Boburiylar avlodi yoxud Amerikalik o’zbek professori

Mavlon Shukurzoda Nazif Shahroniy (o’ngda) bilan

Mavlon SHUKURZODA

Universitetga dastlab borganimizda amerikaliklar orasida doimo o‘ychan, vazmin, yuzidan nur yog‘ilib turuvchi bir kishi e’tiborimni tortgandi. Keyinchalik surishtirib bilsam, u kishi millatdoshimiz, Boburiylar avlodi, amerikalik o‘zbek professori Nazif Shahroniy ekanlar. U kishi bilan suhbatlashga-nimda uning o‘zbeklarga xos bag‘rikengligi, insoniyligi va mehmondo‘stligi ko‘zga tashlandi. Har so‘zini chertib-chertib, adabiy tilda biyron gapirishidan uning naqadar aqlli va zukko odam ekani bi-linib turardi. Nazif Shahroniy bilimdonligi, kamtarligi hamda O‘zbekistonga intilishi bilan meni o‘ziga jalb qildi. Uning asarlarini o‘qir ekansiz, bu inson haqidagi tasavvuringiz yanada chuqurlashadi. Nazif aka 1990-yili mazkur universitetda o‘z faoliyatini Orol-shunoslik va Oltoyshunoslik bo‘limida professor lavozimidan boshlaydi. Bugungi kunda u Indiana universitetining Yaqin Sharq tilllari va mada-niyati departamenti direktori hamda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bo‘limining professori. Oilali. Abdusamad, Abdurahim va Nurhodi ismli o‘g‘illari bor.

Biz oilalarimiz bilan o‘zaro tanishib, aka-ukadek bo‘lib ketdik. Necha bor uchrashgan bo‘lsam, u kishining gaplariga hech to‘ymasdim. Indiana universitetida biz ko‘pgina xalqaro konferensiya va davra suhbatlarida ishtirok etdik. O‘sha tadbirlarda Nazif Shahroniyning amerikalik va boshqa xorijiy olimlarni lol qoldiradigan sermazmun chiqishlarini eshitishga muyassar bo‘lganmiz. Amerikalik olimlarning e’tiroficha, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan Afg‘oniston masalalari bo‘yicha Nazif aka AQShning salohiyatli va hurmatli olimlardan hisoblanar ekan.

Biz u kishi bilan ko‘pgina norasmiy tadbir va o‘tirish-larda bo‘ldik, jumladan, meh-mondorchilikda, ramazon iftorliklarida, xudoyilarda, hayit nomozlarida va h.k. Aynan shunday norasmiy tadbirlarda men Nazif aka-ning asl qiyofasini yaqindan ko‘rishga intildim. Yurtimizga qaytish oldidan u kishi to‘g‘risida maqola tayyorlash uchun alohida suhbatlarini olgim keldi.

Suhbatimiz Nazif Shahro-niyning ish kabinetida bo‘lib o‘tdi. Men avvaliga o‘zimni biror adabiyot muzeyi filialida o‘tirganday his etdim. Bu xonada mo‘yqalam ustalari qalamiga mansub Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimizning siymosi tushirilgan nafis devoriy suratlar, rasmlar, ularning turli millat tillarida chop etilgan noyob asarlari kolleksiyasi, shuningdek, Samarqand, Buxoro shaharlari va Farg‘ona vodiysidan keltirilgan turli rasm va kitoblar joy olgani meni benihoya quvontirdi. Bir piyola ko‘k choy ustidagi qiziqarli suhbatimiz esa ancha vaqtgacha davom etdi…

Nazif Shahroniyning bolalik davri

Nazif akaning gapiga qaraganda, uning ota-bobolari Farg‘ona vodiysidan ekan. Otalari Hoji Karim o‘g‘li va onalari Zebuniso Naim qizi o‘zlarini andijonlik o‘zbeklar deb aytishadi.

