyish etilgan.

Zulfiya Nazarning sermahsul va rang-barang ijodini qaynar buloqqa qiyoslasa bo‘ladi. 2006-yili u iqtisodiy masalalar bo‘yicha yangi ilmiy kitobini nashr etdi. Bu kitob «XX asrning buyuk iqtisodchilari va ularning iqtisod faniga qo‘shgan hissalari» deb nomlangan bo‘lib, turkum maqolalardan iborat. Kitobda yoritilgan mavzular bo’yicha Zulfiya Rossiya, Xitoy va Yevropaning qator mamlakatlarida ma’ruzalar o‘qigan.

Zulfiya ikki qiz va bir o’g’ilning onasi. Umr yo‘ldoshi Darryl Mkleod ham iqtisodchi. To‘ng‘ich qizlari Klara iqtisodchi-huquqshunos. Bu oilaning yaqin do‘sti, «Turkiston – Amerika» assotsiatsiyasi Prezidenti Abdulloh Xo‘janing aytishicha, Klara juda iqtidorli mutaxassis, kelajagi porloq, ilm-fan sohasida ajab emaski, onasidan ham oshib ketsa.

Keyingi qizi Liliy, kollejni bitirib, yuqori sinf o‘quvchilariga matematika fanidan dars berish bilan birga universitetda magistr darajasini olish uchun o‘qishni davom ettirmoqda. O‘g‘li Jek (Jakk) esa Nyu-York universiteti talabasi.

Zulfiya Nazar oilasi bilan Nyu-Yorkning Tarritaun hududida istiqomat qiladi. Amerikalik o‘zbek qizi Zulfiyaning dunyo miqyosidagi faoliyati, erishgan muvaffaqiyatlari bizning iqtisodchilarimizga, qolaversa, o‘sib kelayotgan yoshlarimizga har tomonlama oliy o‘rnak namunasidir.

Mavlon Shukurzoda

SHARE