Fayzli Ramazon shukuhi (Fotogalereya)

Muborak ramazon oyining fazilatli kechalaridan biri. Ro‘zadorlar allaqachon iftorlik qilib, faqatgina ramazon oyiga xos tungi ibodat – taroveh namozini ado etish uchun masjidlarga oshiqmoqda. Shu kunlarda jome’larda birin-ketin xatmi Qur’on yakunlanmoqda. Payg‘ambarimizning (s.a.v.) Qur’on xatmi yakunlangandan keyingi duolar ijobat bo‘lishi haqidagi hadislariga uyg‘un holda namozxonlar “bugun qaysi masjidda xatmi Qur’on yakunlanar ekan?” deya so‘rab, o‘sha masjidga shoshadilar.

Xorijdagi vatandoshlarimizga yurtimizda kechayotgan ramazon shukuhini ulashish maqsadida Toshkent shahridagi jome’ masjidlariga yo‘l oldik.

Poytaxtimizdagi “Rakat” jome’ masjidida ham har yilgidek Qur’oni karim xatmonasi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Masjid imom-xatibi Rabbimqul Muhammadiev:

— Alhamdulillah, Ramazonni sharifning 2-o‘n kunligi ibodatlarini ham yakunlash arafasida turibmiz. Bu yil hayit bayrami bilan istiqlol ayyomining birga nishonlayapmiz. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday fursat o‘ttiz yilda bir kelar ekan.

O’zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning shukuhli kunlarda masjidimizga tashrif buyurib, muruvvat oyi ramazonda iftorliklarni katta-katta restoranlarda dabdabali suratda emas, balki ixcham tarzda o‘tkazish, xayr-ehsonlarni kam ta’minlangan oilalar va mehribonlik uylariga tarqatish maqsadga muvofiq bo‘lishi, haqiqiy muhtojlarga ko‘rsatilgan ehson va marhamatlargina Alloh huzurida maqbulligiga dalolat qiluvchi oyat va hadislar bisyor ekanini ta’kidladilar.

Bugun masjidimizda ham Qur’oni karim xatmi o‘z poyoniga yetadigan kun. Duolar dargohi ilohiyda ijobat bo‘ladigan ushbu onlar barchamizga muborak bo‘lsin!

Namozxonlardan Mirahmad hoji ota:

— Sovetlar davrida bugungidek keng, yorug‘ va muhtasham masjidlar qayoqda, deysiz.. Taroveh namozlarini qo‘ya turing, hatto hayit namozlarini ham mozorlarda berkinib o‘qigan kunlarimiz bo‘lgan. Hozir birgina Toshkent shahrida yuzdan ortiq masjid bor. Bu kunlarga yetish ko‘pchilikka nasib etmadi. Mustabid tuzum tuzini totgan odam sifatida shuni aytamanki, bu kunlarning qadrini hech narsa bilan tenglab bo‘lmaydi!

Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome’ masjidining ko‘hna xonaqosini ta’mirlash ishlari bundan ikki yil oldin boshlangan edi. Fayzli Ramazon kunlarida qurilish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetdi. Masjid imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov:

— Mana, ulug‘ oyning ikkinchi o‘n kunligi – mag‘firat dahasini ham ibodatda o‘tkazmoqdamiz. Ushbu o‘n kunlikda ro‘zadorlarning gunohlari kechirilishi to‘g‘risida ko‘pgina hadislar vorid bo‘lgan. Gunohlardan poklangan qalb esa ezgulikka to‘ladi. Ezgulikka limmo-lim dillardan to‘kilgan duolar beshak ijobat bo‘lgay, inshaalloh!

Nu’mon Otaboyev