Oyoq ostidagi gavhar donasi

Odamzot uchun bu hayotda eng ardoqli va kerakli narsa nima? Boylikmi? Yo‘-o‘q! Yon-atrofingizdagilar turmushiga razm solsangiz, birgina davlat saodat kaliti bo‘lolmasligiga -ishonch hosil qilasiz. Boylik topgan-u, ammo umr mazmunini topa olmay halak sohibdavlatlar qancha!..

Mansabmi? Bu ham emas. Amal insonga baxt tuhfa qilolmasligiga hayotiy misollar yetarli. Buning uchun uzoqqa borishning hojati yo‘q. Qolaversa, ahli mashoyix mansabu amalni bir lahza boshda makon tutib, so‘ng jo‘nab qoladigan beqo‘nim qushga o‘xshatgani ham bejizmas. Obro‘, shon-shuhrat deb atalgan, xayolimizni har dam o‘g‘irlaydigan arzonbaho marralar-da umrimiz mazmunini belgilab bera olmaydi. Unda, inson uchun eng qadrli boylik nima?..

Lev Tolstoyni yaxshi bilasiz. Ha, o‘sha bo‘y baravar kitoblari bilan jahonga tanilgan, “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina”lari bilan tilga tushgan mutafakkir qalamkash. Tolstoyning hayoti xuddi asarlari kabi ibratga to‘la. Agar baxt deganlari boylik, izzat va davlat bilan ma’nodosh bo‘lganida edi, Sersoqol adib o‘zini kurrai zaminning eng saodatmand kishisi deb baralla e’lon qilishi mumkin edi. Badavlat, bu-ning ustiga kimsan, aslzoda graf, soyasiga salom beradiganlar sonmingta! Yaratgan obro‘-e’tiboru iste’doddan qismagan, kiborlar jamiyatida aytgani aytgan, degani degan! Ammo hayotdan lazzatlanish uchun shuncha imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay, Lev Tolstoy umri davomida nimadir yetishmayotgani, to‘kis hayo-tida nedir bir kamchilik borligini his qilib yashadi. O‘sha – hayotini kemtik qilib turgan KUCHni sarosar qidirdi, tunu kun izladi. “Arslon bobo” eng qadrli deya butun umr qidirgan va alaloqibat topishga muvaffaq bo‘lgan boylik… E’TIQOD edi!

Har kuni turfa fe’l-atvor, turli tiynatdagi kishilar bilan muloqotda bo‘lamiz. Shunday insonlar borki, o‘z fikri va qarashiga ega, atrofdagilarni ham ortidan ergashtira oladi. Shamol qayoqdan essa, shu tomonga egilib ketavermaydi, buqalanmundek tovlanmaydi, tuslanmaydi. Bukiladi, ammo sinmaydi! Boshiga qilich kelsa-da, o‘z e’tiqodida sobit turadi. Bunday insonlar ko‘p emas-da, degan e’tirozingizda jon bor. Lekin omadingiz chopib, shunday sobitqadam kishi bilan suhbatlashib qolsangiz, o‘zingizni tetiklashgandek his qilasiz, ulardan hayotiy quvvat olgandek bo‘lasiz. Bu – inson uchun suvu havodek zarur e’tiqodning kuchi va jozibasi!

Taassufki, besh qo‘l barobar emas. Ularning aksi – o‘z qarashiga ega bo‘lmagan, nondek arzanda ma’naviy boyliklarni-da sotishga tayyor, “qulluq” va “xo‘p bo‘ladi”ni sevimli shior deb bilgan odamlar bilan ham yuzma-yuz so‘zlashishga to‘g‘ri keladi. Ular bilan suhbatlashganda esa ko‘nglingiz g‘ashlanadi, xotirjamligingiz, ko‘tarinki kayfiyatingizdan asar qolmaydi. Agar ozroq diqqatni boy bersangiz, ulardagi zararli mikrob darrov yuqishi ham hech gap emas. Bu endi e’tiqodsizlik, subutsizlikning asorati, bemisl kulfati!

