Axbor Imomxo‘jaev: «Paxtakor» – dardim va quvonchim…

Mavlon SHUKURZODA

11-avgust! 1979-yilning saratoni tugash arafasi… Ukraina osmonida fojeali voqea sodir bo‘ldi. Sobiq Ittifoqning ajoyib jamoalaridan biri «Paxtakor» jamoasi joylashgan tayyora portlab ketdi. Ha, bu voqea agar paxtakorchilarga aloqador bo‘lmaganida, birov bilmasligi mumkin edi. Chunki u paytda bunaqa xabarlarni «yopib» yuborishardi. Biroq, bitta yaxlit jamoaning yo‘q bo‘lib qolishi baribir shubhalarni ochib tashlashi turgan gap edi. Xullas, qattiq zarba berildi. O‘zbek futboli o‘shandan keyin qariyib 15 yil o‘ziga kela olmaganini guvohi bo‘ldik. O‘zbekiston milliy terma jaomasi 1994-yili Xirosimada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida chempionlikni qo‘lga kiritgani ko‘pchilik futbol muxlislarida umid uchqunlarini yoqdi…

Mamlakatimzda 1979-yilgi fojeada halok bo‘lgan jamoamiz a’zolarini an’anaga muvofiq tarzda 11-avgust kuni keng jamoatchilik yodga olish odat tusiga aylandi. Bugungi suhbatimiz aynan o‘sha fojea haqida…

***

"Paxtakor"ning 17 o'g'loni 1979-yilning 11-avgust kuni samoga yulduzlardek sochilib ketdi...

O‘zbekiston futboli tarixini va ayniqsa o‘zbek futbolining flagmeni Toshkentning «Paxtakor» futbol jamoasi tarixini va uning ichki hayotini mukammal bilgan, xalqimiz suygan inson, o‘zining shirali ovozi bilan ko‘pchilikni maftun etgan, shu soha yirik mutaxassisi, futbol bilimdoni, ko‘pchilik futbol sharhlovchilarining ustozi Axbor aka Imomxo‘jaev bilan suhbatimiz avvalida hurmatli ustozni yaqinda nashrdan chiqqan «Maftuningman, futbol» kitobchasi bilan chin ko‘ngildan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va jo‘shqin ijodlariga katta muvaffaqiyatlar tiladim. Ustozning dastxati bitilgan yangi kitobchasi esa men uchun bir dunyo quvonch bag‘ishladi, kitobni shu kuniyoq mazza qilib o‘qib chiqdim… Axbor aka Imomxo‘jaev bilan bo‘lib o‘tgan bugungi suhbatimiz, asosan, ko‘pchilik o‘zbek va nafaqat o‘zbek muxlislari balkim, sobiq Ittifoq miqyosida ko‘pchilikning xotirasida abadiy muhrlanib qolgan «Paxtakor-79» to‘g‘risida kechdi…

Mazkur suhbat davomida Axbor aka bu boradagi hali «tesha tegmagan» bir necha xotiralarini ham eslar ekanlar, suhbatlasha turib, bir necha bor ko‘zimizga yosh qalqiganini sezmadik ham…

– Hurmatli Axbor aka, «Paxtakor-79»ni samoga yulduzlar kabi sochilib ketganiga ham mana chorak asr bo‘libdi… Keling shu damlarni yana bir bor eslasak…

– Tip-tiniq osmonda gulduragan momaqaldiroqni tasavvur qilasizmi? «Paxtakor»ning halokati haqidagi xabar ham barchani birdaniga dahshatga solib yubordi, desam yanglishmayman. Xalqimizning faxri va g‘ururi bo‘lgan «Paxtakor»ning nomi ham «Torino» Italiya (1949 yil), «Manchestr Yunayted» Angliya (1958), «Grin-Kroe» Chili (1961), «Strongest» Boliviya (1969), «Alyans» Peru (1987), Zambiya II terma jamoasi (1993) jamoalari qatoridan joy oldi. Shonli «Paxtakor»imiz endigina xalqaro sport maydonida tanilayotgan, uning kuch-quvvatga va mahoratga to‘la o‘yinchilari o‘zlarining chiroyli gollari bilan barchaning diqqatiga sazovor bo‘la boshlagan, «Spartak» (Moskva), «Dinamo» (Kiev), «Shaxter» (Donetsk), «Dinamo» (Tbilisi) kabi mashhur jamoalardan cho‘chimasdan o‘ynay olishi bilan ko‘plab ishqibozlarning suyukli komandalariga aylangan bir davrda, aniqrog‘i, 1979-yilning 11-avgust kuni osmonu falakda ikki havo laynerining to‘qnashib ketishi oqibatida halokatga uchradi. Aynan o‘sha, o‘zbek futboli uchun qayg‘uli va alamli kun —11-avgust, soat 13 dan 38 daqiqa o‘tganida Toshkent — Guryev — Donesk — Minsk yunalishida 65816-reysi bilan uchib borayotgan havo layneri 8400 metr balandlikda Chelyabinsk — Kishinev marshrutidagi 65735-raqamli reysdagi boshqa bir samolyot bilan to‘qnashib ketadi. Dahshatli halokat har ikkala samolyotdagi 178 yo’lovchi hamda ekipaj a’zolari hayotiga zomin bo‘ladi. Ular orasida shonli «Paxtakor»ning shavkatli 17 o‘g‘loni ham bor edi.