Ajdodlari Zahiriddin Muhammad Boburga tutash. Olti og‘a-ini Afg‘onistonning Fayziobod tomonlarida qo‘nim topib, qishloq barpo etishgan. Bu qishloq hozirda Shahron qishlog‘i deb ataladi. Nazif akaning kunyasi ham shu qishloq nomidan. Nazif Shahroniy 1945-yilda ana shu qishloqda tug‘ilgan.

Qishloqdagi boshlang‘ich maktabni bitirganidan so‘ng, Nazif Shahroniy besh-olti hamqishlog‘i bilan o‘qishni davom ettirish uchun Kobul-dagi maxsus maktabga jo‘naydi. O‘sha paytlarda hamma o‘rta maktablar faqat Ko-bulda joylashgan edi.

Nazif Shahroniyning ilm sohasidagi ilk qadamlari

Nazif Shahroniy 1965-yili Kobul universitetining Ta’lim (pedagogika) bo‘limiga o‘qish-ga kiradi. Ikki yildan so‘ng universitetning besh nafar talabasi uchun Ameri-kada o‘qishga imkon borligi to‘g‘risida xabar tarqaladi. Tanlov talablariga to‘liq javob bergani uchun shu o‘rinlardan biri Nazif Shahroniyga nasib etadi va o‘qishning davomini AQShning Havayi orollaridan biridagi Honolulu Universitetining antropologiya bo‘limida davom ettiradi. 1970-yili uni muvaffaqiyatli tugatib, Sietl shahridagi Vashington universiteti magistraturasiga kiradi va 1972-yili aspiranturani ham bitirib, antropologiya fanidan magistr ilmiy darajasi bilan Afg‘onistonga qaytadi. 1974-yili Nazif Shahro-niyni Vashington universiteti ma’muriyati doktoranturaga o‘qishga taklif etadi.

Professor Nazif Shahroniy

Yosh olim 1976-yili Sietldagi Vashington universitetida antropologiya bo‘yicha doktoranturani tugatib, «Afg‘o-nis-ton-dagi qirg‘izlar va vahiylar» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Nazif Shahroniyning doktorlik ishi xorijiy tarixshunoslar tomonidan yuqori bahola-nib, Vashington universiteti tashabbusi bilan Sietl va bir vaqtning o‘zida Angliyaning London shaharlarida kitob holida bosilib chiqadi.

Unga AQShning bir qator nufuzli universitetlari ish taklif qilishadi. Oldiniga Nazif Sharif Vashington va Harvard universitetlari hamda Pitzer kolleji talabalariga O‘rta Osiyo antropologiyasidan dars bera boshlaydi. 1985–1990-yillarda Kaliforniya universitetining Antropologiya va O‘rta Sharq tadqiqotlari bo‘limi professori bo‘ladi.

AQSh oliy o‘quv yurtlarida professorlik lavozimi, odatda, olti toifaga bo‘linadi. To‘la professorlik lavozimida ishlayotgan olim-o‘qituvchi pensiya yoshigacha (79 yosh) ishdan olinishi mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham to‘la professorlikka fanning ma’lum sohasida katta yutuqlarga erishgan, tan olingan olimlar tanlov orqali saylanishi mumkin. To‘la professorlar o‘z istagi bilan boshqa ishga o‘tishi mumkin. AQSh oliy o‘quv yurtlari mashhur olimlarga yuqori maoshlar tayinlab, ularni o‘z universitetlariga chorlaydilar. Nazif Shahroniyning O‘rta Osiyo antropologiyasi bo‘yicha teran tadqiqotlari e’tiborga olinib, 1990-yildan beri u Yaqin Sharq tilllari va madaniyati  departamenti direktori hamda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bo‘limining to‘la professori hisoblanadi.

