Muddatli xizmat, imtiyozli bal va tavsiyanoma

Yaqinda Amerikadan O‘zbekistonga qaytmoqchiman, u yerda oliy o‘quv yurtiga kirish niyatim ham yo‘q emas. Eshitishimcha, harbiy xizmatga borib, namunali xizmat qilgan askarlarga tavsiyanoma berilarkan va shu hujjat bilan oliy o‘quv yurtiga kirishda qo‘shimcha bal olsa bo‘larkan. Shu haqda aniqroq ma’lumot bersangiz.

Umid, Nyu-Jersi

O‘zbekistonda harbiy xizmatni o‘tash sharoitini yaxshilash hamda Vatan himoyachilariga qo‘shimcha imtiyozlar berishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilingan. Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va tegishli tavsiyanoma olgan fuqarolar oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p balning 25 foizi miqdorida imtiyozli balga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Prezidentining 2005-yil 31-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyogarlik dasturini o‘zlashtirishini yakuniy baholash uchun Davlat test markazi testlar ishlab chiqadi. Mazkur sinovda talab qilingan balni to‘play olgan harbiy xizmatchilarga tavsiyanoma beriladi. Demak, harbiy xizmatchiga tavsiyanoma berishda uning jangovar va ijtimoiy-siyosiy tayyorgarlik bo‘yicha natijalari, bu borada chuqur bilim va amaliy ko‘nikma egasi bo‘lishiga e’tibor qaratiladi. Tavsiyanoma harbiy xizmatchining harbiy xizmatdan bo‘shatilish kunidan boshlab 3 yil muddatga bir marta beriladi.

Abdul SOBIR tayyorladi.

SHARE