Xotirang bugungi avlod o'yinlarida yashaydi, "Paxtakor - 79"...

– Aql bovar qilmaydigan dahshatli halokatning sabablari nimada bo‘lgan ekan? Bu voqea shunday keng osmonu falakda qanday sodir bo‘lganini shu vaqtgacha tassavur qila olmayman…

– Samolyotlardan birining ekipaj komandiri bulutlar orasidan yuqoriga chiqish maqsadida dispetcherdan ruxsat so‘raydi, dispetcher-stajyor esa unga ruxsat beradi. Ikki samolyot 8400 metr balandlikda bir-biriga katta tezlikda yaqinlashib kela boshlaydi. Shu vaqt xonaga kirib qolgan dispetcherlar boshlig‘i vaziyatni tezda anglaydi va halokatning olddini olish maqsadida samolyotlardan birini yanada balandroq ko‘tarilishi uchun buyruq beradi. Buyruqni esa ikki samolyot uchuvchilari o‘rniga efirga tasodifan kirib qolgan uchinchi samolyot, ya’ni IL-62 havo layneri qabul qiladi, dispetcher esa javobni kimdan olganligini tekshirib ham ko‘rmaydi… Shunday qilib, Ukrainaning Xarkov shahri aeroporti dispetcherlari Nikolay Jukovskiy va Vladimir Sumskoylarning qo‘pol va tuzatib bo‘lmas dahshatli xatolari oqibatida Dneprodzerjinsk shaharchasi yaqinidagi Kurilovka qishlog‘i ustida ikki «TU-134» samolyotlari to‘qnashib ketadi. Natijada boshqa yo’lovchilar bilan bir qatorda 17 nafar paxtakorchilar ham halok bo‘lishdi…

– Yaxshi insonlar o‘lmaydilar, ular hamisha qalbimizda, xayolimizdadir! Sergey Pokatilovning paxtakorchilar darvozasini mohirlik bilan qo‘riqlashi, Olim Ashirov va Yuriy Zagumennixning himoyada metindek mustahkam turishlari, Mixail Anning maydonni a’lo darajada ko‘ra bilishi, Shuhrat Eshbo‘tayev va Viktor Churkinning bir-biridan chiroyli qanot hujumlari, Vladimir Fyodorovning mana man degan himoyachilarini dog‘da qoldirib ketishi, Idgay Tazitdinovning mohirlik bilan o‘yin boshqarishi, har yerda hoziru nozirligi, Mansur Tolibjonovning yelib-yugurishlari… bularni unitib bo‘ladimi, axir! Ilohim, ularning joylari jannatda bo‘lib, oxirati obod bo‘lsin!

Halok bo'lgan futbolchilarni dafn etish marosimi, 1979-yil.

– Axbor aka, keyin nima bo‘ldi? Paxtakorchilarning yorqin xotrasini abadiylashtirishda sizning ham katta hissangiz borligi barchaga ma’lum, shu tadbirlar xususida ham to‘xtalsangiz.

