Amerikacha orzu: haqiqatmi yoki sarob?

“Amerikacha orzu” deganda nimalar nazarda tutilishini bu “sehrli diyor”ga tashrif buyurgan deyarli har bir kishi bilsa kerak. Muhojirlar avvaliga bu tushuncha zamirida yotgan asl ma’noni anglamasliklari mumkin. Ammo bu yurtga kelish ilinjida bo’lganlar ham, kelib o’rnashib olganlar ham ma’lum orzu va niyatlar og’ushida yuradi desak, xato qilmagan bo’lamiz. Hamma gap ushbu niyatlarning asl amerikacha orzu bilan qanchalik hamohangligida va unga yetishish uchun tanlanajak yo’l va vositalarda.

Orzuning amalga oshirish omillari

“Amerikacha orzu” (American Dream) tushunchasini birinchi bo’lib 1931-yilda tarixchi Jeyms Adams qo’llagan edi. Ko’p o’tmay u AQSh fuqarolarining aniq maqsadga yo’naltirilgan qadriyatlar tizimini anglatadigan bo’ldi va  amerikaliklarni birlashtiruvchi umummilliy g’oyaga aylandi.

Amerikacha orzuning bosh ma’nosi quyidagicha talqin etilib kelinadi: qobiliyatli, kuch-quvvatga ega bo’lgan, tirishqoqlik  bilan mehnat qiladigan har bir shaxs boylik ortirishi va insonga xos darajada yashash imkoniyatlarini qo’lga kiritishi mumkin.

Vaqt o’tishi bilan amerikacha orzuning ma’nosi kengaya bordi. Bu tushuncha faqat shaxsga emas, butun bir jamiyatga nisbatan beriladigan bo’ldi. Jumladan, amerikacha orzu keyingi avlod oldingisiga qaraganda yaxshiroq yashaydigan, ochiq va mutassil rivojlanadigan jamiyatga ishonchni ham o’ziga qamrab oladigan bo’ldi. Shuningdek, amerikaliklar boshqa mamlakatlar fuqarolariga nisbatan alohida shaxs imkoniyatlariga ko’proq ishonadigan bo’lishdi. Ular har bir kishining muvaffaqiyati o’zining qobiliyati va tirishqoqligiga bog’liq bo’lib, uning ijtimoiy kelib chiqishi hamda qaysi tabaqa vakili ekanliginig hech qanday ahamiyati yo’q degan xulosaga tayanishdi.

Keyingi davrga kelib, amerikacha orzuning tarkibi bir necha farzandi bo’lgan mustahkam oila tasavvuri bilan boyidi. Ana shu tasavvur bo’yicha bunday oilaning xususiy uyi, avtomobili, iti bo’lishi kerak.

Amerikacha orzuni ro’yobga chiqarish omillari nimada? Har bir kishi o’z faoliyatini boshlashi uchun teng imkoniyatlarga ega bo’lib, ulardan samarali foydalnishi tufayli istagan orzusini amalga oshirishi mumkin. Hamma uchun ishga kirishish nuqtasi bir xil. Tinimsiz ishlab, bouligini ko’paytirishi o’ziga bog’liq.

Aksariyat tadqiqotchilarning fikricha, amerikacha orzuning asosini shaxs erkinligi tashkil etadi. Bu yurtda odam faoliyatini cheklaydigan qaroru qonunlar, odatu an’analar bo’lmagan. AQShda Eski dunyoda uchramaydigan erkinlik, har tomonlama rivojlanish uchun, tashabbus ko’rsatish uchun, bor tadbirkorlik qobiliyatini namoyish etish uchun imkoniyatlar mavjud edi.

Har bir poyafzal tozalovchi millioner bo’lishi mumkinmi?

 

Ma’lumki, mustaqil davlat sifatida AQSh 1776-yilda tashkil etilgan edi. Bu davrga kelib usbu jamiyatda erkinlik va tenglik nisbatan qaror topa boshlagan edi. Bo’sh yotgan yer ko’p bo’lgani holda ishchi kuchi yetarli emasdi. Yevropadan baxt izlab kelgan har bir kishi faoliyatini yo’qdan boshlab, tavakkalchlik asosida, g’ayrat va shijoat bilan, ijodkorlik namunalarini ko’rsatdi. Taqdir tarozisiga o’zining bor kuchi va salohiyatini qo’yib, erkinlikka va boylikka yo’l ochib bordi. Natijada, maqsad sari intiluvchi, har qanday to’siqni yengib o’tishga tayyor, uquvli, omadli shaxslardan iborat jamiyat shakllanib bordi.

Amerikacha orzuga, unga erishishning yo’l va vositalariga munosabat AQShning o’zida ham, xorijda ham bir xil bo’lmagan. Uning mohiyatini qanday bo’lsa-da boylik ortirish, bu maqsad yo’lida hech narsadan tiymaslik, axloqiy normalarni chetga yig’ishtirib qo’yish, “maqsad vositani oqlaydi” tamoyiliga tayanish deb tushunganlar unga tanqidiy munosabatda bo’lishgan. Masalan, ulkan adiblar Teodor Drayzer va Frensis Fitsjerald o’z asarlarida boylik orqasidan quvib, axloqiy normalarni mensimaslikni qoralab, boylik va baxt doim ham yonma-yon yurmasligini uqtirishgan edi.