Bir ziyoli insonni bilaman. O‘zi topgani qora qozonini qaynatishga arang yetadi, ammo shunda ham qo‘li ochiq, saxovatpesha, o‘zi yemasa-da, do‘stlarga ilinadi. Kambag‘al bo‘lsa-da, nafsi va ko‘zi to‘q, birovning haqqiga xiyonat qilmaydi, omonatdor. Tirik jon, u ham ko‘p narsaga muhtoj, ammo o‘sha istaganlarini sotib olishga dasti kalta. Noma’qul qilmishlar sodir etganda vijdonga “suv cepish” vositasi bo‘lib qolgan “yashash uchun kurash” qoidasidan kelib chiqcak, harom yo‘l bilan bo‘lsa-da, muhtojlikka barham berishi kerak. Biroq u pokiza xalqumini bulg‘amaydi. Harom chegarasini kesib o‘tmaydi. Farovonlik manziliga faqat Halollik yo‘lidan o‘tib yetishga intiladi. O‘zi ehtiyojmand bo‘lsa-da, xohishlar ustidan hukm yurgiza olgan bu mard inson aynan e’tiqoddan kuch olyapti, unga tayanib ko‘pchilikni yo‘ldan ozdirayotgan illatlardan o‘zini saqlab qolyapti.

E’tiqodni o‘ziga xos taroziga qiyoslash mumkin. Yo‘q, u bizga boylik yoki boshqa moddiy buyumlarni o‘lchab bermaydi. U bizga amalga oshirayotgan ishlarimizning qimmatini baholash, yaxshi va yomon, oq va qora sarhadlarini belgilashda ko‘maklashadi.

E’tiqod – sizu biz ishongan, dil va til bilan tasdiqlagan imon ne’mati; e’tiqod millionlab kishilarni xayrli matlab yo‘lida boshini qovushtiradigan, mas-lak-dosh qiladigan qudrat; e’tiqod bu xayriyatga sabab bo‘ladigan, baxtga erishtiradigan, ro‘shnolikka olib chiqadigan ruhiy qudrat. Avloniy ta’biri bilan aytganda, «E’tiqod bir fayzi ma’naviydurki, u fayzdan hissasini olmak har bir kishining muqaddas vazifasi».

E’tiqod – insonni tutib turgan ichki ustun. U bo‘lmasa, odam bo‘ronda qolgan niholdek yerparchin bo‘ladi deyavering! E’tiqodsiz kimsa-ning ko‘ngli o‘g‘ri urgan xonadondek huvillab yotadi. Bu dunyoda undan-da notavon, baxti qaro bormikin!..

Psixologlar individ deb ataydigan odamni Hazrati Inson maqomiga ko‘taradigan barcha yaxshi fazilatlar e’tiqod bulog‘idan suv ichadi. U vujudimiz daraxtining ildizi bo‘lsa, ijobiy fazilatlar shoxchalari…

E’tiqod insonga aql bovar qilmas kuch beradi. Sizu biz-ga ramaqijondek tuyulgan e’tiqodli kishi fildek kuchga ega, ammo imonu ishonch ne’matidan mosuvo barzangidan qudratliroq. E’tiqodli insonni qo‘rqitish, do‘q-po‘pisa, majburlov kuchi bilan u ishongan ezgu g‘oyadan qaytarib bo‘lmaydi. Agar e’tiqodliman deb da’vo qilayotgan odam muvaqqat omillar sababli undan voz kechsa-chi? Bilingki, unda hali e’tiqod shakllanmagan, -ishonch qaror topmagan.