– Respublika hukumati va sport jamoatchiligining tashabbusi bilan shonli paxtakorchilar xotirasini abadiylashirish, ularning oilalariga moddiy va ma’naviy yordam berish maqsadida talaygina tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkentdagi Botkin qabristonida ulkan xotira memoriali qad ko‘tardi. «Paxtakor» Markaziy stadionida «Xotira» yodgorligi bunyod etildi. Namangan shahridagi Markaziy stadion yonida «Seni unutmaymiz, «Paxtakor!» deb ataluvchi muzey bog‘i ochildi. Toshkentning “Ishchilar shaharchasi” deb ataladigan mavzesidagi 17 ta ko‘cha halok bo‘lgan paxtakorchilar nomi bilan atala boshlandi. Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi katta mahallalardan biriga «Olim Ashirov» va katta ko’chalardan biriga esa «17 Paxtakorchi» nomi berildi.
Umuman, yurtimizda futbol deb atalmish ohanrabo va xalqimiz nihoyatda ardoqlaydigan sport o‘yinini targ‘ibot va tashviqot qilishda bir guruh fidoiy insonlarning hissalari nihoyatda kattadir. Ulardan biri To‘ytepada o‘sib voyaga yetgan futbol mutaxassisi, respublika toifasidagi hakam Zohidjon Omilovdir. Aynan shu fidoyi insonning yelib yugurishi va sa’y-harakatlari tufayli To‘ytepa shaharchasidagi «Yubiley» stadioniga Olim Ashirovning tabarruk nomi berildi. Sirojiddin Bozorov hamda Shuhrat Eshbutayevlar ta’lim olgan maktablar ham ular nomi bilan atala boshlandi.

– Ma’lumki, 1980-yildan beri mamlakatimizda «Paxtakor-79» xotira turniri o‘tkazib kelinmoqda. Marhum paxtakorchilar ruhlarini shod etishda faol ishtirok etayotgan fidoyi insonlar to‘g‘risida ham bir og‘iz to‘xtalsangiz.

– Shu o‘rinda yaqinda bo‘lib o‘tgan ibratli tadbir to‘g‘risida gapirib bersam. Namangan viloyatining Uychi tumani mehnatkashlari «Paxtakor—79» turnirlaridan birini ularning o‘yingohlarida tashkil etishni so‘rab, respublika futbol federatsiyasiga maktub yo‘llashdi. Uychiliklarning iltimoslari qondirilib, paxtakorchilar oila a’zolari va sport jurnalistlari bilan to‘lgan avtobus Uychi tomon yo‘l oldi. Tuman markazidagi «Paxtakor» stadioni xududida yangi daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, ular ostiga paxtakorchilarning nomlari yozilgan taxtachalar o‘rnatildi. Namanganlik futbol muxlislaridan tijoratchi Odiljon Mamadaliev Markaziy stadion yonida «Paxtakor—79» usti ochiq muzeyini barpo etdi. Shonli o‘yinchilarimizning portretlari, halokatga uchragan samolyot modeli, ixchamgina futbol maydoni, mahalliy rassomlar chizgan rasmlar, futbolchilar unvonlari, bularning barchasi qo‘li gul hunarmandlar tomonidan katta mahorat bilan ishlangan. Xotira turnirining final uchrashuvi Namangandagi markaziy stadionda o‘tkazilib, unda uychilik yosh futbolchilar g‘olib chiqishdi.

Manna 25 yildirki, «Paxtakor-79» a’zolari, Toshkent viloyatidan yetishib chiqqan Mixail An, Vladimir Fyodorov va Olim Ashirovlar bilan birgalikda to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lgan, hozirgi kunda poytaxt viloyati futbol federatsiyasining mas’ul kotibi vazifasida faoliyat ko’rsatayotgan Shomil Yafarovning tashabbusi bilan har yili viloyat hududidagi stadionlarda yuqorida nomlari ko‘rsatib o‘tilgan o‘zbek futboli yulduzlari nomlarini yod etish maqsadida «Hamqishloqlar xotirasi» turniri tashkil etib kelinmoqda.

Paxtakorchilar qabri, Ukraina, Kurilovka qishlog'i

«Paxtakor-79» xotirasini abadiylashtirish borasida qilinayotgan savobli va xayrli tadbirlarni amalga oshirishda hormay-tolmay xizmat qilayotgan 3 fidoyi insonning xizmatlari oldida men bosh egaman: Toshkentning «Paxtakor» futbol maktabida yosh bolalarga futbol alifbosini o‘rgatib kelgan iste’dodli murabbiy Gataul Mejetov, Namangan viloyati Uychi tumani «Un hayot» qishlog‘i bolalar va o‘smirlar sport maktabining murabbiysi Mamadali Mo‘minov, Samarqand viloyati Narpay tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabining direktori Sirojiddin Bozorovning hamqishlog‘i Eshquvvat Ulug‘ov…

Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri (Nikolay Kulikov), Samarqand viloyatining Narpay tumani (Sirojiddin Bozorov), Buxoro shahri (Ravil Agishev va Vladimir Sobirov), Navoiy shahri (Shuhrat Eshbutaev), Toshkent viloyati (Mixail An, Olim Ashirov, Vladimir Fedorov), ana shunday xotira turnirlarining o‘ziga xos markazlariga aylandi. Bunday tadbirlar hattoki boshqa respublikalarda ham o‘tkazilayotganligi diqqatga sazovor. Mana bir necha yildirki, Moskva ostonalarida joylashgan DSK-№3 yirik tashkilotida har yili mazkur kollektivda bir vaqtlar sport instruktori lavozimida ishlagan Nikolay Kulikov xotirasiga bag‘ishlab futbol turniri tashkil qilinar ekan. Yillar o‘tadi, davrlar o‘tadi. Lekin o‘sha «Paxtakor» o‘yinlarini ko‘rib zavq-shavq olgan kishilar qalbida ular bir umr yashaydilar.

– Axbor aka, siz barcha paxtakorchilar bilan aka-ukaday edingiz, shu bilan birga, bilishimcha, siz ayniqsa Olimjon Ashirov bilan yaqin do‘st bo‘lgan ekansiz. Uning qanday futbolchi bo‘lganligi barchaga ayon. Iltimos, uning insoniy fazilatlari to‘g‘risida gapirib bersangiz…

– Sizga bir voqeani gapirib beray. Hali-hali yodimda, «Paxtakor» markaziy stadionidan chiqib kelayotgan edim. Shu vaqt kutilmaganda yonimga yap-yangi oq rangli «Volga» yengil mashinasi kelib to‘xtadi. Hayron bo‘lib u tomon o‘girildim, qarasam haydovchi o‘rnida kulimsiragan holda mening azaliy do‘stim Olim Ashirov o‘tirar edi. U mashinadan tushib yugurganicha yonimga kelib «Assalomu alaykum, Axbor aka! Yo’l bo‘lsin?» dedi. Men unga hozirgi Mustaqillik maydonida joylashgan O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport komitetiga ketayotganligimni aytdim. Akajon o‘tiring, eltib qo’yaman… Olimjon ukaginam, o‘zi manzil yaqingina-ku! Avval o‘tiring, keyin bir gap bor, deb meni qo‘yarda qo‘ymay mashinaga o‘tkazdi.

Mashina yeldek uchib borarkan, Olimjon gap boshladi: «Axbor aka, duo qiling mashinani hozirgina oldim. Siz, akajon mashinaga o‘tirgan birinchi yo‘lovchi bo‘ldingiz». Bilganimcha duo qilaman, shu daqiqalarda paxtakorchi iste’dodli futbolchimizning suyunchi ichiga sig‘masdi. O‘z-o‘zimdan xursand bo‘lib ketaman, chunki bu voqeadan salkam bir yil avval «Paxtakor» murabbiylaridan biri, mening aziz kursdoshim Hamid Raxmatullaev bilan birga (u vaqtlari kamina «Paxtakor» Markaziy sovetida kasaba uyushmasi raisi lavozimida xizmat qilardi) «Politotdel» kolxoziga Ashirovlar xonadoniga tashrif buyurib, ularning yangi kvartira haqidagi barcha hujjatlarini rasmiylashtirib Olimjon va Luizaxonlarning Toshkent shahri markazidan yangi uy olishlariga ozmi-ko‘pmi o‘z hissamizni qo‘shgan edik. Bu uyda hozir Olimjonning oilasi istiqomat qilmoqda…

– «Paxtakor-79»ning aviahalokatga uchrashi butun O‘zbekistonni motam jabhasiga aylantirib yubordi. Ko‘ziga yosh olmagan, dod deb yig‘lamagan yo‘q edi desam yanglishmagan bo‘laman. Bu xunuk xabardan o‘zidan ketib qolgan kishilar ham bo‘lgandi o‘sha kunlarda. Hamma yoqda qayg‘u, motam, alamli nigohlar…

Respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasi rahbarlari Fozil Shokirov, Ahmad To‘raxo‘jaev, Narimon Jalolovlar bilan birga erta tongda Olimjonning yigirma marosimiga otlandik. «Politotdel» kolxozi, “Bardon ko‘l” qishlog‘ida Ashurovlar oilasi istiqomat qiladigan xonadon odamlar bilan gavjum. O‘sha kunlari Olimjonning ukasi Baxtiyor O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining futbol bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan edi. Institut rektori Ahmad aka Baxtiyorni chaqirib, uning o‘qishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishini aytdilar.
Dasturxonlarga osh torildi… Shu vaqt xizmat qilayotgan kishilar o‘rtasida pichir-pichir gap boshlandi… Hamma bir-biriga soqov kishilardek imo-ishora qilardi. Biz ham hayron bo‘lgancha u tomonga qaradik: eshik tomondan hovliga azbaroyi ko‘p yig‘laganidan qovoqlari shishib ketgan Mixail Anning akasi Dmitriy kirib kelar edi… Unga Olimjonning onasi Rohatoy aya peshvoz chiqdi… Ularning ikkalasi lom-mim demasdan, ho‘ngrab yig‘laganlaricha bir-birlarining quchoqlariga otilishdi… Biri suyukli o‘g‘lidan, ikkinchisi iste’dodli ukasidan ajralib qolgan kishilarning faryodlarini ko‘rish va tinglash yig‘ilganlar uchun naqadar og‘irligini tasavvur ham qila olmaysiz…
Palov ham tomoqdan o‘tmasdi. Men hali hayotimda bunaqasini uchratmaganman (ishqilib bu birinchisi va oxirgisi bo‘lsin), osh eyayotganlaru, xizmat qilayotganlar, hassakashlaru oshpazlar barcha-barcha ho‘ngrab yig‘lardi…

Paxtakor - 1979

– Men ham bu xonadonda ko‘p bo‘lganman. Mehribon va mehmondo‘st Rohatoy ayaning ko‘p suhbatlarini eshitish baxtiga muyassar bo‘lganman. Lekin, siz ko‘proq u kishining duolarini olgansiz. Aytingchi, ona va bolaning munosabatlari qanday bo‘lgan?

– O‘zbekiston televideniyesining «Futbol chorrahalarida» ko‘rsatuviga intervyu olish uchun texnik xizmatchilar bilan birga Ashirovlar xonadoniga yo‘l oldik. Bizni nihoyatda horg’in va g‘amgin, yuzlaridagi ajinlari anchagina ko‘paygan Rohatoy aya ko‘zlarida yosh bilan kutib oldilar. Suhbat davomida Olimjonning yoshlikdagi rasmlarini bizga ko‘rsatdilar.
Onaizor hikoyalaridan: …Hamon ko‘z oldimda, 1979-yilning 10-avgusti edi… Olimjon o‘g‘ilginam har galgidek eshikdan shoshib kirib keldi. Odatdagidek, quchoqlashib ko‘rishdik. Xotini Luizaxon, o‘g‘illari Oleg va Ulug‘bek haqida so‘rab surishtirdim. Ertaga «Paxtakor» navbatdagi safarga otlanayotgan ekan, shuning uchun o‘g‘lim biz bilan xayrlashgani kelgan ekan… U ketishga hozirlanayotgan daqiqalarda hovlimizga bir moshina quruq o‘tin keltirishdi. Bir mahal qarasam o‘g‘lim yechina boshladi. Men, ovora bo‘lma, hozir ukang Baxtiyor o‘zi tashib oladi, – desam ham ko‘nmadi. Bir pasta bir mashina o‘tinni oshxonamizga tashib taxlab qo‘ydi. Tezda yuvinib artinib mashinasiga o‘tirdi… Keyin qaytib keldi meni o‘z bag‘riga olib, o‘pib qo‘ydi… Men bechora qaydan bilay, o‘sha kuni Olimjonimni so‘nggi marta ko‘rayotganimni… Ishqilib joyi jannatda bo‘lsin, o‘g‘ilginamning…

– Marhum paxtakorchilarning tarixini eslatuvchi xotira kitoblarini chiqarish ishlari qanday ketyapti? Bu ishga kim boshchilik qilmoqda?

