Ramazon oyi keldi: uni qanday o’tkazish kerak?

Musulmon olami uchun sevimli bo‘lgan Ramazon oyi ostonasida turibmiz. Alloh taolo har bir sog‘lom va voyaga yetgan musulmonga Ramazon oyida to‘liq ro‘za tutishni buyurgan. Ro‘za tutishda inson sog‘lig‘i uchun ko‘p foydalar borligi olimlar tomonidan isbotlangan.

Masalan, amerikalik olim Pol Breg ellik yillik ilmiy tarjibasi mahsuli o‘laroq “Mo‘jizakor ochlik” nomli kitob yozgan. Dunyoning ko‘p tillariga tarjima qilingan bu kitobda ro‘za inson sog‘ligi uchun eng foydali omil ekani aytiladi. Bu esa Imom Tabaroniy o‘zlarining “Al-Avsat” kitobida Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan, “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, degan hadisi sharifning ilmiy tasdig‘idir. Eng ajablanarlisi, ro‘za bilan davolovchilar kishi sog‘-salomat yurishi uchun yiliga 28-32 kun ixtiyoriy och qolishi kerak, degan xulosaga kelganlar. Alloh taolo esa bu muddatning  o‘rtachasi – 30 kunlik Ramazonni biz musulmonlarga bundan 15 asr ilgari farz ibodati qilib qo‘ygan. Buyuk vatandoshimiz shayxur-rais Ibn Sino ham kishilarni ochlik yo‘li bilan davolagan.

Hozirgi kunimizda Suriya bosh muftiysi Shayx Ahmad Kuftaru Islom olamida ro‘za bilan davolash bobida ancha shuhrat qozonganlar. Mashhur sportchi, asrimiz boks tarixi afsonasiga aylangan afsonaviy Muhammad Ali ham tuzalmaydigan dardiga u kishining huzurlarida shifo topgan edi. Bungacha Muhammad Ali o‘zini davolatish uchun 30 million dollar sarflagan, ammo biror natijaga erishmagan edi. Alloh unga yigirma kunlik ochlikdan so‘ng shifo beradi.

Ochlik bilan saraton-rak kasalidan shifo topgan odamlar haqida ham xabarlar bor. Ana shunday foydali amalni biz musulmonlarga savob, ma’naviy ibodat qilib qo‘ygan Alloh taologa hamdu sanolar aytish kerak.

Musulmon ushbu ibodatni qanday amalga oshirishi kerak? Shu savolga javob berish uchun quyida Ramazon oyi ro‘zasini tutish yo‘l-yo‘riqlari haqida umumiy ma’lumot beramiz.

Rahmat va mag‘firat oyi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», – dedilar». (Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O’zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay». (Buxoriy, Muslim, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilishgan.)

Ro‘za arkonlari

Ro‘zaning sahih bo‘lish sharti uning ikki rukniga bog‘liq. Ular: niyat – qalbda Allohga bo‘ysunish va Unga yaqinlashish maqsadi bilan ro‘za tutishga azmu qaror qilish, subh-tong kirgandan to quyosh botguncha yeb-ichish va jinsiy aloqadan tiyilish.

Ro‘zaning mustahablari

1. Saharlik qilish. Undan murod sahar payti turib, kunduzi ro‘za tutish niyatida yeb-ichishdir. Ibn Munzir saharlik qilish sunnat ekaniga olimlar ittifoq qilishganini aytganlar. Payg‘ambar alayhissalomning saharlik qilmasdan ro‘za tutganliklari uning vojibligini bildirmaydi. Saharlik qilish bilan mo‘minlar ahli kitoblardan farqlanib turadilar. Saharlikning eng kami biron narsa yeb olishdir. Bir qultum suv ichib olinsa ham, saharlik qilgan hisoblanadi. «Saharlik qilingiz, saharlikda baraka bordir», deganlar Nabiy alayhissalom (muttafaqun alayh).

2. Saharlikni tongga yaqin qilish. Zayd ibn Sobit aytadilar: «Rasululloh bilan birga saharlik qildik. So‘ng u zot namozga turdilar. Men: «Saharlik bilan azon orasida qancha vaqt bor?» deb so‘radim. «Ellik oyat miqdoricha», dedilar (Muslim rivoyati).