“Yer Quyosh atrofida aylanadi”, deya ilmda katta inqilob yasagan olimlardan biri ovro‘palik Jordano Bruno edi. Odam Ato zurriyodining tabiati qiziq-da, o‘ziga yoqmagan fikr eshitsa, darrov bo‘g‘gisi keladi, boshqalarning fikriga toqat qilishga jasorati yetmaydi. O‘sha paytda – 1590-yillarda ham “Yer aylanadi” degan fikr asrlar davomida hukmron bo‘lib kelgan daqqi qarashlarga to‘g‘ri kelmas edi.  Shu sababli Jordano Bruno 1592-yilning may oyida shakkoklikda ayblanib, kishanband etiladi. To‘qqiz yil davomida qamoqxonada ayovsiz qiynoqlar, xo‘rliklar iskanjasida azob chekadi. Ilmga to‘g‘anoq bir to‘da mutaassiblar qat’iyatli olimning irodasini sindirish va qarashlaridan voz kechishga majburlash uchun barcha usullarni ishga soladilar. Lekin Bruno o‘z e’tiqodiga sodiq qoladi. Ilm uchun jonini fido qilgan olim gulxanga tashlanganida ham: «O‘tda yoqmoqlik – inkor etmoqlik emas!» deya o‘z qarashlariga sodiq holda jon taslim qiladi.

Hassos adibimiz Abdulla Qodiriy jasoratini eslang. Zo‘ravonlikka asoslangan, tanasi qon bilan sug‘orilgan yovuz tuzumning shotirlari uning boshida qilich o‘ynatib turganida ham, ming bir qiy-noq usullarini qo‘llaganida ham, jonidan voz kechsa kech-diki, hayotiy a’moli deb bilgan e’tiqodidan voz kechmadi. “Men haqiqat uchun boshi ketsa “ih” deydigan yigitlardan emasman” degan edi qo‘rquv bilmas adib erk yo‘lidagi sa’y-harakatlarini oqlar ekan. Qodiriy maslagiga xiyonat qilmadi, e’tiqodiga ters ish tutmadi. Ulug‘ adib e’tiqod o‘ziniki bo‘lgani uchun emas, balki haqqoniyligi uchun ham unga jonini tikdi.

Ijodda ham, e’tiqodda ham Qodiriy bo‘lish mushkul, juda ham mushkul. Hamma ham Bruno kabi e’tiqodga sadoqat ko‘rsata olmaydi. Ammo ulug‘ insonlar ibrati baribir bizlarni ham ezgu ishlarni sabot bilan davom ettirishga undashi ta-yin.

Bu hayotda e’tiqodli insonchalik qalbi xotirjam, yuragiga halovat inggan odamni topolmaysiz. Aslida, odamni katta jasoratlarga undaydigan kuch ham ana shu qalb xotirjamligi, vijdon halovati istagidir! Buni o‘zingiz sinab ko‘rishingiz mumkin. Buning uchun zikr etilmish zotlardek jasoratga qo‘l urish shart emas. Deylik, siz bilan ko‘pdan buyon araz-lashib yurgan, gaplashmay qo‘ygan tanishingizni ziyorat qiling. Garchi ayb unda bo‘lsa-da, bir dam e’tiqod kuchiga suyanib, qalbdagi asov manmanlikni yengib, uzr-ma’zur ayting, oradagi sovuqchilikni yo‘qotishga, o‘rtani isloh qilish-ga urining. Uddasidan chiqa olsangiz, ana o‘shanda ko‘rasiz qalb halovati va manmanlik ustidan qozonilgan g‘alaba sururini!..

Agar e’tiqodli odamlar ko‘paysa, ishoning, ko‘p muammolarimiz yechiladi, yashash ham yengillashadi. Asablarimizni kemirayotgan  dardisarlar shamol haydagan bulutdek daf’atan tarqab keta-di.

Uchqundan qo‘rqqan temir bo‘lmaydi, deydi qadimgilar. Keling, biz ham o‘zimizni dadil taftish qilib ko‘raylik. Xo‘sh, to‘g‘ri e’tiqodda yashayapmizmi, ezgulikni a’mol deb hayot kechiryapmizmi? Agar ushbu savolga ijobiy javob olsangiz, do‘ppingizni osmonga oting! Qoniqarli javob ololmasangiz… hayotning asl mazmunini qidirishga kirishing. Aks holda, ahli donishlardan biri ogoh etgan noxush hodisa yuz beradi: ezgu e’tiqodga ko‘ra yashama-yotgan odam yashayotgani kabi e’tiqod qila boshlaydi!..

Abdul SOBIR

SHARE