– O‘zbek futbolining ashaddiy muxlislari bo‘lmish jurnalist hamkasblarimizdan Eduard Avanesov, Ravil Biktagirov, Vladimir Safarov va Alla Tazetdinovalarning sa’y-harakatlari bilan marhum paxtakorchilarga bag‘ishlangan «Qanotlar xotirasi» rangli kitobi chop etildi. Mana kuni kecha bu kitobning qayta ishlangan yangi varianti dunyo yuzini ko‘rdi. «Paxtakor» murabbiysi Idgay Tazetdinovning rafiiqasi, iqtidorli jurnalist Alla Tazetdinovaning tashabbusi bilan Dneprodzerjinsk yaqinidagi Kurilovka qishlog‘i atrofidagi aholi bilan suhbatlashib, halokat sabablarini o‘rganish maqsadida Ukrainada, Belorussiyada, Moskvada bo‘lindi, to‘plangan materiallar asosida hujjatli film yaratildi.

 – Sizning barcha chiqargan kitoblaringizda ham mana shu mavzuga alohida o‘rin ajratilganligini bilamiz. «Paxtakor-79»ni tez-tez eslasangiz kerak. Aytingchi, ularning farzandlari to‘g‘isida nima deya olasiz?

– «Paxtakor»chi do‘stlarim, birodarlarim va ukalarimni o‘ylab, ularni qo’msayman… Hammalari birma-bir ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshlaydi. Yevropa chempioni, xalqaro klassdagi sport ustasi Mixail Anning o‘g‘li Dmitriy hamda jamoamizning eng tolmas o’yinchisi Aleksandr Korchenovning o‘g‘li Aleksandr respublika chempionatida «Paxtakor—79» tarkibida to‘p surishdi. Olim Ashirovning katta o‘g‘li Oleg, Yuriy Zagumennixning o‘g‘li Sergey, Viktor Churkinning o‘g‘li Andrey bir necha jamoalarda maydonga tushishdi. Afsuski, ulardan birontasi ham otalari kabi mashhur futbolchilar bo‘lib yetisha olmadi. Shunday bo‘lsa ham, baribir mamlakatimiz charm to‘p muxlislari bu borada o‘z umidlarini uzganlari yo‘q. Vladimir Sobirovning farzandi O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi a’zosi Oleg hozirgi kunda Chimkentning «Ordabosi» jamoasida to‘p surmoqda.
Konstantin Bakanovning jigarbandi respublika yoshlar terma jamoasi vakili Sergey Toshkentning «Traktor» jamoasida maydonga tushmoqda. Olim Ashirovning kichik o‘g‘li Ulug‘bek esa NBU futbol jamoasi darvozaboni sifatidagi o‘yinlari bilan ko‘pchilik o‘zbekistonlik va rossiyalik mutaxasisslarning e’tiboriga tushmoqda. Yana bir gap, yaqinda Olimjon Ashirovning katta o‘g‘li Oleg farzandli bo‘libdi, uning ismini Olim Ashirov deb qo‘yishibdi. Eng qiziqarlisi shundaki, kichik Olimjonning eng yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘i – futbol koptogi ekan… Ajab emas, yaqin kelajakda biz yana «Paxtakor» futbol jamoasida Olimjon Ashirovni ko‘rsak…! Ilohim, ularga shavkatli ota-bobolari kabi elga tanilish nasib etsin.

– Axbor aka, aytishlaricha uyingizda «Paxtakor» haqida kichik futbol muzeyi bor ekan, shu gap rostmi?

– Bilasizmi, yoshligimdan qiziq odatim bor: «Paxtakor» haqidagi znachoklar, vimpellar, rasmlarni erinmasdan yig‘ib boraman. Suyukli komandamiz to‘g‘risida bitilgan she’rlarni esa alohida katta daftarga tushirib boraman. Ular orasida elimizning iste’dodli shoirlaridan G‘afur G‘ulom, Normurod Narzullayev, To‘lqin, Olim Qo‘chqorbekovlar bilan birga bir guruh boshlovchi shoirlar tomonidan qog‘ozga tushirilgan she’riy misralar ham bor. O’sha yillari ToshDUda tahsil olayotgan havaskor shoira Gulbahor Nazarovaning yurakdan otilib chiqqan she’ri, menimcha, hech bir kitobxonni befarq qoldirmasa kerak. Nasib qilsa, mana shu adabiy meroslar to‘plamini chiqarish niyatim ham bor. Har doim o‘sha do‘stlarim, birodarlarim, ukalarim haqidagi esdaliklarimni qog‘ozga tushirar ekanman, ularning barchasi ko‘z o‘ngimdan asta-sekin kulimsiragan holda o‘ta boshlaydi. Ko‘zlarim yana jiqqa yoshlarga to‘la boshlaydi…

– Aviahalokatdan so‘ng, «Paxtakor» jamoasini tiklashda juda ko‘p ishlar qilindi, buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin, yaratilgan imkoniyatlardan qanchalik oqilona foydalanilgani to‘g‘risida o‘z fikringizni bildirsangiz?