Saharlik qanchalik tongga yaqin qilinsa, shunchalik afzal bo‘ladi. Faqat tong kirib qolgunga qadar kechiktirmaslik kerak. Kechroq saharlik qilgan kishi ko‘proq ajr oladi, kunduzi ham to‘qroq yuradi. Yeb-ichib o‘tirgan kishi tong kirib qolganini sezsa, yeb-ichishni to‘xtatadi va ro‘zasini tutaveradi. Vaqt juda kam qolganini bilaturib, o‘zini g‘aflatga solib, yeb-ichib o‘tirish uzr bo‘lmay qolishi mumkin. Shuningdek, ehtiyot yuzasidan deb subhi sodiqdan ancha ilgari, masalan, bir soat oldin og‘iz yopib olish ham sunnatga xilofdir.

3. Iftorni ertaroq qilish. Quyosh botgani aniq bo‘lganidan keyin darhol og‘iz ochish lozim. Shirin va ho‘l narsa ila og‘izni ochish afzal. Payg‘ambar alayhissalom bu haqda shunday deganlar: «Odamlar iftorni ertaroq qilar ekanlar, mudom yaxshilik ustida bo‘ladilar» (muttafaqun alayh). Anas (r.a.) aytadilar: «Payg‘ambar alayhissalom suv bilan bo‘lsa ham, og‘iz ochmagunlaricha shom namozini o‘qimas edilar» (Termiziy rivoyati).

4. Iftor mahali duo qilish. Payg‘ambar alayhissalom og‘iz ochganda quyidagicha duo qilar edilar: «Chanqoq qondi, tomirlar ho‘llandi va ajr sobit bo‘ldi, inshaalloh» (Imom Buxoriy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu esa shunday derdilar: «Ey Allohim, men Sendan hamma narsadan keng bo‘lgan rahmating bilan suraymanki, gunohlarimni kechir» (Ibn Moja rivoyati).

5. Ro‘zadorlarga iftor qilib bermoq.

6. Junublik, hayz va nifosdan qilinadigan g‘uslni kechga qo‘ymay tong otishdan oldin qilib olmoq.

7. Ortiqcha gap-so‘z va amallardan til va jismlarni tiymoq.

8. Ro‘zani buzmaydigan, ammo huzurbaxsh bo‘lgan narsalarni tark qilmoq.

9. Oila a’zolari va qarindoshlarga kengchilik qilish. Beva-bechora va kambag‘allarga xayr-ehsonni ko‘paytirish.

10. Qur’on qiroati, ilm suhbatlari, zikr va calovotlarni ko‘paytirish.

Ro‘zador uchun makruh amallar

1. Uzrsiz biror narsani tatib ko‘rish va chaynash. Chunki, bunga o‘xshash narsalar ro‘zaning buzilishiga olib borishi mumkin.

2. Og‘izga ta’m beradigan hech qanday moddasi bo‘lmagan saqich chaynash. Bu ishni qilgan odamni og‘zi ochiq deb o‘ylaydilar.

3. Quchoqlashish, o‘pish va ushlash kabi shahvatni qo‘zg‘aydigan ishlar.

4. . Jinsiy yaqinlik qilishdan o‘zlarini tiyib qolishga ishonchlari bo‘lmasa ham, (er-xotinning) a’zolarini bir-birlariga tekkizishlari.

5. Qasd ila tupugini og‘zida to‘plash va uni yutish.

6. Ro‘zadorni zaiflashishga olib boradigan o‘tkir nashtardek narsa bilan qon oldirish kabi ishlarni qilish.

Ro‘zador uchun makruh bo‘lmagan ishlar

1. Mo‘ylabga xushbo‘y narsa surtish.

2. Surma qo‘yish.

3. Holsizlanish yoki quvvatdan ketib qolishdan amin bo‘lsa, qon oldirish.

4. Ertalab misvok qilish.

5. Og‘iz va burunni chayish.

6. G’usl qilish.

7. Salqinlash uchun ho‘l lattaga o‘ranish.

Ro‘zani buzmaydigan narsalar

1. Ro‘za tutganini unutib, taom yeyish, ichimlik ichish, jinsiy aloqa qilish.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Ro‘zador kishi ro‘zasi esdan chiqib biror narsa yeb qo‘ysa, yegani Alloh bergan rizqidir, qazo qilmaydi”, deganlar. Taom yeb yoki ichib turgan holatida ro‘zadorligi esiga tushsa, yeyishini to‘xtatadi, og‘zidagi luqmani chiqarib tashlaydi. Ro‘zasi esiga tushganida ham, yeb-ichishda davom etsa yoki og‘zidagi luqmani chaynayversa, bunga kafforat lozim bo‘ladi. Jinsiy yaqinlik qilayotgan kishi ro‘zadorligini eslashi bilan ajrashi kerak. Agar undan keyin ham turib qolsa, ro‘zasi buziladi.