Amerikacha orzuning asosiy g’oyalaridan sanalgan har bir poyafzal tozalovchi ham millioner bo’lishi mumkin degan fikr e’tirozlarga sabab bo’lgan. Qanday qilib hamma millioner, ya’ni bir xilda boy bo’lishi mumkin, degan savol o’rtaga tashlangan. Ayniqsa, Yevropadan Amerikaga vaqtincha kelganlar bu yerdagi hayot tarzidan hayratga tushganlar. Boylik yevropalik uchun hayotning maqsadi bo’lmasdan, munosib yashash uchun vosita hisoblangan.

Muhojirlar mamlakati bo’lgan AQShda bu yerga kelgan har bir kishi cho’ntagida hech qanday puli bo’lmasa-da, intilishi orqali boy bo’lishi haqidagi hikoyalar avlodan avlodga o’tib kelmoqda. Din ham moddiy farovonlikka erishganlar Xudoning nazari tushgan bandasi deb tariflagan. Kambag’allik mavjud imkoniyatlardan foydalana bilmaslik sifatida talqin etilgan va qashshoq  odam irodasiz, uquvsiz hisoblanib, hurmatga loyiq sanalmagan.

Hozirda jamiyatda amerikacha orzuning o’rni qanday? Jahon iqtisodiy inqirozi aksariyatni o’z rejasini o’zgartirishga majbur etdi. Matbuot xabarlariga ko’ra, odamlar restoranga borishdan, yangi kiyimlar sotib olishdan, tez-tez avtomashinalarini almashtirishdan, uy-joy qurishdan o’zlarini tiya boshlashdi. Shunday bo’lsa-da, amerikaliklar o’z g’oyasiga aylanib bo’lgan orzudan voz kechmoqchi emas.

2009 yilda The New York Times gazetasi va CBS News telekanali aholi orasida so’rov o’tkazib, “Inqiroz sharoitida amerikancha orzuni qanday qabul qilasiz?” degan savolga javob axtardi. Natija sotsiologlarni hayratga soldi. So’rovda qatnashganlarning 72 foizi amerikancha orzuning asosiy talabi bo’lmish qashshoqlikdan boylikka sakrab o’tish mumkinligiga ishonch bildirgan, 44 foizi orzuni ro’yobga chiqardik deb hisoblashgan. Ulardan 31 foizi orzuni amalga oshirish niyatida ekanliklarini, 20 foizi esa undan voz kechishganliklarini uqtirishgan.

Nima, boshqalarda orzu yo’qmi?

 

Amerikacha orzu xususda gap ketganda, boshqalar “nima, bizda orzu yo’qmi?” degan savolni o’rtaga tashlashadi. Inglizcha, fransuzcha, ruscha, o’zbekcha orzu bormi? Rus mualliflaridan birining zarda bilan uqtirishicha, rus kishisiga bolaligidan singdiriladigan orzu quyidagicha: hech narsa qilmasdan peckada yotib, vaqt-soati kelishini kutish kerak,  sehrli tayoqcha harakati bilan oltin baliqcha, boylik va baxt kelishi  mumkin.

Albatta, barcha xalqlarda boylikka, munosib hayotga intilish bo’lgan. Shunga mos orzu-umidlar shakllanib borgan. Lekin hamma gap ularning qanchalik reallik kasb etganligida, amalga oshirish imkoniyatlarining mavjud bo’lganligida. Ko’p hollarda orzu faqat xom xayol bo’lib qolgan yoki aniq orzu mavjudligida ham uni amalga oshirish imkoniyatlari bo’lmagan.

Masalan, yaqin o’tmishimizni olaylik. Sho’ro zamonida boylik va farovon turmush haqida gapirilardi. Ammo bunda davlat boyligi va umumxalq farovonligi nazarda tutilardi. Alohida shaxsning davlatmand bo’lishga intilishi noto’g’ri talqin etilardi. Kim qancha harakat qilmasin, mehnati uchun belgilangan maoshdan ortiqcha hech narsa ololmasdi. Bu shaxsiy tashabbusni bo’gib qo’ygan omillardan edi.

Keyingi yillarda AQShga kelayotganlarning ancha qismini o’sha sharoitda ulg’aygan o’rta va katta yoshdagi fuqarolarimiz tashkil etadi. Ular qanday ishlar bilan band, amerikacha orzudan qanchalik xabardor? Bu mamlakatda yaratilgan imkoniyatlardan qanday foydalanishmoqda? Farzandlarinig o’qib, malakali mutaxassis bo’lib yetishishi uchun qayg’urishmoqdami yoki tezroq pul topsin deb to’g’ri kelgan ishga yuborishyabdimi?

Ana shu va shularga o’xshagan savollarga javob topishimiz yangi kelgan vatandoshlarimiz uchun muhim amaliy ahamiyatga ega. Ko’pgina yoshlarimiz turli sohalarda ma’lum yutuqlarni qo’lga kiritishgan. Ulardan bosib o’tgan yo’llari haqida yozishlarini yoki bizga sim qoqishlarini so’ragan bo’lardik. Chunki aniq misollardan boshqa ta’sirchan vosita topish mushkul. Muhokamaga loyiq yana bir savol mavjud: amerikacha orzuni o’tgan asrlarda qanday tushunishgan bo’lsa, shundayligicha qabul qilaveramizmi? Unga erishishning yo’l va vositalarinichi? Yana bir muhim masala amerikacha orzu bugungi muhojirlar uchun haqiqatmi yoki sarob ekanligi.

Ushbu mavzuni davom ettirish niyatimiz bor. Fikringizni kutib qolamiz, aziz gazetxon.

 

Toshpo’lat Rahmatulla

SHARE