– Sobiq sovetlar mamlakati Davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganib chiqib, «Paxtakor» jamoasi a’zolari oliy liga o‘yinlarida uch yil mobaynida nechanchi o‘rinlarni (ligadan tushib ketishi mumkin bo‘lgan o‘rinlar nazarda tutilyapti) egallashlaridan qat’i nazar oliy liga tarkibida qolishi lozimligi haqida qaror qabul qildi. Mening nazarimda, bu qaror noto‘g‘ri bo‘lib, jamoaning rivojlanishiga to‘siq bo‘lishini anglagandim. Bu haqda men o‘sha paytda kerakli idoralar rahbarlariga bir necha bor gapirganman. Bundan tashqari bunday holat saqlansa, unda butunlay yangi jamoani shakllantirish uchun uch mavsum davomida respublikamizning eng iqtidorli yoshlaridan kamida 30—40 futbolchilarni to‘plab asosiy va o‘rinbosarlar tarkiblari musobaqalarida sinab ko’rish, ular orasida o‘ziga xos ko‘rik tanlovlari o‘tkazish lozim edi.

Buning uchun esa o‘lkamizdagi barcha futbol mutaxassislarini bir joyga yig‘ib, ularning fikrlarini erinmasdan o‘rganib chiqish kerak bo‘lardi. Agar ish shunday qilinganida, o‘sha 30—40 o‘yinchilardan uch yil mobaynida hech bo‘lmaganda 16—18 tasini asosiy tarkibga tanlab olish imkoniyati tug‘ilardi. Ular esa o‘sha fojeali reysda turli sabablar bilan uchmay qolgan paxtakorchilar Anatoliy Mogilniy, To‘lagan Isoqov, Ahmad Ubaydullayev hamda o‘rinbosarlar tarkibidagi yetakchi o‘yinchilar atrofida to‘planganlarida ayni muddao bo‘lardi…

– Xo‘sh, unda tiklanish davri qanday kechdi?

– Ming afsuski, respublika sportiga mas’ul bo‘lgan rahbarlar o‘sha tashvishli davrlarda, bizning fikrimizcha, noto‘g‘ri yo‘l tutishdi, ya’ni biz yuqorida bayon qilgan takliflar o‘rniga sobiq mamlakatning turli shaharlaridan turli darajadagi o‘yinchilarni «Paxtakor» tarkibiga taklif eta boshladilar. Lekin Toshkent tomon otlangan futbolchilarning ko‘pchiligi o‘z jamoalarining asosiy tarkibidan joy ololmay zahiraga tushib qolgan yoki yoshlari anchagina o‘tib qolgan o‘yinchilar edi. Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: kim ham o‘zining asosiy tarkibidagi o‘yinchisini boshqa jamoalarga o‘tkazib yuborishi mumkin?

– O‘sha davrdagi o‘zbekistonlik sport mutasaddilarining fikri qanday edi?

– Sportimiz rahbarlarining fikriga ko‘ra, aviatsiya halokatidan keyin ham «Paxtakor» oliy liganing mana man degan komandalari bilan teng kurashishi lozim edi, lekin ular jamoaning ertangi kuni qanday bo‘lishini xayollariga ham keltirishmasdi. Ushbu fikrlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi bir necha yillardan so‘ng o‘z javobini topdi…

– 80- yillarning boshida «Paxtakor»ning tiklanishi jadal suratda boshlandi, keyinchalik esa birdaniga barcha narsa quladi… Bunga nima sabab bo‘lgan deb o‘ylaysiz?