Nazif Shahroniyning ilmiy salohiyati

Professor Nazif Shahroniy 7 tilni mukammal bilishi unga xorijiy mamlakatlarga chiqib, ilmiy izlanish olib borish imkonini beradi. U Buyuk Britaniya, Turkiya, O‘zbekiston, Pokiston, Afg‘oniston, Eron va boshqa mamlakatlarga tashrif buyurib, bir necha ilmiy maqolalar yozadi. Nazif Shahroniy (1998-yildan) IREX Universitet kengashi, SSRC/ACLS (1988-yildan) musulmon davlatlari va Sovet Ittifoqi (keyinchalik MDH) o‘lkalarini o‘rganish Birlashgan qo‘mitalari a’zosidir. Bundan tashqari Amerika Antropologiya assotsiatsiyasi, Amerika Etnologiya jamiyati va Yaqin Sharq tadqiqotlari assotsiatsiyasi ilmiy xodimi sifatida ham ish olib boradi.

Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixiga oid izlanishlari Professor Shahroniy-ning ilmiy ishlari Markaziy Osiyo bilan bog‘liq. 1972-yili Amerikadan qaytgach, Afg‘oniston qirg‘izlari to‘g‘risida antropologik tad-qiqot olib boradi. Badaxshon viloyatining Xitoyga chegaradosh tog‘li qishloqlarida ular bilan 21 oy birga yashaydi, dunyo etnograflari bilmagan, tassavvur ham etmagan el-ning turmushini tadqiq etib, boshqa xalqlar hayot tarzi bilan qiyoslab, ilmiy xulosalar chiqaradi. Afg‘oniston Xitoy bilan juda ham tor tog‘li hudud orqali chegaradosh. Bu tog‘li o‘lka Tojikiston, Pokiston, va uchinchi tarafdan Xitoy davlatlariga tutash. Afg‘onistonga qarashli mana shu tor tog‘li o‘lkada qirg‘izlar va vahiylar yashaydilar. Har tomondan katta davlatlar-ning chegaralari bilan o‘rab tashlangani sababli bu hudud tashqi dunyodan uzilib qolgan. Shahroniy bu izlanishlaridan doktorlik disertatsiyasida foydalanadi, antropologiyaga oid «Afg‘onistondagi qirg‘izlar va vahiylar» (Sietl-London, 1979, 264-bet, ingliz tilida) kitobi chop etiladi. Yosh olim bu kitobda qirg‘iz va vahiylarning ijtimoiy-madaniy hayoti, turmushi, tarix va demografik jarayonlari kabi masalalarni yoritadi.

Bu oson ish emas edi. Nazif Shahroniy Buyuk Britaniya-ning Bi-Bi-Si [BBC] guruhini o‘zi bilan ushbu o‘lkaga borib, mahalliy xalqlar haqida huj-jatli film olishga ko‘ndiradi.

Shu tariqa dissertatsiya bilan birga ajoyib film dunyoga keladi. Bu filmning bosh konsultanti Nazif Shahroniy edi. Avvallari hech kim bu o‘lka va uning xalqi haqida yozmagan. 1984-yili Kaliforniya universiteti tomonidan chop etilgan Nazif Shahroniy-ning «Afg‘onistonda inqiloblar va qo‘zg‘olonlar» (Berkli, 1984, 394-bet) to‘plamiga Afg‘onistonning so‘nggi inqiloblari tarixini yoritishga oid ikki katta ilmiy ishi ham kiritilgan.

Professorning O‘zbekiston bilan bog‘liq bir necha yirik ilmiy asari va maqolalari bor. 1986-yili AQShning Sarakuza universiteti nashr etgan 390 betli «Davlat, din va etnik siyosatlar» to‘plamiga kirgan «Afg‘onistonda davlat qurilishi va ijtimoiy parchalanish» ilmiy ishi o‘z muhimligi va qamrab olgan davri jihatidan ajralib turadi. Uning «1500–1747-yillarda feodalizmning taraqqiyoti» qismida Hirotdagi Temuriy-lar saltanati, Muhammad Shayboniyxon, Boburiylar davlati xususida fikr yuritiladi. Bundan tashqari, Buxoroning oxirgi amiri Said Olimxonning Afg‘onistondagi hayoti, «bosmachilik» harakati bilan bog‘liq yirik maqolalari ham mavjud.

Mavlon SHUKURZODA

Indiana Universiteti,

Bloomington, Indiana.

SHARE