Nemislar, Mersedes va “Vatandosh”

“Vatandosh”. Bir necha og’ayni-oshnalarning tashabbus-mehnati bilan chop etib kelinayotgan, yo’nalishlari orasida xorijdagi vatandoshlariga, ya’nikim, Siz bilan Menga ona tilini unutmaslikka yordam qilish, Vatandagi ijobiy yangilik-o’zgarishlardan xabardor qilib turish kabi kerakli maqsadlarni ko’zlagan bu gazetning ham mana 7-soni dunyo yuzini ko’ribdi. Qariyb besh oy.

Ana shu oshnalar “gazet ishida qatnashib turing”, deb aytganigayu, arzir-arzimas sabablar bahonasi ila bu ishni ortga surib kelayotganimizga ham ana shuncha sana to’libdi. Qariyb besh oy.

Kimning nazarida qisqa, kimning nazarida uzun muddat. Biroz vaqt ajratib qog’oz qoralashga vaqt topolmagan men uchun bu juda qisqa muddatdir, ammo-lekin… misol, britaniyaliklar uchun, Londondagi ijara uyimizdan 10 daqiqalik yo’l naridagi Olimpiada majmuasida beshta yangi osmono’par binoni bunyod etishga yetarli muddat ekan. Bu-da besh oy.

Ajoyib-da, baribir!

Hech e’tibor berganmisiz e’tibor berilmaydigan narsalarga? Mana, masalan, o’z harakatlaringizga chetdan nazar solib ko’rganmisiz? Juda e’tiborsizmiz, o’zimiznikiga befarqroqmiz, ishonqiramaymiz. Tahririyatdagi vatandoshlar vaqti va mehnatini ayamasdan, Siz va Menga ziyo ulashmoqchi bo’lishsa-yu, biz e’tiborsiz, yana bir soat ko’proq ishlab “account”imizga 5.93 funt qo’shib qo’yishni o’ylashdan nariga o’tmaymiz. Ajoyib-da, baribir!

Tahririyat biznes qilayapti, dersiz. To’g’ri, ular biznes qilayapti, vaqti va tashabbusi uchun soatbay maosh ham olayotgandir balki. Ammo, quloq solsangiz, bir ojizona fikr: bu biznesning gullab-yashnashidan biz manfaatdormiz birinchi navbatda. Ha, aynan Siz bilan Men.

Nimaga, degan savolingizga, nemislar yo koreyslardan javob so’rang.

Olmonlar qimmatiga bo’lsa-da o’zlarining Mersedesu Audisidan boshqasiga ro’yxo’shlik bermasligiga sabab nima, bilasizmi? Sifatmi? Balki. Biroq undan ham muhimroq omil bor, menimcha: mahalliy mahsulot uchun to’lanayotgan har bir tanga aylanib-aylanib ish o’rinlari, yuqori oylik va boshqa zaruriy qulayliklar ko’rinishida odamlarning o’zlariga qaytib keladi. Bular uni allaqachon tushunib yetgan. Ana o’sha nemis va koreys hozir hamma sohalarda yetakchi millatlardan sanalishi fikrimga tasdiq bo’lolsa kerak.

Nima demoqchi bu odam? Nemislar, Mersedes va “Vatandosh”ning nima aloqasi bor, dersiz?

Aloqasi shundaki, “Vatandosh” – bizning Mersedesimiz,  ayni o’rinda – bizning mahsulot. Uning rivoji ham, tanazzuli ham, maqolalarning mazmun va mantig’i-da aylanib Siz bilan Menga kelib taqaladi. Sizdan so’raladigani o’qing, farzandingizni o’qiting, do’stingizga sayt “link”ini tashlang, e’lon-reklamalaringizni aynan ‘Vatandosh’ga bering; maqolalar, Sizga qiziq mavzular haqida fikr bildiring. Asosiysi, befarq bo’lmang; ota-onadirsiz, savdogar yo tujjor, talaba yoxud javlon urib restoranda mehnat qilayotgan oshpazdirsiz  – e’tiborsiz bo’lmang.

Ertaga “Vatandosh” “sinsa”, bunda siz bilan bizning ham hissamiz bo’ladi. Bular bitta gazetani ham eplab chiqarisholmadi, degan gap bo’ladi. Mitti-mitti xalqlar ham necha o’n yillardan beri o’z ona tillarida o’z nashrlariga ega bo’lgan Amerikadek ulkan o’lkada yuz minglab yurtdoshlarimiz bir donagina gazetamizni ham eplab chiqarisholmasa, Londonda turib men uyalib ketaman.

Bu vatanparvarlik haqida navbatdagi balandparvoz gaplar emas. Aslo. Bu fikr, xolos. Ikki yildan beri Londonda yashayotgan, Vatan rostdan ham bor narsa ekanligini, so’ginch nimaligini tushunib yetgan bir oddiy yigitning fikri.

“Vatandosh” chindan ham bizning minbarga, qaysidir ma’noda, Vatan bilan aloqachimizga aylanishi mumkin…

Sherzod ALI,

London, Angliya

SHARE