– Darhaqiqat, «Paxtakor» o‘sha yili marraga 9- bo‘lib yetib keldi, keyingi yillari 16 va 18-o‘rinlar egallandi. 1982-yilda esa mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan holda faxrli 6-o‘rin qo‘lga kiritildi. O‘yinchilar sport ustasi unvonlariga sazovor bo‘ldilar. Hujumchi A. Yakubik «Trud» gazetasi sovrindori bo‘ldi va Grigoriy Fedotov nomli to‘purarlar klubiga qabul qilindi. Respublikamiz tashqarisidan taklif etilgan futbolchilardan N.Amriev, A.Yakubik, A.Petrushin, A.Juravlev, S. Yurchishin, M.Belyalov va boshqalar maydonda chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib muxlislar e’tiborini qozonishdi. Endigina jamoamiz oyoqqa turayotgan, muxlislarimiz «Paxtakor-79» yana maydonlarga qaytib kelmoqda, deb ishonib ishqibozlarimiz avvalgi yillardagidek yana o‘yingohlar tomon oshiqayotgan bir davrda chetdan kelgan o‘yinchilar orasada nopok kimsalar borligi asta-sekin sezila boshlandi (bularni ko‘pchilik futbolsevarlar hanuzgacha bilmasalar kerak).

Pul bo‘lsa Vatanini sotishga ham tayyor bu «futbolchilar» «Paxtakor» o‘yinlarini ham sota boshladilar. Qanchadan-qancha muxlislar bo‘lsa «Tuppa-tuzuk o‘ynab turgan jamoamizga nima bo‘ldi?» deb yuraklarini changallab qolishdi. Ba’zi jamoalar medallarga ilinish yoki oliy ligadan tushib ketmaslik uchun har qanday miqdorda pora berishga tayyorligi hech kimga sir emas. Pora olish yoki boshqacha qilib aytganda, o‘yin natijasini sotish bu shunday yaramas narsaki, uni yoningda o‘ynayotgan sheriging ham bilmasligi mumkin. U bechora uchrashuvda yengilib xunob bo‘lsa, sotilgan «o‘yinchi» raqib komandasidan kattagina miqdorda «mukofot» puli oladi. Harbiylarda bunday kimsalar otishga mahkum qilinadi, futbolda esa…

– Axbor aka, suhbatimiz ochiqchasiga ketayotganligi bois, bunday nopoklikka qo‘l urganlarning nomlarini aytsa bo‘ladimi? Nahotki, o‘sha davrda bularni «dumini tugadigan» bir mard topilmagan bo‘lsa?

– «Paxtakor»da bunday «novatorlar»larning yetakchilari V. Nechaev (jamoamiz sardori!) va A.Solovyevlar bo‘lishdi, ularning kasofatiga qanchadan-qancha o‘yinlar boy berildi. «Birniki mingga, mingniki tumanga» deganlaridek, ularning yaramas saflariga qo‘shiluvchilar ham topildi. Afsus, nadomatlar bo‘lsinkim, bu futbolchilar ketidan ularni «qo‘llab-quvvatlovchilar» ham topilib qoldi. Chetdan kelganlarni-ku tushunsa bo‘ladi, ular Toshkentga boylik ortirish uchun kelishgan (essiz kvartiralar, yengil mashinalar, qimmatbaho buyumlar va qanchadan-qancha pullar). Lekin o‘zimiznikilar-chi? Ularga nima yetishmasdi? Dunyodan bevaqt ketgan paxtakorchi do‘stlarimizning ruhlari chirqillab qolmadimi?

Bugun men bu mavzuni eslagim ham kelmayapti, agarda qiziquvchilar bo‘lsa, yaqinda chop etilgan «Maftuningman, futbol» kitobida bularning jirkanch qiyofasi ochib tashlangan. Bilasizmi, kaminaning sochlarini o‘sha voqealar butunlay oqartirdi… Agar avvalgi yillarda «Paxtakor»ning oliy ligaga qaytishi uchun bir-ikki mavsum yetarli bo‘lgan bo‘lsa, bu safar biz yuqorida ko‘rsatib o‘tgan nuqsonlar evaziga komandamiz a’zolarining yana kuchlilar tarkibiga qo‘shilishi uchun oz emas, ko‘p emas olti yil kerak bo‘ldi, u ham yetmaganidek, esingizda bo‘lsa, 1986-yilda birinchi ligadan tushib ketishiga ham bir qadam qoldi (17-o‘rin). Faqatgina 1990-yilga kelib, «Paxtakor» birinchi ligada ikkinchi o‘rinni egallab, yana oliy ligaga qaytishga erishdi…
Oylar o‘tadi, yillar o‘tadi. Lekin «Paxtakor»ni bilgan, uning yigitlari bilan suhbat qurish baxtiga muyassar bo‘lgan, paxtakorchilarning futbol spektakllaridan rohatlangan kishilar kalbida «Paxtakor—79» bir umr yashaydi va porlaydi!

Mavlon SHUKURZODA

SHARE