O’zbekning fe’li: Yaxshi niyat

Yaxshi niyat – yarim davlat. Xalqimiz ming yillarki ushbu purhikmat maqolga amal qilib keladi. O’zbek doimo bir-biriga ezgulik sog‘inadi, hatto dushmaniga ham yaxshilikni ravo ko‘radi. O’zbekning duosida, gap-so‘zida yaxshi niyat, hatto koyishida ham ezgu niyat limmo-lim bo‘ladi. O’zbek «baraka topgur», «og‘zing moydan chiqmagur», «eson bo‘lgur» deb koyiydi. O’tganlarni eslarkan, «xudo rahmat qilgur», «go‘rda orom olgur» deya yaxshi niyat qiladi.
O’zbek har bir amaldan yaxshilik qidiradi. Garchi o‘ziga yomonlik yetsa-da, o‘sha yomonlik ortidan kelgan ozgina ezgulik bilan-da ovunadi. U yaxshi niyat bilan mehnat qiladi. Bolalarim unib-o‘ssin, yaxshi ta’lim olsin, hayotda o‘z o‘rnini topsin, deydi. U nafaqat o‘z yaqinlariga, o‘zgalarga ham, hattoki hayvonotu o‘simlik larga ham mehr bilan ezgu niyat ulashadi.
Bir zamonlar mashhur olim otasidan erta yetim qolarkan. Otasi o‘lgandan so‘ng o‘z shahrida turolmay, o‘zga yurtga borib, madrasada talabi ilm bilan shug‘ullanibdi.
Ko‘p qiyinchiliklar bilan o‘qishni tamomlab, yana o‘z shahriga qaytibdi. Ot-ulovsiz piyoda yurib, bir necha kun deganda bir toqqa kelibdi. Bu joyda bir mo‘ysafid cho‘pon bilan uchrashibdi.
Tolib cho‘ponni darrov tanibdi. Cho‘pon o‘zini ko‘tarib katta qilgan, otasining qo‘yboqari ekan. Chol ham tolibni tanib: «Tushimmi, o‘ngimmi?» deb ko‘rishibdi. Darrov belbog‘idan ikkita non chiqarib, uni sut bilan mehmon qilibdi.
Tolib cho‘pondan:
— Bu qo‘ylar kimniki? — deb so‘rabdi. Chol:
— Bolam, bu qo‘ylarning hammasi sizniki, siz u yoqdali gingizda otangizdan qolgan mollar har kim ning qo‘lida qo lib edi. Otangiz hayot vaqtida yaxshi niyat bilan 200 qo‘yni sizga atab menga topshirgan edi. Bu qo‘ylar bolalab, hozir 700 dan oshdi. Otangizning vasiyatini o‘z o‘rniga qo‘yganim uchun xursandman, bu qo‘ylarni endi sizga topshiraman, — debdi.
Tolib bir kecha cho‘ponning uyida mehmon bo‘libdi. Ertasi qo‘ylardan ikki yuzini ajratib cholga beribdi: — Ota, dadamning yaxshi niyatlarini yerda qoldirmay, omonatini menga yetkazganingiz uchun tashakkur. Siz ham bola-chaqali odamsiz, mana bu qo‘ylarni xizmat haqingiz uchun oling!
Cho‘pon tolibdan juda xursand bo‘libdi. Shundan so‘ng, tolib qolgan besh yuz qo‘yni haydab bozorga olib ketibdi. Bu qo‘ylar juda semiz bo‘lgani uchun atrofini xaridorlar o‘rab olibdilar. Odamlar tolibdan: — Qo‘yingiz necha pul? — deb so‘raganlarida, tolib: — Men qo‘yimni yaxshi niyat bilan nasiyaga sotaman. Shu shart bilanki, pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar. Shu shartimga ko‘ngan kishi bittadan yetaklab olib ketaversin! — debdi.
Bozordagi odamlar darrov talashib, qo‘ylarni bittadan yetaklab olib ketibdilar. Shu kuni podshoning amaldorlari unga bu xabarni yetkazibdilar.
— Ey, podshohi olam, nima deysiz, bugun bozorga bir qalandarsifat yigit kelib besh yuz qo‘yni xalqqa yaxshi niyat bilan deb, nasiyaga tarqatib yubordi. Pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar, deb sizga o‘lim tiladi. Podshohim, sizning o‘limingiz bilan ham yaxshi niyat qilinadimi? — debdilar. Shunda podsho g‘azablanib:
— Boringlar, o‘sha qalandarni mening huzurimga hozir qilinglar, — deb buyuribdi. Amaldorlar darrov bozorga borib tolibning qo‘lini orqasiga bog‘lab, podshoning qoshiga olib kelibdilar, podsho qarasa, yoshligida birga o‘qigan do‘sti ekan. Podsho unga:
— Nima uchun shuncha qo‘yni xalq qa berib yubordingiz, mening o‘li mimga shunaqa rozimisiz? — deb di. Shunda tolib:
— Ey podsho him, men chakki ish qilganim yo‘q. Sizning podsho bo‘lganingizni eshi   tib, yaxshi niyat bilan qo‘y lar ni talatib yubor  dim. Shunday ham berib yuborishim mum kin edi. Bi roq ba’zi bir odam lar tekin moldan hazar qili shadi. Shuning uchun qo‘yning puli  ni podsho o‘l gan kuni berasizlar deb aytdim. Endi qo‘ylarni olib ketgan odamlar: «Ishqilib podshohimiz o‘lmasin. Podsho o‘lsa qo‘yning egasi pulini qistaydi», deb sizni duo qilib yurishadi, — debdi.
Tolibning bu donoligiga podshoning zavqi kelib uni o‘ziga vazir etib olibdi. Tolib esa vaqti kelib, buyuk olim bo‘lib yetishibdi.
Yaxshi niyat qilib murodiga yetganlar haqida xalqimizda minglab rivoyatlar yuradi. Zero, yomon niyat bilan hech kim maqsadga yetgan emas.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda kelishicha, «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam O’z Robbilaridan rivoyat qilib aytadilarki: «Albatta, Alloh yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi. So‘ngra o‘shani bayon qildi. Kim bir yaxshilikni qasd (niyat) etsayu, unga amal qilmasa, Alloh uni O’z huzurida barkamol bir yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni qasd qilib, amal ham qilsa, Alloh azza va jalla uni O’z huzurida o‘ntadan yetti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha marta ko‘p qilib yozadi. Agar bir yomonlikni qasd etsayu unga amal qilmasa, Alloh uni O’z huzurida bir yaxshilik qilib yozadi. Agar u (yomonlik)ni qasd qilib, amal ham qilsa, Alloh uni bir yomonlik qilib yozadi», dedilar». (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilgan.)
Har bir qilgan ezgu niyatimiz uchun Parvardigorimiz bittadan savob yozarkan, agar uni amalga oshirsak, 10 tadan 700 tagacha savob olarkanmiz. Shunday ekan, yaxshi niyat qilishda va uni amalga oshirishda bardavom bo‘laylik.

Davronbek TOJIALIYEV,
davronbek@vatandosh.com

Muallif olgan surat.