2. Ro‘zadorligini unutib ovqat yeyotgan kishi iftorgacha chiday olmas darajada och yoki tashna bo‘lsa, unga ro‘za tutgani eslatilmaydi. Iftorgacha sabr qilishga kuchi yetishi aniq bo‘lsa, ro‘zadorligi eslatiladi.

3. Erkak yoki ayolning shahvat qo‘zg‘aydigan joyga tikilish yoki shahvat qo‘zg‘ovchi narsalarni (uzoq) o‘ylab qolish oqibatida maniysi to‘kilsa, o‘zi gunohkor bo‘lsa ham, ro‘zasi ochilmaydi. Kunduz kuni ehtilom bo‘lib qolsa, hatto kechqurungacha junub holida qolsa ham ro‘zasi ochilmaydi.

4. Ko‘ziga dori tomizsa, rang yoki surma qo‘ysa, garchi surilgan narsaning ta’mi sezilsa ham ro‘zasi ochilmaydi.

5. Qon oldirsa ro‘zasi ochilmaydi.

6. Misvok qilsa ro‘zasi ochilmaydi.

7. Sochga yog‘ (rang) sursa ro‘zasi ochilmaydi.

8. G’usl qilsa yoki salqinlash uchun ho‘l lattaga o‘ransa ro‘zasi ochilmaydi.

9. G’iybat qilsa yoki og‘zini ochishni niyat qilib, buzmasa ro‘zasi ochilmaydi.

10. Ro‘zadorning ichiga uning ixtiyorisiz tutun, changu g‘ubor yoki pashsha kirsa ro‘zasi ochilmaydi. Ammo ro‘zadorligini eslab turib xushbo‘y narsani tutatib hidlasa, ro‘zasi ochiladi.

11. Tish oldirib, qon yoki dorini yutmagan bo‘lsa ro‘zasi ochilmaydi.

12. Erkak kishining jinsiy olatidan suv, moy yoki dori kiritilsa ro‘zasi ochilmaydi. Quloqdan suv kirsa, quloqni kovlasa,  qulog‘ini kavlagan cho‘pdagi kirni olib, yana shu cho‘p bilan quloq kavlasa ham ro‘zasi ochilmaydi. Ammo bu kabi ishlarni qilmagan ma’qul.

13. Balg‘am yoki burun suvining kirish yoki chiqishi bilan,  uni tortib, ichga yutsa ham ro‘zasi ochilmaydi.

14. O’z ixtiyoridan tashqari holda majbur bo‘lib qussa, shuningdek og‘iz to‘la kelib, keyin ichga qaytib ketgan qusuq ham ro‘zani ochmaydi. Barmog‘ini tomog‘iga tiqib og‘iz to‘lmaydigan holda qussa ham ro‘za ochilmaydi.

15. Tishlari orasida qolgan no‘xatdan kichik narsani yutsa ro‘zasi ochilmaydi.

16. Og‘izda qolgan biror narsaning ta’mini tupugi bilan yutish ro‘zani ochmaydi.

17. Zakariga yog‘ surish bilan ro‘za ochilmaydi.

18. Og‘izga sedana, kunjut kabi kichik narsalarni solib, ta’mi yo‘qolib ketgunicha yutmay chaynasa  ro‘za ochilmaydi.

19. Mushakka, teri ostiga ukol qilish bilan ro‘za ochilmaydi.

(«Nurul-izoh» va «Kifoya» kitoblaridan)

Mujda

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida banda uchun shafoat so‘raydi. Ro‘za: «Rabbim, men uni taom va mayllardan to‘sdim, endi uni shafoat qilaman qabul et!» deydi. Qur’on: «Men uni tunlari uyqudan to‘sdim, endi uni shafoat qilaman qabul et!» deydi. Shundan so‘ng ularning shafoatlari qabul qilinadi» (Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Alloh taolo jahannamni Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutgan bandaning yuzdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi», dedilar. (Imom Abu Dovuddan boshqa barcha shlonchli muhaddislar rivoyat qilishgan).

Bir odam Rasulullohga: “Men Allohdan boshqa iloh yo‘qligiga, siz Allohning elchisi ekaningizga guvohlik bersam, besh vaqt namozni o‘qisam, ramazon ro‘zasini tutib, kechalari ibodat bilan bedor bo‘lsam, kimlar bilan birga bo‘laman?» dedi. Nabiy: «Siddiqlar va shahidlardan birisan», deb javob berdilar. (Ibn Huzayma va Ibn Hibbon rivoyati)

Ushbu oy ibodatlarini to‘kis bajarib, Yaratganning rahmati va mag‘firatiga erishish, U va’da etgan Rayyonlar bilan mujdalanish barcha mo‘‘min-musulmonlarga nasib etsin!

AbdulAziz tayyorladi.

SHARE